Xitoyning Fransiyadagi elchisi “TF1 info” fransuz kanaliga intervyu berdi. Bu odatiy voqeadek tuyulishi mumkin edi. Biroq, Xitoy elchisi o‘z intervyusida Ukrainadagi vaziyat va hududiy yaxlitlik masalasini muhokama qilar ekan, barcha sobiq sovet respublikalarining suvereniteti bilan bog‘liq shov-shuvli bayonot berdi.
U tom maʼnoda shunday dedi: “Sobiq SSSR mamlakatlari xalqaro huquqda samarali maqomga ega emas, sababi ularning suveren mamlakat sifatidagi maqomini belgilab beruvchi xalqaro bitim mavjud emas”.
Umuman olganda, Xitoy rasmiylari – hammamiz o‘rgangan Xitoy siyosati meʼyorlariga ko‘ra – so‘nggi paytlarda juda ko‘p gapirib yuborishdi.
Albatta, har qanday vaziyatda buni elchi ona tili bo‘lmagan tilda o‘z fikrini to‘g‘ri yetkazib bera olmagani bilan asoslash mumkin. Shunga qaramay, bir nechta qiziqarli jihatlarga eʼtiboringizni qaratishni istardim.
Birinchisi. Menga bir narsa juda qiziq – o‘ttiz yildan buyon og‘zidan ko‘pik sachratib G‘arbdan kelayotgan tahdidlar, bizni qul qilish va parchalab yuborish rejalari haqida gapirib kelayotgan media-faol idoraviy tahlilchilarimiz va “davlat amaldorlari” bu gapga qanday munosabat bildirishar ekan? Sharqdan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan – hududiy jihatdan bizga yaqinroq bo‘lgan – tahdid qanday qilib butunlay eʼtiborga olinmasligi mumkin. Hech bo‘lmaganda, jamoatchilik oldida Xitoy o‘zidan hech qachon hech kimni xafa qilmaydigan, yovuz G‘arbdan ranjigan tinchliksevar panda obrazini yasab oldi va umuman olganda, biz u bilan bir tarafdekmiz. Bu obraz mamlakatlarimizning baʼzan yaltoqlanishga moyil sadoqati bilan ham faol qo‘llab-quvvatlanadi.
Ikkinchisi. Elchining so‘zlariga Ukraina, Latviya, Litva va Estoniya tezkor munosabat bildirdi. Agar kimnidur yodidan ko‘tarilgan bo‘lsa — biz ham suvereniteti, elchining so‘zlariga qaraganda, munozarali hisoblangan o‘sha postsovet makonining bir qismimiz. Eslatib o‘taman, Eron dronlari haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekistonni Tojikiston bilan chalkashtirib yuborgan ukrainalik YouTube jurnalisti ustidagi munozaralardan keyin Tashqi ishlar vazirligimiz nihoyatda faollashib qolgan edi. Shu bois, diplomatning bayonoti yuzasidan Pekinning rasmiy pozitsiyasiga oydinlik kiritish maqsadida Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilarmikan yoki yo‘q – shunisi qiziq. Umuman olganda, qandaydir munosabat bildiriladimi?
Spoyler: Menimcha, yo‘q (adashgan bo‘lsam, bundan faqat xursand bo‘lardim). Darvoqe, elchini chaqirtirish yoki Xitoy tomoniga tegishli nota yuborish masalasi nafaqat bizga, balki Markaziy Oosiyonin boshqa barcha davlatlari – ayniqsa, Xitoy bilan umumiy chegaraga ega davlatlarga ham tegishli.
Uchinchisi. “O‘ylab ko‘ring, elchi intervyuda nimadir degan”, deya gap boshlaydigan, odatda, “ezgu niyatli ahmoqlar” deb yuritiladigan kishilar uchun bir narsani eslatib o‘taman. Zamonaviy Kreml imperialistik revanshizmi hatto elchilar darajasida ham emas, balki propaganda teledasturlarida, Dugin va Proxanov singari populist siyosatchilar va radikallar orasida yangraydigan shunga o‘xshash bayonotlar bilan boshlangan. Shunday ekan, bunday bayonotlar chiroyli sarlavhalar uchun emas va buning ustiga, tasodifan emas, balki imkoniyatlar chegaralarini sinab ko‘rish uchun qilinadi. Va agar ularga o‘z vaqtida munosib javob qaytarilmasa, bu aynan shu chegaralarning kengayishi sifatida qabul qilinadi.
