Markaziy osiyolik migrantlar taqdiri nima bo‘ladi?

Rossiyada mehnat qilayotgan markaziy osiyolik ko‘p millionlik migrantlar turli tadqiqotchilar o‘rganishdan charchamayotgan hodisadir. Ular eng zaif guruh bo‘lishiga, dunyo iqtisodiyotidagi har qanday tebranishga, Rossiyaga qarshi qo‘llanayotgan sanksiyalarga, pandemiyaga, politsiya o‘zboshimchaligi va zo‘ravonligiga qaramay, eng barqaror va moslashuvchan  ishchilardir. Migrantlar har qanday inqirozdan oldingi holatiga qaytadi, ishini, pul jo‘natishini  davom ettiradi, oilasi va jamiyatini qo‘llab-quvvatlayveradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning 2 milliondan oshiq vatandoshi, shuningdek, Qirg‘iziston bilan Tojikistonning har biridan 1 million nafardan kishi Rossiyada mehnat migrantlari bo‘lib turibdi. Migrantlarning pul ko‘chirmalari Qirg‘iziston bilan Tojikiston YAIMning taqriban 30 foizini tashkil qiladi. Mehnat migratsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari uchun normal holatga aylandi, millionlab yangi ish joylari tashkil qilish qo‘lidan kelmaydigan amaldorlar mehnat migrantlarini o‘z hisob-kitoblariga va byudjetning daromad qismiga qo‘shmoqda. Lekin bu mehnat migratsiyasi yirik ijtimoiy muammo bo‘lmay qolishini anglatmaydi.

Rossiyaning migratsiya maydonidagi bugungi vaziyat qanday? Rossiyadagi mehnat migratsiyasi Turkiyadagidan nimasi bilan farq qiladi? Nega mehnat migrantlari tadqiqotchilarni hayratga solishda davom etmoqda? Umuman, markaziy osiyolik migrantlar taqdiri qaysi omillarga bog‘liq?

Ushbu savollarga migrantlar masalasi bo‘yicha mutaxassis, Lund universiteti tadqiqotchisi Sherzod Eraliyev javob beradi.

Sherzod Eraliyev – Helsinki universiteti va ayni paytda Lund universiteti  postdoktoranturasi tadqiqotchisi. Asosan, Markaziy Osiyodagi, kengroq maʼnoda Yevroosiyo makonidagi migratsiya masalalari bilan shug‘ullanadi.

Migrantlarning pul ko‘chirmalari Markaziy Osiyodagi valyuta tushumlarining asosiy qismini tashkil qiladi.  Keling,  o‘zimiz, Markaziy Osiyodagi mamlakatlarimiz uchun migrantlarning pul jo‘natmalari miqyosini aniqlashdan boshlaylik. Masalan, statistika bo‘yicha O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondan qancha aholi boshqa mamlakatlarga chiqib ketmoqda hamda migrantlar pul ko‘chirmalarining ushbu mamlakatlar byudjetidagi ulushi qancha?

Migratsion mehnatning 3 ta asosiy mamlakatini darrov belgilab olish mumkin: Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston. Ushbu har bir mamlakatning qancha vatandoshi mehnat migratsiyasida ekani haqida aniq maʼlumot yo‘q, chunki har bir migrantlarni qabul qiluvchi va jo‘natuvchi mamlakatning statistika usuli bir-biridan keskin farq qiladi. Nafaqat turli mamlakatlarda, hatto Rossiyaning o‘zidagi alohida idoralarining ham hisob-kitob usullari bir-biridan tafovutli. Oqibatda biz turli va hatto bir-biriga zid bo‘lgan raqamlarga duch kelamiz. Shunga qaramay, migratsiya miqyosini tushunib olish uchun migrantlarni qabul qiluvchi asosiy mamlakat bo‘lmish Rossiyada ular qancha ekanini misol tariqasida olish mumkin. Bu yerda O‘zbekiston vatandoshlari eng ko‘p ekani shubhasiz. Kamida 2 million o‘zbekistonlik Rossiya Federatsiyasida mehnat qilmoqda. Tojikistonlik migrantlar soni 1 milliondan oshiq, Qirg‘izistondan esa 600 – 700 ming kishi Rossiyada pul ishlab topgani yuribdi. Lekin yuqorida qayd etganimdek, bu – ekspertlar hamjamiyati u yoki bu tarzda tayanayotgan shartli maʼlumotlar. Agar migrantlar soni aholi jon boshiga olinsa, yaʼni bir million aholiga qancha migrant to‘g‘ri kelishi hisoblansa, ushbu mamlakatlarning umumiy aholi soniga nisbatan tojiklar va qirg‘izlar migratsiyada ko‘p ekanini nazarda tutish lozim bo‘ladi.

