AQSh: Rossiyaning geosiyosiy taʼsiri tushib bormoqda

3-qism

Yangi Amerika xavfsizligini o‘rganish markazi (Center for a New American Security (CNAS) huzuridagi “Brussel Sprouts” podkastida postsovet hududida yaqinda ro‘y bergan voqealar va ularning Rossiya uchun ahamiyati xususida ikki nafar ekspert: Xalqaro inqiroz guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Olga Oliker hamda Karnegi markazining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha dastur katta ilmoy xodimi va AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha sobiq direktori Pol Stronski ishtirokida fikr-mulohazalar bildiriladi.

Quyida ushbu podkast bayoni qisqartirilgan holda havola qilinmoqda.

Boshlovchilar: Rossiya qaysidir maʼnoda Xitoyning mintaqadagi iqtisodiy taʼsiri o‘sishi bilan bog‘liq cheklovlar yoki uning muqarrarligiga rozi bo‘lyaptimi? Va u bu holni AQSh yoki Yevropa Ittifoqining mintaqadagi taʼsiridan ko‘ra boshqacharoq qabul qilyaptimi? Moskva Xitoy bilan Turkiyani hamkorlik va kelishmovchiliklarni bartaraf qila oladigan sheriklar deb biladimi?

Olga Oliker: Nazarimda, Moskva Xitoyga uzoq istiqboldagi potensial xavf va muammo, ammo yaqin istiqboldagi juda foydali sherik sifatida qarashga moyil. Rossiya Turkiya uzoq istiqbolda o‘ziga real tahdid solishiga ishonmaydi. Turklar o‘z tarafidan Rossiyaga ham hamkorlik, ham kelishmovchiliklar uchun joy sifatida ikki xil munosabatda bo‘lmoqda: “Munosabatlarimiz yaxshi, kelishmaslikka kelishamiz, baʼzan o‘zaro raqobat ham qilamiz. So‘ngra qaytib, boshqa masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishamiz, bu juda yaxshi ish beryapti”.

Pol Stronski: Birdan-bir qo‘shimcha qilmoqchi bo‘lgan narsam shuki, ushbu mamlakatlarning hech biri – na Turkiya va na Xitoyning mintaqani o‘zgartirish bo‘yicha biror dasturi yo‘q. Ular boshqaruv tizimini o‘zgartirishga intilayotgani ham, G‘arb mamlakatlari so‘rayotgan narsalardan birortasini iltimos ham qilayotgani yo‘q. Biroq Markaziy Osiyodagi savdo-sotiq va investitsiya oqimlari tobora Xitoy tomon mo‘ljal olmoqda. Xitoy Janubiy Kavkaz mamlakatlarida Turkiya bilan birga yetakchi savdo sheriklari uchtaligiga kiradi. Pekinning Ukrainadagi roli ham oshib bormoqda, Belarusda esa bu taʼsir iqtisodiy sohada ham kamroq. Shuning uchun buni uzoq muddatli siljish deb atash mumkin. Ammo Rossiya bilan Xitoyning mintaqadagi barqarorlikni saqlab qolish borasidagi urinishlarida qandaydir umumiy manfaatlari bor.

Boshlovchilar: Ayni paytda rossiyaliklar Moskvaning tashqi siyosatini qanday baholamoqda? Ayrim so‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning taxminan 70 foizi mamlakatdagi turg‘un iqtisodiy ahvolni hisobga olib, Kreml tashqi siyosatga kamroq aralashsin va kamroq pul sarflashi kerak, deb hisoblaydi.

Olga Oliker: Bu masalada rossiyaliklarning fikrlari turlicha. Rossiyaliklar o‘yinda qatnashib turishi shart deb, hisoblaydigan tafakkur maktabi borligi aniq: “biz o‘yinda qatnashishni istaymiz va o‘yinda qatnashishimiz shart. Biz buyuk davlat bo‘lishni xohlaymiz”. Yana bir tafakkur maktabiga ko‘ra, xavfsizlik mamlakatning o‘zidan boshlanadi, munosib taʼlim, sog‘liqni saqlash tizimi, yangi yo‘llar va hk. kerak bo‘ladi. Garchi turli nuqtai nazarlar mavjud bo‘lsa-da, umuman olganda, rossiyaliklar ham boshqa singari tashqi siyosat avantyurasiga – agar ular oddiy xalqqa to‘g‘ri taqdim etilsa – berilishi mumkin. Garchi Rossiyaning Belarusda harbiy amaliyot o‘tkazishini (mabodo u javob amaliyoti bo‘lmasa) tasavvur qilish qiyin bo‘lsa-da, rossiyaliklar bunaqa masalalarda norozilik namoyishlariga chiqmaydi. Ular iqtisodiy masalalar bo‘yicha norozilik bildiradi.

