Pandemiya davridagi eng himoyasiz qatlam bu muhojirlardir

2009-yildan 2018-yilgacha  Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar xorijdagi pul jo‘natish tizimlari orqali Rossiyadan 141,4 milliard dollarni vatanlariga jo‘natishgan. 

Pul jo‘natmalarining 30 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Koronavirus pandemiyasi jahon inqirozi katalizatoriga aylandi, Sobiq ittifoq davlatlari hududidan Rossiyaga ish izlab kelgan mehnat muhojirlari karantin choralari joriy etilgandan so‘ng juda qiyin vaziyatga tushdi. Rossiyada koronavirusga chalinganlarning soni 326 ming kishidan oshib ketdi

Virusdan kasallanganlar ichida mehnat muhojirlari kam emas. Ular orasida o‘lim holatlari ham bor. 

Rossiya hukumati migrantlarga patent rasmiylashtirish, ishlashga ruxsatnomalarni uzaytirish va boshqa byurokratik muammolarni hal qilishni yengillashtiruvchi qaror qabul qilganiga qaramay muhojirlar eng himoyasiz qatlamga aylandi.

Ishsiz haftalar va o‘zini izolyatsiya qilish rejimi tufayli, migrantlarning jamlab qo‘ygan pullari tugamoqda, chegaralar yopiqligi sabab esa vatanga qaytish ko‘pchilik uchun imkonsiz.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hukumat pandemiya vaqtida muhojirlarga hujjatlarni rasmiylashtirish va patent to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar taqdim etayotganini aytib o‘tdi.

“Mehnat migratsiyasiga hech qanday cheklovlar joriy qilmadik. Biz uyiga yuborilishini xohlagan odamlarning yagona muhojirlar guruhi bu – Rossiya Federatsiyasida bo‘lish qoidalarini qo‘pol ravishda buzganlar” – Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Rossiya migrantlar Federatsiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatdagi muhojirlarning 10 foizi allaqachon tirikchiliksiz qolishgan. Bu deyarli yarim million kishi – bu o‘rtacha Rossiya mintaqaviy markazining aholisi. 

Bundan mehnat muhojirlari orasida kriminogen va epidemik xavfning o‘sishini taxmin qilish mumkin.

39 ming muhojir vatanga qaytarildi

Avvalroq Prezident matbuot xizmati koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha ayrim raqamlarni maʼlum qilgan, ular orasida xorijdagi o‘zbekistonliklarga aloqador maʼlumotlar ham bor edi

“Hozirgi kungacha xorijdan 39 ming nafar yurtdoshlarimizni olib keldik. Tashqarida og‘ir ahvolda qolgan yana 12 ming nafar fuqaromizga tegishli yordam ko‘rsatib, ularni yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda”deya iqtibos keltirildi Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan.

Rossiyada karantin sababli minglab muhojirlar tang vaziyatda qolishgan. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi vatanga qaytishni istagan muhojirlar uchun charter reyslarga ro‘yxatga olish va jo‘natish ishlarini tashkillashtirgan.

Ammo konsullik vakillariga ko‘ra, vatanga qaytishni istagan “hammani qaytarishning imkoni yo‘q”.

“Bugungacha 70 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar ro‘yxatga yozilishgan, bemorlarning o‘zi 5000 nafardan ziyod”deydi Moskvadagi konsullik o‘rinbosari Tohir Aripov elchixona yonidagi migrantlar bilan uchrashuvda.

Nomi sovuq 200 raqamli yuk

Markaziy Osiyodan kelib ishlayotgan migrantlarning qanchasi Rossiyada pandemiya davrida halok bo‘layotgani nomaʼlum

Rossiyada migrantlar kamdan-kam holatlarda dafn etiladi. Bunga bir necha sabab va omillar bor. 

Birinchisi sabab, marhumlarning oila aʼzolari odatda kindik qoni to‘kilgan joyda yotgani yaxshiroq, deb hisoblaydilar. 