Endi pul jo‘natmalarini ko‘zdan kechiraylik. 2020 yilgi eng yangi maʼlumotlarni olamiz, chunki yilgi barcha mamlakatlarning 2021 maʼlumotlarini bemalol olib bo‘lmaydi – ular ochiq emas. 2020 yilda O‘zbekistonga 6 mlrd dollardan ko‘proq pul keldi. Bu mamlakat YAIMning taqriban o‘ndan bir qismiga teng. Yaʼnikim, pul ko‘chirmalari ushbu mamlakatda ishsizlik oqibatlari va kambag‘allikni kamaytirishning muhim omili hisoblanadi. Bu 6 mlrd dollardan Rossiya hissasiga 4,3 mlrd dollar to‘g‘ri keldi, yaʼni pulning chorak qismidan ko‘prog‘i Rossiya emas, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Isroil va boshqa mamlakatlardan kelib tushmoqda. Bu Rossiyadan tashqari nomi zikr etilgan mamlakatlarda ancha-muncha O‘zbekiston vatandoshlari borligini ko‘rsatadi.

2020 yilda Qirg‘izistonga 2,3 mlrd dollar, Tojikistonga esa 2,5 mlrd dollardan ko‘proq pul ko‘chirmalari kelib tushdi. Bu pulning mutlaq ko‘pchiligi Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Qirg‘iziston bilan Tojikiston iqtisodiyotida pul ko‘chirmalari ulushi ancha baland. Turli tashkilotlar turlicha maʼlumotlarni taqdim etmoqda. Lekin migrantlar vataniga Qirg‘iziston bilan Tojikiston YAIMning 27 – 30 foiziga teng pul jo‘natmoqda. Bu – juda katta foiz. Ikkala mamlakat ham pul ko‘chirmalariga qaram mamlakatlarning dastlabki o‘ntaligiga kiradi. Ayni ko‘chirmalar ko‘plab oilalarga omon qolish, yashash, ovqatlanish, ko‘chmas mulk sotib olish, farzandlar o‘qishi yoki ijtimoiy jihatdan muhim oilaviy tadbirlar – to‘ylar o‘tkazishday eng zarur ehtiyojlarini qoplash imkonini bermoqda.

Migratsiya ommaviy hodisaga va Markaziy Osiyo jamiyatlarining ajralmas bo‘lagiga aylangan so‘nggi 10 – 15 yil olinadigan bo‘lsa, pul eng ko‘p jo‘natilgan davr 2013 yilga to‘g‘ri keldi. Masalan, o‘sha yili O‘zbekistonga 7,5 mlrd dollar, Tojikistonga esa 4 mlrd dollarga yaqin  valyuta yuborildi. Bu pul eng ko‘p jo‘natilgan yil bo‘lgan edi. Mamlakatlar o‘sha vaqtdan beri ayni ko‘rsatkichlarga chiqa olgani yo‘q. Nazarimda, buning 2 ta sababi bor. Birinchidan, o‘sha paytda Rossiya rublining qadri ancha baland bo‘lgan, yaʼni 2014 yilgacha bo‘lgan pul qadri nazarda tutilmoqda. O‘sha choqda bir AQSH dollari qiymati 30 rubl atrofida yoki undan ham kamroq edi. 2014 yilda Qrim bosib olinishi va shundan so‘ng Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishi bilan bu mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi sustlashib qoldi va bu birinchi navbatda migrantlar sillasini quritdi. Keyingi yillarda pul ko‘chirmalari hajmi ham, shunga ko‘ra, migrantlar soni ham asta-sekin orta bordi. Boshimizga pandemiya tushganda, o‘sha hajm 2013 yildagisiga yaqinlashib qolgan edi. Pandemiyaning ilk oylarida – 2020 yilning mart, aprel va mayida – pul ko‘chirmalari hajmi keskin tushib ketdi. Ammo o‘sha yil yozi oxiriga borib, jo‘natmalar hajmi oldingi darajaga qayta boshladi.