Pol Stronski: Rossiya Armaniston bilan Ozarbayjonga tinchlikparvar otryadlarni jo‘natishi mumkin, ammo tiklash va rekonstruksiya, minalardan tozalash va barqarorlikni taʼminlash ishlariga ko‘p pul sarflashi dargumon. Rossiyaliklar odamlar orasida ehtimol tutilgan qurbonlar soni ortishi – tobutlar ko‘payib ketishidan xavotirda. Bu tashqi siyosat sohasidagi qadamlarni cheklayotgani aniq. Rossiya bundan keyin tashqi siyosat maqsadlari uchun hozir sarflayotganidan ko‘ra ko‘proq pul sarflaydi, deb o‘ylamayman.

Boshlovchilar: G‘arbning ittifoqchi mamlakatlari ro‘y berayotgan voqealarga qanday munosabat bildirmoqda?

Olga Oliker: Yevropa mamlakatlari Rossiya bilan Turkiya munosabatlari darajasi, shuningdek, YEXHT jarayoni to‘xtab qolganiga bir oz xavotir bilan qaramoqda. Yevropa Tog‘li Qorabog‘da faqat rekonstruksiya ishlariga yordam berishi mumkin. Biroq YEI jarayonda qatnashayotgani yo‘q. Shu o‘rinda Belarusga nisbatan sanksiya qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotgan paytda Rossiya bilan hamkorlik qilish mumkinmi, Rossiya bilan munosabatlarda umumiy taranglik mavjudmi, degan savol tug‘iladi. Bryusseldagi yoki Yevropaning boshqa mamlakatlari poytaxtlaridagi bir oz vaqt oldin, to‘g‘risi, Tog‘li Qorabog‘ bilan shug‘ullangan, ammo Armaniston va Ozarbayjon bilan shug‘ullanmagan siyosatchilarning hafsalasini nima pir qilmoqda? Nazarimda, ular mojaro uzoq davom etadi, hech kim hech ish qilishi kerak emas, bu – normal holat, deb o‘ylagan. Lekin endi vaziyat butunlay o‘zgarib ketdi va o‘sha siyosatchilarning nima qilishni bilmay boshi qotib qoldi.

Boshlovchilar: AQShning mintaqadagi roli qanday bo‘lishi kerak? Qo‘shma Shtatlar Tog‘li Qorabog‘ masalasida butunlay chetga chiqib qoldi. AQSh bilan YEI Belarusdagi vaziyatda ham arzimagan rol o‘ynadi. Qo‘shma Shtatlarning imkoniyati bormi o‘zi?

Olga Oliker: Tog‘li Qorabog‘ – Rossiya bilan hamkorlik qilish imkoniyati. Tan olish kerakki, Rossiya barcha manfaatlariga mos keladigan ishni bajardim, desa bo‘ladi. Belarusda beloruslarning o‘zidan o‘rnak olish kerak – G‘arbning bir qismi bo‘lmoqchimiz, deb aytayotgani yo‘q. Ular Lukashenkodan qutulmoqchi, lekin mojaroda Vashington yoki Moskvaga yon bosayotgani yo‘q. Rossiyaning, bularning bari Vashington bilan Moskva o‘rtasidagi kurash oqibati, qabilidagi bahonalarini qo‘llab-quvvatlamaslik foydaliroq bo‘lur edi. Yaʼnikim, tomonlarning birortasini tanlashga majbur qilmay turib, Moldovadagi singari bevosita Sharq yoki G‘arbga taalluqlilikni pisanda qilmay, o‘ziga xos texnokratik shaklni rag‘batlantirib, ko‘mak berish mumkin. Biz ushbu mamlakatlar hech qaysi tomonga siljiy olmasligini, Rossiya ham siljimasligini tushunib olishimiz shart. Binobarin, ular modus vivendi[1]ni topa bilishi kerak.

Pol Stronski: Markaziy Osiyoni olib ko‘raylik. U yerga Qo‘shma Shtatlardan yetib borish uchun 2 kun kerak bo‘ladi. Mintaqa Qo‘shma Shtatlardan juda uzoq, savdo-sotiq va insoniy muloqotlarimiz juda cheklangan. Fikrimcha, Amerika bilan Rossiya yoki AQSH bilan Xitoy o‘rtasidagi yomon munosabatlar triangulyatsiyasi – uch burchagi ushbu mamlakatlarning ko‘pchiligiga zarar keltirayotgani aniq, ular qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda manyovr qilishga majbur. Lekin O‘zbekiston bilan Qozog‘istonni, ularning mintaqada yetakchi bo‘lish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash ham mumkin.