Qirg‘izistondagi siyosiy zilzilaning epitsentri Bishkekdan mamlakat janubiga — O‘sh shahriga ko‘chdi. Prezident Sadir Japarov «janubiy poytaxt» xokimini almashtirdi. Kutilganidek, sobiq xokim Jenishbek Toktorbayev «o‘z xohishi bilan» ariza yozdi. Uning o‘rniga Jo‘qorg‘i Kengesh deputati, yosh va faol siyosatchi Janar Akayev tayinlandi. Xo‘sh, bu kadr almashinuvining parda ortida nima bor va bu O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?
«Tashiyev izlari» o‘chirilmoqda
Siyosatda tasodiflar bo‘lmaydi. Sobiq xokim Jenishbek Toktorbayev yaqindagina isteʼfoga chiqarilgan qudratli general Qamchibek Tashiyevning sinfdoshi edi. Tashiyev ishdan olingach, uning jamoasiga nisbatan “tozalash” ishlari boshlandi. Parlament spikeridan tortib, kuchishlatar tizimlar rahbarlarigacha almashdi. Endi navbat O‘sh shahriga keldi.
General isteʼfodan so‘ng qisqa muddat vatanga qaytdi, ammo hech qanday bayonot bermay, jimgina yana xorijga chiqib ketdi. Bu uning siyosiy kurashsiz taslim bo‘lganini anglatadi.
«Shimol va Janub» muvozanati
Qirg‘iziston siyosatida har doim “Shimol” (Bishkek, Talas, Issiqko‘l) va “Janub” (O‘sh, Jalolobod, Botken) klanlari o‘rtasidagi muvozanat muhim bo‘lgan. Tashiyev (janub yetakchisi) ketgach, ayrim ekspertlar «Janub eli norozi bo‘lmaydimi?» degan xavotirni bildirgan edi. Prezident bu xavotirlarni yo‘qqa chiqarish uchun aqlli yurish qildi. U O‘shga “bishkeklik” kadrni emas, balki asli o‘shlik, xalq orasida tanilgan va nisbatan liberal siyosatchi Janar Akayevni tayinladi. Japarov shu orqali: «Men janubni chetlatmayapman, men faqat eski jamoani yangi, zamonaviy kadrlarga almashtiryapman», degan signalni berdi.
O‘sh shahri — O‘zbekiston bilan chegaradosh, aholisining katta qismini o‘zbeklar tashkil qiladigan strategik hudud. Biz uchun bu o‘zgarishlarning 3 ta muhim jihati bor:
a) Chegaradagi barqarorlik:
Avvallari hokimiyat ikkiga (Japarov va Tashiyevga) bo‘lingan paytda, chegara va suv masalalarida kelishuvlar baʼzan qiyin kechardi. Endi hokimiyat yagona markazga (Japarovga) bo‘ysunadi. «Vertikal boshqaruv»ning tiklanishi — Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi kelishuvlar (masalan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li yoki savdo loyihalari) tezroq va to‘siqlarsiz amalga oshishini taʼminlaydi.
b) Iqtisodiy pragmatizm:
Yangi xokim Janar Akayev — “silovik” (kuch ishlatar tizim vakili) emas. U ko‘proq so‘z va siyosat odami. Bu O‘shdagi tadbirkorlik muhiti, jumladan, o‘zbek tadbirkorlari bilan hamkorlik uchun “yumshoqroq” va qulay muhit yaratilishiga umid uyg‘otadi.
v) Millatlararo totuvlik:
Japarov o‘z intervyusida «Davlat siyosati hududchilikka bo‘linmasligi kerak» deb qatʼiy aytdi. O‘shda siyosiy intrigalarning kamayishi — u yerdagi etnik o‘zbek aholisi uchun ham tinchlik va xotirjamlik kafolatidir.
Xulosa o‘rnida
Qirg‘izistondagi voqealar — bu shunchaki kadrlar o‘yini emas. Prezident Japarov mamlakatni “qo‘shhokimlik”dan xalos qilib, boshqaruvni to‘liq o‘z qo‘liga oldi. O‘zbekiston uchun esa eng muhimi — qo‘shni uyida tinchlik bo‘lishi. O‘shdagi boshqaruvning “generallar”dan “siyosatchilar” qo‘liga o‘tishi — mintaqaviy iliqlik uchun yana bir imkoniyat bo‘lishi mumkin.