Rahmat. Siz Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun migratsiya masalalari miqyosini, mehnat migrantlariga vatanlariga qancha pul jo‘natayotganini va bu pul mamlakatlarimiz uchun qanchalik muhim ekanini ko‘rsatib berdingiz.  Politicheskaya ekonomika nezapadnix migratsionnix rejimov, trudoviye migranti iz Sentralnoy Azii v Rossii i Tursii” (“G‘arbniki bo‘lmagan migratsiya rejimlarining siyosiy iqtisodiyoti, Rossiya va Turkiyadagi Markaziy Osiyodan borgan mehnat migrantlari” deb atalgan so‘nggi kitobingizda markaziy osiyolik migrantlar uchun muhim manzillarni o‘zaro taqqoslagansiz. Bu tadqiqot qanday paydo bo‘ldi? Kitobda qanday xulosalarga kelgansiz?

Muhim savolingiz uchun tashakkur. Birinchi navbatda aytishim shart bo‘lgan gap shuki, biz bu kitobni Lund universitetida izlanishlar olib borayotgan hamkasbim Rustam O‘rinboyev bilan birga yozdik. Kitob va tadqiqot g‘oyasi qanday tug‘ilgan edi? 2010-yillar boshida yuz bergan migrantlarga qarshi kayfiyatlar to‘lqinida 2012 – 2015 yillarda Rossiya Federatsiyasida migratsiyaga oid qonunchilik talablari kuchaytirilgandan so‘ng – esingizda bo‘lsa,  bu va yana “cho‘ziluvchan” (rezina) kvartiralari (“90 – 180” qoidasi) haqidagi qonun, Rossiya qonunchiligini arzimagan tarzda buzganlarning ham mamlakatga kiritilmasligi to‘g‘risidagi qonun) – Rossiya hokimiyati davlat qonunlarini buzdi, deb hisoblangan migrantlarni mamlakatdan ko‘plab chiqarib yubora boshladi. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bir necha yuz minglab vatandoshlar qonunbuzarligi qanchalik jiddiyligiga qarab, 3 yildan 10 yilgacha Rossiyaga kiritilmaydigan bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, iqtisodiy ahvol yomonlashayotgani sababli Rossiya o‘sha paytda migratsiya uchun unchalik jozibali mamlakat bo‘lmay qolgan edi. Rossiyadan haydab yuborilgan kishilar esa migratsiya uchun boshqa muqobil yo‘llarni qidirishga tushdi, chunki vatanida ham ish yo‘q edi. Bu holatda ko‘pchiligi uchun vizasiz kirish mumkinligi va iqtisodiy o‘sish nisbatan balandligi sabab Qozog‘iston bilan Turkiya muqobil bo‘lib tuyuldi. Nisbatan deyayotganimning sababi migrantlarning asl vataniga nisbatan Turkiya va Qozog‘iston iqtisodiyoti yaxshiroq rivojlangan edi. 2014 – 2015 yillardan so‘ng Turkiyada markaziy osiyolik migrantlar, xususan, o‘zbek migrantlari soni ancha-muncha oshdi. Biz birinchi marta Turkiyada joyiga chiqib, hamkasbim Rustam O‘rinboyev bilan tadqiqot o‘tkazganimizda, Turkiyadagi migrantlardan ko‘pchiligining Rossiyada ishlash tajribasi borligiga guvoh bo‘lganmiz, yaʼni ayrim migrantlar Rossiya Federatsiyasiga kirishga bo‘lgan taqiq muddati tugashini kutib, Turkiyada ishlayotgan ekan. Biz ulardan tez-tez ham intervyu olganimizda, ham norasmiy suhbat qurganimizda, o‘zining Rossiya bilan Turkiyadagi migratsiya tajribasini solishtirishga tushib ketar edi. Bu bizga qiziq tuyuldi va ushbu 2 ta