Nega Ukraina shiddatli g‘alabaga erisha olmaydi?

G‘arb Ukrainaga yuz kelgan sharoitda o‘z hududini samarali himoya qilishga va yana-da ko‘proq hududlardan chekinishga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarli miqdorda qurol aslaha yetkazib bermoqda. Bu vaziyatda urush ancha uzoq muddatli va ikki tomonning sillasi qurishiga qaratilgan bo‘lish imkoni katta.

Nega G‘arb Ukrainaga g‘alaba uchun zarur bo‘lgan qurollarni keng ko‘lamda yetkazib bermayapti?

Buning sabablari bir nechta:

1. Tezda qo‘lga kiritilgan g‘alaba Rossiya harbiylari va fuqarolarining ko‘pchiligida alam hissiyotini uyg‘otib, eng keskin choralarni, jumladan, yadro qurolini ishlatishga legitim “asos” yaratib beradi. Rossiya jamiyati o‘zining hozirgi holida mag‘lubiyatni majburiy voqelik sifatida qabul qilish darajasida emas va buni oldini olish uchun siyosiy rahbariyatdan barcha keskin choralarni ko‘rishni keskin talab qilish ehtimoli yuqori;

2. G‘arb Rossiya jamiyati ongida tektonik o‘zgarishlar bo‘lishi va jamiyatning o‘zi bunday urush yuritish mumkin emasligini va har qanday natija bilan bo‘lsa ham, urushni to‘xtatish kerakligini talab qilib chiqishini kutmoqda. Bu holda Rossiya jamiyatining o‘zi tinchlikni talab qiladi va katta ehtimol bilan 1991 yil chegaralariga qaytishga rozi bo‘ladi. Bu G‘arb uchun eng orzu qilingan va kutilgan ssenariy. Buning uchun G‘arb urushni cho‘zishga va kutishga rozi;

3. G‘arb Putin atrofidagi siyosiy kuchlar zaiflanishi va urush partiyasining pozitsiyasi Rossiya jamiyati tomonidan inkor etilishi, natijada Putin atrofida siyosiy va shaxsiy vakuum paydo bo‘lishini (Putinni yolg‘izlanib qolishini) kutmoqda;

4. G‘arb Rossiyaning iqtisodiy, harbiy va siyosiy kuchining butunlay ojizlanishiga erishish maqsadida Ukrainadagi vaziyatdan keng foydalanmoqda. Natijada NATO Rossiya G‘arbning sharqiy chegaralariga umuman tajovuz qilmasligi va Rossiyaning barcha tabiiy resurslari, jumladan, energiya resurslari jahon bozorida arzon narxlarda sotilishiga erishish niyatida;

5. Ukraina konflikti misolida G‘arb qadriyatlar borasida Rossiya jamiyati bilan o‘tib bo‘lmas jarliklar borligini ko‘rsatmoqchi va uzoq yillarga Rossiyani xalqaro maydonda izolyatsiya qilishga erishmoqchi. Bu vaziyatda Rossiyaning Ukraina infrastrukturasini vayron qilayotgani va yadro quroli bilan shantaj qilayotgani katta dastak bo‘lib xizmat qilmoqda;

6. G‘arb Ukrainaga ko‘p miqdorda ancha eskirgan konvension qurollar berib, Rossiya qurollari sifati juda pastligini dunyoga ko‘rsatmoqda va Rossiyani dunyo qurol sotish bozoridan siqib chiqarmoqda. Bir hisobdan eski sarqitdan qutulmoqda, ikkinchi hisobdan NATO mamlakatlarini yangi zamonaviy qurollanish surʼatlarini tezlashtiryapti.

Xullas, Mullado‘st, biz bilmagan gaplar ko‘p.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov