Xitoy atrofidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat

Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va global strategik tadqiqotlar instituti eksperti Chjan Sze Xitoy atrofidagi xavfsizlik sohasini tavsiflovchi munosabatlarning 4 ta turi va 3 ta dolzarb muammosi haqida yozadi. Uning fikricha, yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning 4 ta turi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: Xitoy bilan Amerika, Xitoy bilan Hindiston, Xitoy bilan Rossiya va Xitoy bilan Yaponiya munosabatlari. 3 ta “qaynoq” muammoga esa Janubiy Xitoy dengizidagi, Koreya yarim orolidagi va Xitoy bilan Hindiston chegarasidagi vaziyatlar kiradi.

Ekspert yozishicha, Xitoy atrofidagi xavfsizlikka oid vaziyat o‘rta istiqbolda muayyan darajada mavhum va beqaror bo‘ladi. Mintaqadagi tartib AQShning Hind va Tinch okeanlari bo‘yicha strategiyasi va “Xitoy rejasi” deb ataluvchi omil o‘rtasidagi qarama-qarshilik bilan tavsiflanadi; mintaqadagi eski va yangi muammolar goh kuchayib, goho susayib turadi; mintaqaning boshqa mamlakatlari Xitoy bilan AQSHdan birortasini tanlashdan qochishga harakat qiladi. Bu Xitoydan mintaqada muloqot va kommunikatsiyani mustahkamlash uchun diplomatiya saʼy-harakatlarini kuchaytirish, ko‘p darajali mintaqaviy mexanizmlarni rivojlantirishni talab etadi. Ayni choqda Xitoyga yondosh hududlarda uzoq muddatli barqarorlikni saqlash maqsadida mamlakatning suv hududidagi mojarolar bilan bog‘liq inqirozlarni boshqarish alohida ahamiyat berish zarur.

Xitoy bilan Amerika munosabatlari keng qamrovli strategik bosqichga kirdi

AQSh 2020 yildan beri Xitoyga nisbatan barcha sohalardagi bosimni kuchaytirdi. Qo‘shma Shtatlar mintaqa darajasida yangi mintaqaviy tartib o‘rnatish, Xitoyni tiyib turish va o‘zining mintaqadagi hukmronligini saqlab qolish uchun “Hind va Tinch okeanlari bo‘yicha strategiya”ni olg‘a surishni davom ettirmoqda. AQSh mafkura nuqtai nazaridan Xitoyning siyosiy tizimi va kommunistik partiyasiga hamla qilish uchun epidemiya avj olib ketishini siyosiylashtirmoqda hamda Xitoy hukumati va JSST vaqtida xabar bermagani uchun pandemiya kelib chiqqanini iddao qilmoqda. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar Xitoyning ichki ishlariga aralashish uchun Tayvan, Honkong, Shinjon va Tibet bilan bog‘liq masalalardan foydalanmoqda. AQSh xavfsizlik sohasida mintaqadagi “tarmoqli” xavfsizlik arxitekturasini yaratish uchun Yaponiya, Hindiston va Avstraliyaga tayanmoqda.

2020 yil sentyabrida Yaponiyada vazirlar darajasidagi “to‘rt tomonlama muloqot” chog‘ida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo NATOning Hind va Tinch okeanlaridagi muqobilini yaratishni taklif qildi. Garchi ushbu taklifga Yaponiya, Hindiston va Avstraliya oshkora javob qaytarmagan bo‘lsa-da, 4 ta mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotir. AQSh iqtisodiyot sohasida 2019 yili “Blue Dot Network” tashabbusini ilgari surdi, 2020 yilda esa “Iqtisodiy taraqqiyot tarmog‘i”ni ishga tushirdi. Ikkala tashabbus ham infratuzilmadan tortib, sanoat zanjirlari, yetkazib berish zanjirlari hamda ishlab chiqarish va sotish zanjiriga qadar Xitoy bilan raqobatni kengaytirishga qaratilgandir. Ekspert fikricha, ushbu tashabbuslarning pirovard maqsadi AQSh boshchiligidagi Xitoysiz yangi mintaqaviy iqtisodiy tartibni shakllantirishdir.

Yuqorida zikr etilgan strategiyani amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Mayk Pompeo 2020 yili nafaqat bir qator mintaqaviy platformalardan foydalandi, qolaversa, Xitoyga qarshi ittifoq tuzish uchun Osiyo mamlakatlartiga safar ham qildi. Yangi davlat kotibi Entoni Blinken ittifoqchilari (Janubiy Koreya, Avstraliya va Filippin) bilan telefon orqali suhbatlashdi hamda suhbat davomida AQShning zikr etilgan ittifoqchilari “Hind va Tinch okeanlari bo‘yicha strategiya” doirasida mintaqadagi tartibni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim rol o‘ynashini qayd etdi.

Amaliy natijalar haqida gap ketganda, shuni ta’kidlash joizki, xitoylik ekspert fikricha, AQShning Hind va Tinch okeanlari strategiyasida aniq ko‘zga tashlanuvchi nomutanosiblik mavjud. Bir tarafdan, AQShning Tinch okeani g‘arbidagi harbiy hozirligi bo‘ladimi yoki ittifoqchilarga tayangan xavfsizlik tarmog‘i bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, AQSh hamma joyda shu kunga qadar mintaqaviy xavfsizlik masalasida ancha-muncha ustunlikka ega. Lekin boshqa tarafdan, garchi AQShning iqtisodiy siyosati yangiliklarga to‘la bo‘lsa-da, u hali ham katta amaliy natijalar berayotgani yo‘q. Ko‘pchilik hollarda bu Tramp ma’muriyatining asosiy e’tiborni “Avvalo Amerika” va hamma qarshi “savdo urushi”ga qaratayotgani bilan bog‘liq. Xitoy bundan farqli o‘laroq, ijobiy iqtisodiy o‘sishga erishish barobarida, asosan, mintaqaviy, hatto global iqtisodiy oyoqqa turib olishga qattiq turtki bergani ortidan qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi iqtisodiy va investisiya munosabatlarini saqlab qola bildi.

Xitoy bilan Rossiya munosabatlarining jadal sur’atlari saqlanib qolmoqda

2020 yilda oliy darajadagi Xitoy bilan Rossiya munosabatlari rivojlandi. Tomonlar keng miqyosli masalalar bo‘yicha jadal hamkorlik qildi. Xitoy bilan Rossiyaning xalqaro masalalar borasidagi strategik hamkorligi qalinlashib bormoqda. 2021 yil boshida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bayonot berib aytganiday, Xitoy bilan Rossiyaning strategik hamkorligi tugab borayotgani yo‘q, unda taqiq hududi mavjud emas, ushbu hamkorlikning yuqori chegarasi ham yo‘q. Ayrim olimlar ham ta’kidlashicha, AQShning agressiv tiyib turish siyosati oldida Rossiya bilan Xitoy o‘rtasida “elkama-elka” turishni tanlash zarur bo‘ladi.

Ayni damda, muallif fikricha, so‘nggi yillarda Rossiyaning Xitoyga nisbatan niyatlari va Xitoy bilan Rossiya munosabatlaridagi nomutanosiblik Xitoy Rossiyaga nisbatan ehtiyotkorlik bilan siyosat yurgizishini taqozo qiladi, deb yozadi Chjan Sze. Rossiya Xitoy Amerika bilan Rossiya qarama-qarshiligida faol ishtirok etishini istaydi. Shu bilan birga, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi milliy qudratni rivojlantirish, diplomatiya istiqbollari, iqtisodiy va savdo-sotiq hamkorligi singari sohalardagi nomutanosiblik ortib bormoqda, Rossiyaning jahon iqtisodiyoti va global boshqaruvdagi mavqei barcha yo‘nalishlar bo‘ylab pasayib ketayotir. Rossiya bilan hamkorlikda tarixiy tajribadan kelib chiqib, ittifoq tuzish, qarama-qarshi siyosat yurgizish va uchinchi tomonga qarshi blok tashkil etishdan qochish kerak bo‘ladi.

Xitoy bilan Yaponiya munosabatlari barqaror bo‘lib qolmoqda

Yaponiyaning tashqi siyosatiga, epidemiya ta’sir qilgani va hukumat almashganiga qaramay, asosan, Xitoy bilan Amerikaning strategik qarama-qarshiligi (“o‘yini 博弈) ta’sirida tuzatishlar kiritildi. Xitoy bilan Yaponiya munosabatlari 2019 yildan beri hozirga qadar yaxshi holatda saqlanib qolmoqda. Shunga qaramay, Yaponiyaning Xitoyga qaratilgan siyosatida o‘ziga xos “dualizm” mavjud. Bir tarafdan, Xitoy bilan Yaponiya o‘rtasida “Xitoy bilan Yaponiya munosabatlarining yangi davri”ni barpo etish bo‘yicha siyosiy murosa saqlanib qoldi va Yaponiya bosh vaziri Naoto Kan Xitoy kabi qo‘shni mamlakatlar bilan barqaror munosabat o‘rnatishga intilajagini oshkora aytdi. Boshqa tarafdan, Xitoy bilan Yaponiyaning mafkura sohasidagi xavfsizlik bilan bog‘liq qarma-qarshiligi prinsip jihatidan o‘zgargani yo‘q. Tomonlar o‘rtasida Janubiy Xitoy dengizidagi Dyaoyuydao orollari bo‘yicha tortishuvlar mavjud, shuningdek, Yaponiyadagi Xitoyga nisbatan jamoatchilik fikri yomonlashib bormoqda, ayni hol Xitoy bilan Yaponiya munosabatlaridagi uzoq muddatli strukturaviy ziddiyatlardan dalolat beradi. Yaponiya hozir ham xavfsizlik masalalarida AQShga tayanadi, ammo Tokio iqtisodiyot sohasida Xitoyga nisbatan muvozanatlangan siyosat yurgizishga intilmoqda. Lekin umuman olganda, hali ham AQShga qarab mo‘ljal olish Xitoy bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlikka intilishdan ustun kelmoqda.