mamlakatdagi migratsiya rejimining taqqoslama tadqiqotini o‘tkazishga qaror qildik. Boz ustiga, Rossiya bilan Turkiyaning tavsifi o‘xshash: kkkala mamlakat ham nisbatan yaqinda ish kuchini import qiladigan bo‘lgan, yaʼni yaqinda migrantlarni jalb qila boshlagan edi. Ular 2000-yillar boshida iqtisodiyoti jadal rivojlangani sabab yaqin atrofdagi mamlakatlar uchun ohanraboga aylandi. Ikkinchidan, ikkala mamlakatda ham ko‘lanka iqtisodiyoti ustunlik qiladi, ko‘plab migrantlar u yerlarda ish beruvchi bilan rasmiy mehnat shartnomalari tuzilmaydigan norasmiy ishlarda ishlaydi. Uchinchidan, Turkiyada ham, Rossiyada ham korrupsiya keng tarqalgan hodisaga aylanib bo‘lgan, inson huquqi, ayniqsa, migrantlar huquqi tez-tez buzilib turadi, mehnat munosabatlarini tartibga solib turuvchi qonunchilikka har doim ham rioya etilmaydi, ayniqsa, chet el vatandoshlariga nisbatan bu qonunlar tez-tez buzilib turadi. Lekin shunga qaramay, prinsipial tafovutlar ham bor. Birinchidan, bu migrantlar mehnati bozori tuzilmasiga tegishli. Turkiyada ayollar, yaʼni kasal yoki bola qarovchi, uy xizmatkori, kiyim-kechak do‘koni sotuvchisi, shuningdek, butun Istanbul bo‘ylab tarqab ketgan yashirin to‘qimachilik sexlari ishchilari singari migrant ayollar mehnatiga talab katta. Albatta, Turkiyada erkaklarga ham ish topiladi, ular o‘shanaqa to‘qimachilik sexlarida, kichik zavodlarda, yuk tashish sohasida, qahvaxonalarda, kichik mehmonxonalarda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashi mumkin. Rossiyada esa qirg‘izistonlik migrantlarni istisno qilganda, bunga butunlay teskari vaziyatni ko‘rish mumkin. Qirg‘izistonni hisobga olmasa, Markaziy Osiyo migratsiyasi, asosan, erkaklardan iborat. Bilamizki, ular faoliyatining asosiy sohasi qurilish, jamoat transportidan iborat. So‘nggi paytlarda migrantlar ishlaydigan sohalar birin-sirin qamayib boryapti. Masalan, Turkiyada qurilish juda avj bo‘lgan paytda bu sohada na o‘zbeklar va na turkmanlar ommaviy tarzda ishlagan. Aftidan, bu sohada Turkiyaning ichki mehnat migrantlari mehnat qiladi. Ammo Rossiya haqida bunday deyish qiyin – u yerda qurilish sohasida ishlaydigan ishchilarning asosiy foizi markaziy osiyoliklardir. Yana bir jihat maoshlar miqdori bilan bog‘liq. Turkiyadagi ko‘plab mehnat migrantlari u yerdagi pulning tobora qadrsizlanib borayotganidan shikoyat qilib, Rossiyada maoshlari ancha ko‘p bo‘lganini aytar edi. Biz ham Turkiyadagi pul qadrsizlanishi sabab maoshlar Rossiyadagi maoshlardan ancha kam ekanini kuzatyapmiz. Tadqiqotlarga kirishishdan avval markaziy osiyolik migrantlar Turkiya aholisining aksariyati musulmon ekani va turk tili Markaziy Osiyoning turkiy tillari: turkman, o‘zbek va qirg‘iz tillariga juda yaqin bo‘lgani uchun Rossiyadan ko‘ra Turkiyani maʼqul ko‘radi, deb o‘ylagan edik. Hamma narsa biz o‘ylaganchalik emas ekan. Masalan, Turkiyadagi maosh kamligini hisobga olmaganda, uning