To‘rtinchisi. Xitoy elchisi postsovet mamlakatlari haqida so‘z yuritmoqda. Shunisi qiziq, Rossiyaning o‘zi ham postsovet mamlakati hisoblanadi. Pekin uchun Moskva, ayniqsa, Putinning Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz sarguzashtlaridan so‘ng, teng huquqli hamkorlikdan oddiygina postsovet mamlakati maqomiga tobora siljib bormoqda. Shuning uchun, Kreml arboblari ham, agar ularda biroz bo‘lsada siyosiy instinkt qolgan bo‘lsa, qatʼiylashgani maʼqul.
Beshinchisi. Oxirgi o‘tgan bir yil davomida Markaziy Osiyo davlatlari mintaqadagi ichki jarayonlarda faolroq ishtirok etish, xalqaro maydonda o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va mintaqadan tashqari subyektlar bilan o‘zaro hamkorlikning umumiy tamoyillarini shakllantirish vaqti kelgani haqida bir nechta signal oldi.
Xitoyning xulq-atvori milliy xarakter, turmush tarzi, tarixiy kelib chiqishi va boshqalar kabi barcha o‘ziga xosliklaridan tashqari nimasi bilan har doim ajralib turadi? Xitoy hech qachon boshqalarning xatolarini takrorlamagan. U sovet Moskvasini ko‘rdi va teskarisini qildi, Putin Rossiyasini kuzatdi va teskarisini qildi, G‘arb sarguzashtlarini o‘rgandi va o‘zini ularga o‘ralashib qolishiga yo‘l qo‘ymadi.
Si Sinpinning muddatini nollashtirish va uni mamlakatning umrbod rahbariga aylantirish orqali Xitoy ko‘plab postsovet mamlakatlarining asosiy xatosini takrorladi.
Biroq, masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi nollashtirish global barqarorlik uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Ular faqat o‘sha mamlakatlarning rivojlanishiga tahdid soladi va ulardagi turg‘unlikni chuqurlashtiradi. Biroq, resurslar va imperialistik siyosat yuritish ambitsiyalariga ega bo‘lgan hukumat muddatini nollashtirish nimalarga olib kelishini Putin Rossiyasi misolida ko‘rdik. To‘g‘ri, bunday hukumat, avvalo, o‘ziga va o‘z mamlakatiga zarar keltiradi. Biroq, o‘zini-o‘zi yo‘q qilish asnosida, afsuski, qo‘shni mamlakatlardagi ko‘plab begunohlarni ham o‘zi bilan olib ketadi va Ukrainaning o‘t ichidagi fronti bizdan uzoqda bo‘lsa, Xitoy Markaziy osiyo mintaqasiga qo‘shni hisoblanadi.
Mintaqaning sharqida avj olayotgan tahdidni eʼtibordan chetda qoldirish yaramaydi. Albatta, Pekinga u qilmoqchi bo‘lmagan ishlarni yopishtirib (siyosatchilarimiz va ekspertlarimiz G‘arb bilan shunday qilishni yaxshi ko‘radi), oshirib yuborish ham kerak emas. Biroq, mintaqa sharqidagi keskin o‘zgarib borayotgan voqelikka ko‘z yumib bo‘lmaydi. Chunki agar yonimizda panda yashayotgan bo‘lsa, bu biz yoqimli videolarda ko‘rgan hayvonot bog‘idagi panda emas, balki yaxshi qurollangan, jismonan baquvvat, o‘ta shuhratparast va o‘zgaruvchan xalqaro munosabatlar tizimida xatti-harakatini oldindan bilib bo‘lmaydigan pandadir.
