Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan vizasiz tartibni bekor qiladimi?

Rossiya axborot maydonida jamiyat kelisha olmaydigan yoki kelishishni istamaydigan bir qator mavzular bor. Natijada, bu muammolar hal qilinmaydi, aksincha kuchayadi. Masalan, “Rossiya shaharlarini, birinchi navbatda Moskvani bosgan” Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlarini nima qilish kerak?

Bu qo‘shnichilik, ayniqsa Moskvadagi irqiy tozalik zarurligi haqidagi fikrlarni namoyish qiladigan ko‘plab rus millatchilariga yoqmasligi sir emas. Ayniqsa “Lesoparkovoy” metro bekati nomini tojik va o‘zbek tilida ko‘rsatilgan eʼlonlar ularni g‘azab otiga mindirdi. Metropoliten rahbariyati bu qadam Saxarovoda joylashgan migratsion markaz tufayli amalga oshirilgan, deb ishontirmoqda. Eslatib o‘tamiz, u yerga Lesoparkovaya bekatidan muhojirlar to‘la mikroavtobuslar qatnaydi, lekin tanqidchilar buni titul millatning yana bir xo‘rlanishi, deb bong urmoqdalar.

Ammo ularning hoxishlari va shikoyatlari eng katta muammo emas. Muhojirlar ishtirokidagi rezonansli jinoyatlar (internetning rus segmenti ikki tojikistonlik tomonidan Moskva viloyatida pensioner ayolni zo‘rlash va o‘ldirishidan qaynab yotibti) har safar Markaziy Osiyo davlatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilish masalasini jonlantiradi. Vizasiz tufayli O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari Rossiyaga ishlash uchun bemalol keladi.

Viza rejimi, uning tarafdorlariga ko‘ra (bu ro‘yxatga nafaqat millatchilar, balki murakkab muammolarni tez hal qilishni yaxshi ko‘radiganlar ham kiradi) bir qator muhim muammolarni hal qiladi:

– shahardagi jinoyatchilik holatini kamaytiradi – axir ularning fikriga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi va Moskva hokimi statistikasi bo‘yicha poytaxtdagi barcha jinoyatlarning yarmidan ko‘pi muhojirlar tomonidan sodir etiladi;

– Markaziy osiyolik muhojirlarning bir qismini rus ishchilariga almashtiradi;

– muhojirlar oqimini nazorat qilish, jinoyatchilar, pedofillar, diniy oqim vakillari va Rossiyaga kerak bo‘lmagan boshqa mehmonlardan tozalash imkonini beradi …

Aslida, viza rejimi bu muammolarning hech birini hal qilmaydi. Qolaversa, yangisini yaratadi. Ichki ishlar vazirligining migrantlar haqidagi statistikasiga va hokimning so‘zlariga ishora qilayotganlar, gap nima haqida ketayotganligini aniqlab olishlari kerak.

Gap umuman barcha muhojirlar haqida bormoqda – ham ichki (norezident), ham tashqi (xorijiy). Jinoyat statistikasi shuni ko‘rsatadiki, 2019 yilda (kovidgacha bo‘lgan so‘ngi vaqt) Moskva hududida sodir etilgan 142 mingta jinoyatda MDH mamlakatlari fuqarolarining ulushi 5,5 mingni jinoyatni tashkil qilgan. Bu, 60% emas, 50%emas, balki 3,8%. Shu bilan birga, 2019 yilda poytaxtda bir milliondan ziyod MDH mamlakatlari fuqarolari yashagan – va bu shahar aholisining 4 foizi emas.

Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasida sodir etilgan jinoyatlarning atigi 2,9 foizi MDH fuqarolari (barcha fuqarolar, nafaqat markaziy osiyoliklar emas) hissasiga to‘g‘ri kelgan. MDH mamlakatlari fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida yashovchilar umumiy sonidagi ulushi esa 2,9%dan ancha ko‘p. Qolaversa, muhojirlar orasida eng keng tarqalgan jinoyat og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar emas, balki hujjatlarni qalbakilashtirishdir.

Oddiy statistika va matematikaga murojaat shuni ko‘rsatadiki, MDH fuqarolari Rossiya Federatsiyasi fuqarolari bilan solishtirganda foiz hisobida rossiyaliklarga qaraganda qonunga ko‘proq bo‘ysunadilar. Bu ajablanarli emas, chunki oddiy tojik yoki o‘zbek Moskvaga pul topish uchun keladi va hokimiyat vakillari bilan muammo bo‘lishini istamaydi.

 Mehnat migrantlaridan keyin bo‘sh qolgan ish o‘rinlari hisobiga mahalliy ruslarni ish bilan taʼminlash masalasiga kelsak, bu muhim masala va tegishli qaror qabul qilinishini talab qiladi. Hukumat rossiyaliklarni ish bilan taʼminlashi, keyin esa MDH davlatlari fuqarolariga qanday qilib pul topishi uchun ruxsat berish haqida o‘ylashi kerak. Biroq, xukumat mehnat kuchini bir mintaqadan ikkinchi mintaqaga tranzit qilish bo‘yicha samarali tizimni tashkil qila olmaydi. Faqatgina baʼzi (o‘zicha aqlli) odamlarning xayollarida, Tver viloyatining Vasyukino qishlog‘ida yashovchi odamni olib, uni Moskvada farrosh qilib qo‘yish mumkin.

❗️ Aslida, bu uchun arzon va sifatli ijaraga beriladigan uy-joy fondi kerak (uni qurish kerak), rossiyalik fuqaro ishlashga rozi bo‘ladigan yuqori ish haqi fondi (bu uchun ish beruvchilarni o‘rgatish va soyadagi sxemalardan chiqarish kerak), shuningdek, odamlarda mehnat madaniyati va mehnat etikasini shakllantirish kerak. Bularning hech biri hozir Moskva miqyosida yo‘q, shuning uchun ish beruvchilar intizomli, talabchan bo‘lmagan va asosiysi ichmaydigan Markaziy Osiyoning aholisini yollaydilar, hatto bu mehnat bozorida bunday odamlar etarli bo‘lmaganidan norozi ham bo‘lishadi. Ayniqsa, umumiy ovqatlanish, qurilish, transport va logistika tarmoqlari zarar ko‘radi. Bu vaziyatda migrantlar tomonidan egallanmagan bo‘sh ish o‘rinlari viloyatlardan kelgan ruslar tomonidan ommaviy ravishda to‘ldirila boshlangani ko‘rinmayapti.