ko‘zga yaqqol tashlanib turgan afzalliklariga qaramay, Rossiyani nisbatan jozibali qiladigan boshqa holatlar ham bor. Migrantlar Turkiyadagi mehnat sharoiti ancha og‘irligini, ish kunlari ko‘proq davom etishini, yana ish beruvchilarning ishchilarga munosabati yomonligini qayd etdi. Bu yerdagilar rossiyalik ish beruvchilar afzalroq ekani haqida gapirar edi. Boshqa tarafdan, o‘zimiz Turkiyada, xususan, Istanbulda muloqot qilgan respondentlar shaharda hech bir hujjatsiz bemalol bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurishini aytar edi. Migrantlar, hujjatlarida chatoqliklar bo‘lsa, Rossiya shaharlarida, ayniqsa, Moskva va Sankt-Peterburgda jamoat joylarga, politsiya patrullik qilayotgan go‘shalarga borishdan tiyiladi. Bilamizki, bu Rossiyada ishlayotgan mehnat migrantlarimiz tez-tez duch kelib turadigan holdir. Albatta, Turkiyada ham ushbu mamlakatda bo‘lib turishi hujjatlashtirilmagan migrantlarni aniqlash uchun reydlar o‘kaziladi. Lekin, birinchidan, reydlar Rossiyadagiga nisbatan kam o‘tkaziladi, dedi respondentlarimiz. Hatto politsiya xodimi biror kishini to‘xtatgan taqdirda ham, u yoki bir guruh kishilar, o‘zbek yoki turkman, yoki qirg‘iz ekanini eshitgacha, odatda ularni qo‘yib yuborgan. Aytishlaricha, bu migrantlarning o‘zini his qilishidagi muhim jihatdir.

Yana bir jihat bor – Rossiyada joyiga chiqib o‘tkazgan tadqiqotlarimiz, asosan, 2019 yil oxiriga qadar o‘tkazilgani sababli biz pandemiya boshlangandan so‘ng Rossiyaga bora olmadik, joyiga chiqib qilinadigan asosiy tadqiqotlarni Turkiyaga o‘tkazdik. Bunga pandemiya avjiga chiqqan 2020 yil ham kiradi, yaʼni biz 2020 yil iyuli oxirida ham, avgustda ham, noyabrda ham, dekabrda ham tadqiqotlar o‘tkazdik. Biz kuzatib aniqlagan holat shu bo‘ldiki, biror kishining Turkiyadagi migratsiya tajribasi qanchalik ko‘p bo‘lsa, u Rossiyaga borishdan ko‘ra Turkiyani, ushbu mamlakatda ko‘proq qolishni afzal bilar ekan. Aksincha, yaqinda Turkiyaga kelgan kishilar esa migratsiya tajribasidan kelib chiqib, Rossiyani sog‘inar, tez-tez ikkala mamlakatdagi sharoitni solishtirar, maosh kamligidan shikoyat qilar, bu yerda boshliq o‘ta talabchanligidan nolir edi. Biz migrantlar hayotini bir necha yil kuzatib, odamning moyilliklari u yangi joyda tanishlar orttirishi, yangi voqelikka ko‘nikishi, bu mamlakatda hayotning o‘ziga xosliklarini o‘zlashtirib olishi, maoshi asta-sekin ko‘tarila borishi va hk. sabab ham o‘zgarishini, o‘sha kishilar Turkiyani ko‘proq afzal bila boshlashini bilib oldik. Umuman olganda, bu kitobda ikkala mamlakatning migratsiya tizimlarini o‘rganishga harakat qildik. Balki rus tilida “nezapadniye migratsionniye rejimi” (“G‘arbniki bo‘lmagan migratsiya rejimlari”) iborasi unchalik yaxshi jaranglamas, lekin shunga qaramay, biz Rossiya bilan Turkiyaning migratsiya tizimlarini ular konunchiligi, siyosati prizmasi orqali emas, migrantlarning hayotiy tajribasi, ular bu tizimni qanday ko‘rishi va ushbu tizimda qanday yashayotgani, ayni tizim bo‘ylab qanday harakat qilishi prizmasi orqali o‘rganishga harakat qildik. Umuman, nazarimda, qiziq tadqiqot bo‘ldi va fursatdan foydalanib, kitob linternetda ochiq ekanini, uni ko‘chirib olib, o‘qib ko‘rish mumkinligini aytib o‘tmoqchiman. Faqat tadqiqot – tingliz tilida.