Xitoylik ekspert fikricha, AQShning sa’y-harakatlariga qaramay, Yaponiya Xitoyga qarshi bevosita ig‘vo uyushtirishdan tiyilishga harakat qilmoqda. Bu Pompeoning “to‘rt tomonlama muloqot”ni “NATOning Hind va Tinch okeanlari varianti” mexanizmiga aylantirish taklifiga oshkora munosabat bildirilmaganida yaqqol ko‘zga tashlandi. Lekin shu bilan birga, Yaponiya Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda. Shu jumladan, rasmiy Tokio harbiy va diplomatik sohalarda Hindiston va Avstraliya bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda, shu tariqa u Xitoy va AQSh o‘rtasidagi strategik raqobatda uchinchi asosiy kuch bo‘lishga harakat qilayotir. Yaponiya Amerikaning yetakchiligi o‘rnini bosish hamda yangi ko‘p qutbli tizim yaratish yo‘lida “Hind va Tinch okeanlari bo‘yicha strategiya”ni barpo qilish uchun boshqa demokratik mamlakatlar bilan birlashishi kerak bo‘ladi.

Xitoy bilan Hindiston munosabatlari jiddiy tarzda yomonlashdi

2020 yilda Xitoy bilan Hindiston o‘rtasida munosabatlar o‘rnatilganiga 70 yil to‘ldi, biroq turli-tuman chegara mojarolari ta’sirida ikki tomonlama munosabatlar 1962 yildan beri eng past darajaga tushib qoldi. Bugun Hindiston Xitoyga nisbatan qattiqqo‘l siyosat yurgizmoqda. Xitoy bilan Hindiston o‘rtasidagi chegara mojarosidan so‘ng Hindistonda aksil-xitoy kayfiyati ko‘tarilib ketdi. Xitoyga nisbatan jamoatchilik fikri butunlay salbiylashdi. Boz ustiga, Hindistonda Xitoy tovarlariga boykot e’lon qilish kampaniyasi keng yoyildi. Norendra Modi hukumati iqtisodiyot, savdo-sotiq va investisiyalar sohasida Xitoydan uzoqlashishga intilmoqda, chet el investisiyalari siyosatini o‘zgartirish yo‘li bilan Xitoy investisiyalarini cheklamoqda.

Hindiston mintaqa darajasida to‘rt tomonlama muloqotga (AQSh – Yaponiya – Hindiston – Avstraliya) faol qo‘shilmoqda. Shulardan eng ko‘zga tashlanadiganlar sifatida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin: Hindiston bilan Avstraliyaning 13 yillik tanaffusdan so‘ng qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarga qaytishi; Hindiston, AQSh va Avstraliyaning harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazishi va hk. Hindiston “to‘rt tomonlama muloqot” doirasida zikr etilgan mamlakatlar bilan xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarini yaxshilab oldi. Ular orasida Hindiston bilan AQSh o‘rtasida 2020 yil oktyabrida “Almashuv va hamkorlik bo‘yicha bazaviy bitim” (BECA) imzolangani natijasida Hindiston bilan AQSh ittifoqchilik munosabatlariga erishganini alohida qayd etish joiz.

Umuman olganda, muallif quyidagi xulosalarga keladi:

Xitoy bilan AQShning strategik qarama-qarshiligi uzoq muddatli ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Aksariyat hollarda ushbu munosabatlar Xitoy atrofidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanish yo‘nalishini belgilab beradi.

Rossiya Xitoyning eng yirik qo‘shnisidir. Hozirgi kunda uning Xitoyga nisbatan ta’siri Shimoli-sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyoda jamlangan, ayni choqda uning Janubi-Sharqiy Osiyo ishlaridagi ishtiroki nisbatan cheklangandir.

Yaponiya Xitoy bilan Amerika qarama-qarshiligida uchinchi kuch hisoblanadi. Xitoy bilan Yaponiya munosabatlari ham ikki tomonlama, ham mintaqa darajasida juda murakkab. Bu yerda ham ziddiyat, ham hamkorlik bor. Ushbu vaziyatda, deya ta’kidlaydi Chjan Sze, Xitoy parallel ravishda hamkorlik uchun imkoniyatlar axtarishi barobarida Yaponiya tashabbuslariga qattiq ahamiyat berishi zarur bo‘ladi.Xitoy bilan Hindiston chegarasidagi mojaro rasmiy Dehli Xitoyni strategik sherik deb bilishini o‘zgartirib yubordi hamda Hindistonning Hind va Tinch okeanlari bo‘yicha strategiya tomon yuz burishiga qulay sharoit yaratib berdi. AQSh bunga erishish va Xitoyga qarshi to‘laqonli yarim aylana tashkil qilishga anchadan beri urinib kelayotgan edi.