Ikkinchi sabab, Rossiyada va ayniqsa, Moskvada dafn qilish narxlari haddan ziyod yuqori 

Mamlakatlar o‘rtasida aviatsiya aloqasi to‘xtaganidan beri ularning jasadlarini vatanga yetkazishning iloji bo‘lmay qoldi. Bu ham bir katta muammoga aylandi.

Jamg‘argan pullarim bir haftaga yetadi, xolos

Migrantlarning aytishicha, bu vaziyatda mablag‘ qolmagan, ular qayerga borishni bilishmaydi.

«Biz og‘ir ahvoldamiz, yeyishga ovqat, kiyishga kiyim yo‘q. Bir xonada 25 kishi yashayapmiz. Bizni uyga qaytishimiz uchun hech kim hech qanday chora ko‘rmayapti. Hech kim yordam bermayapti, pulimiz tugadi, yeyishga ovqatimiz yo‘q, qornimiz och qolmoqda», deydi tojik muhojirlaridan biri.

«Jamg‘argan pullarim bir haftaga yetadi, xolos. Bizning migrantlarimizda shunday odat bor: ular 30-40 ming rubl ishlab topadilar-da, patentga, yotadigan karavotiga pulni to‘lab, yeb-ichishga 3-4 mingini qoldiradilar va qolganini uylariga jo‘natadilar. Hozir ish yo‘q, qanday hayot kechirishimizni tasavvur ham qila olmayapman», deydi o‘zbek muhojiri.

«Kvartiramning egasi ham yaxshi ayol ekan, olti yildan beri uning uyini ijaraga olib kelaman, telefonda qo‘ng‘iroq qilib, agar pulim yo‘q bo‘lsa, keyin to‘lashim mumkinligini va umuman olganda, bu borada tashvish qilmasligim kerakligini aytdi. Lekin bu qachongacha davom etadi? Bilmadim…» , deydi qirg‘izistonlik muhojir.

Saxovat

Moskvada bir guruh o‘zbekistonliklar tomonidan tashkil etilgan “Saxovat” ijtimoiy yordam markazi COVID-19 pandemiyasi davrida 16-apreldan boshlab, Moskva va Moskva viloyatida yashovchi og‘ir hayot sharoitlariga tushib qolgan o‘zbekistonlik fuqarolar va ularning oila aʼzolariga yordam berib kelmoqdalar.

Markaz yordami birinchi navbatda ayollar, yosh bolali oilalar, keksa yoshli va nogironligi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ko‘rsatilishi maʼlum qilingan.

Xalqaro eʼtibor

Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga ko‘ra, migrantlarning deyarli barchasi o‘z ishlarini yo‘qotishgan. Daromadlaridan ayrilishgan. Ularning yarmidan ko‘prog‘i yashab turgan joylarida ijara haqqini to‘lashga imkonsiz, yeyish-ichishdan qiynalib qolishgan.

Xalqaro tashkilot Markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga zudlik bilan $7 million dollar miqdorida pul yordami zarurligi eʼtibor qaratdi.

“O‘tgan krizislardan biz muhojirlarning shafqatsiz ekspluatatsiya qilinayotgani va ularni davlat idoralariga topshirish tahdidiga duch kelayotganliklarini yaxshi bilamiz. Hozirda millionlab odamlar zo‘rg‘a amal-taqal qilishyapti. Biz ularni dastaklashimiz mumkin. Ammo buning uchun hozirning o‘zida ishga kirishish lozim”, – deb aytgan XMT vakili.

P.S: Bugungi kuning eng katta muammosi bu qancha muhojir ishsiz qolgani yoki qolishi mumkinligini hech kim aniq bilmasligi.  Kim yordamga muhtoj yoki ertaga kimga yordam kerak bo‘ladi… Hech kim muhojirlarning qayerda yashashi va ishlayotgani to‘g‘risida aniq hisobni yuritmaydi.