Jurnalist Ilyos Safarov:
Hozirda qator davlatlar tashqi ishlar vazirliklari Xitoy diplomatining ushbu tuturuqsiz bayonoti ortidan eʼtirozli munosabat eʼlon qilmoqda.
Jumladan, Estoniya, Latviya, Litva kabi davlatlar Tashqi ishlar vazirliklari mamlakatdagi Xitoy elchilari tushuntirish berish uchun chaqirilishini maʼlum qilgan.
Kecha ayni masala bo‘yicha munosabat bildirishini so‘rab O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyevga ham mikrofon tutdim.
Ammo diplomat savolga javob berarkan, Lu Shayning bayonotini hali eshitmagani, bu haqda o‘sha paytda men orqali xabar topib turganini bildirdi.
“Bu masalaga munosabat bildirishdan avval chuqur o‘rganib chiqishimiz kerak, hali bayonotning o‘zini ko‘rganim yo‘q“, dedi u (diplomatning bundan keyingi so‘zlari ham shu konteks atrofida aylangan).
Umid qilaman, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Sardor Rustamboyevning “noaniq pozitsiyada” va ehtiyotkorlik bilan bergan intervyusini mamlakatning yakuniy munosabati sifatida qoldirmaydi.
Vazirlik Xitoy diplomati tomonidan qilingan o‘ta hurmatsiz bayonotga nisbatan albatta javob berishi kerak. Javobda esa mamlakat mustaqilligiga nisbatan qilinadigan har qanday masʼuliyatsizlik qabul qilib bo‘lmas ekani aniq bildirilishi shart.
Chunki o‘zbekistonliklar uchun mustaqillik oliy qadriyat hisoblanarkan, bu qadriyat xalq irodasini ifoda etuvchi davlat munosabatida ham aks etishi kerak. Xalq irodasi aks etmagan munosabat yoki munosabatsizlik – bu endi plyuralizm emas.
Biz bilan bir davrda va bir xil sharoitda mustaqil bo‘lgan davlatlar hukumatlarining o‘z suverenitetiga qarata qilingan tuturuqsiz bayonotga jiddiy munosabat bildirayotgani, pozitsiya ko‘rsatayotganiga esa respest.
XXR TIV: Xitoy barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qiladi
Xitoy SSSR tarkibidagi sobiq ittifoqdosh respublikalar bo‘lgan barcha mamlakatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi. Bu haqda 24 aprel kuni Pekinda o‘tkazilgan brifingda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Nin maʼlum qildi. Mulozima Xitoy SSSR parchalanganidan keyin sobiq sovet respublikalari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan ilk mamlakatlardan biri bo‘lganini qayd etdi.
“Elchining mulohazalari Xitoyning rasmiy pozitsiyasini aks ettiradimi?” degan savolga TIV vakilasi “Pekinning rasmiy pozitsiyasi TIV izohida aks etgan”, deya javob bergan.
Internet foydalanuvchilari elchi intervyusi yozuvi Xitoyning Parijdagi elchixonasi rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalaridan yo‘qolib qolganiga ham eʼtibor qaratishgan.
Xitoy elchisining aytgan gaplari Yevropaning qator mamlakatlarida keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Latviya, Litva va Estoniya izoh berish uchun Xitoy vakillarini o‘z TIVlariga chaqirishdi. Lu Shayening mulohazalarini Chexiya, Italiya, Lyuksemburg, Moldova va boshqa mamlakatlar ham qoralab chiqishdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi Jozep Borrel esa Xitoy elchisining so‘zlari Pekinning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligiga umid bildirdi.
Borrelga ko‘ra, YEIga aʼzo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari dushanba kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Xitoy elchisining so‘zlarini ham muhokama qilishadi. U iyundagi sammitda Yevropa Ittifoqi Xitoy bilan munosabatlarni “qayta baholash”ini qayd etgan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi “Yashil makon” aksiyasi doirasidagi tadbirlar bilan band bo‘lsa kerak!!!