Men ham o‘tkazgan tadqiqotingizni juda qiziq va foydali deb o‘ylayman, chunki aynan markaziy osiyolik migrantlarning Turkiyadagi ahvolini tadqiq qiluvchi ilmiy ishlar juda kam. Barchamiz tanishlardan, qarindoshlardan kimdir Turkiyaga ketayotganini eshitamiz. Ular o‘sha yerda qanday ishlamoqda, u yerdagi mkhnat sharoiti qanday? Bu haqda juda kam gapiriladi. Keling, Turkiya mavzusini davom ettiramiz. Sizda Markaziy Osiyodan Turkiyaga borayotgan mehnat migrantlari keyinchalik ushbu mamlakatda doimiy yashash uchun qolgani, yaʼni yashash ruxsatnomasini, keyinchalik esa vatandoshligini olganiga oid maʼlumotlar bormi?

Vatandoshlarning bir necha toifasi borligini aytmoqchiman. Masalan, ayrim kishilarning uy sotib olish yoki to‘y qilish uchun yetarli pul yig‘ishday aniq rejasi bor. Odamlar reja tuzadi va muayyan muddatda falon miqdorda pul ishlab olishi mumkin. Shundan so‘ng ular o‘rganib qolishi mumkin. Shundan so‘ng  kimdir chindan ham uyiga qaytib keladi yoki o‘sha yoqda qolaveradi, chunki xarajat bor, pul esa har doim kerak. Har doim ro‘zg‘orning bir kami bo‘ladi, uni to‘ldirish lozim va ular ishini davom ettiraveradi. Qizig‘i shundaki, ulardan qaysi biridir yashash ruxsatnomasini olishga harakat qiladi, chunki Turkiyada buning iloji bor. Barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi bu yerning ham qonunlarini buzmaslik darkor, vassalom.

Ammo yana bir toifa odamlar Turkiyani tranzit, yaʼni boshqa mamlakatga ketish uchun oraliq mamlakat deb biladi. Turkiya Yevropada tranzit mamlakat sifatida mashhur, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika migrantlari bu mamlakat orqali Yevropaga o‘tib ketishga harakat qiladi. Ular ko‘pincha Yevropada uzoqroq vaqt qolish uchun Turkiyada to‘xtab o‘tadi. Markaziy osiyolik migrantlarimiz orasida ham Yevropaga borishni istagan kishilarni kuzatdik, chunki Turkiyada Yevropa Ittifoqi hududiga kirmoqchi bo‘lgan kishilarga dengizdan o‘tkazib qo‘yish yoki Yevropa mamlakatlari konsulliklari uchun turli hujjatlarni tayyorlab berish singari xizmatlar ko‘rsatadigan norasmiy infratuzilma bor. Biz markaziy osiyoliklar ham Yevropaga borishni istagan holatlarni ko‘rdik, ular ham Turkiyani oraliq mamlakat deb bilgan. Ayrimlari buning uddasidan chiqqan bo‘lsa, boshqalarining qo‘lidan kelmadi bu ish, chunki ular yolg‘onga, insofsiz vositachilarning yolg‘onlariga chuv tushib qoldi, ammo shunga qaramay, Turkiyaga borib ishlayotgan ko‘plab markaziy osiyoliklarning shu ishga qiziqayotgani ko‘rish mumkin.

Keling, endi Markaziy Osiyoga qaytamiz. Sizningcha, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mexanizmi Rossiyada mehnat migrantlari rejimini qanchalik yengillashtiradi?

Men Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mexanizmi mehnat migrantlarining Rossiyada bo‘lib turish rejimini unchalik yengillashtirmaydi, demoqchiman. Ha, YEOII aʼzosi bo‘lgan qirg‘izistonlik migrantlar Rossiyada mehnat qilmoqchi bo‘lsa, buning uchun patent, yaʼni ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishi shart emas. Qirg‘iziston vatandoshlari Rossiyaga kirib kelgandan so‘ng 30 kun davomida migratsiya idoralari ro‘yxatidan o‘tishdan ham ozod etilgan. Adashmasam, yana qirg‘iz muassasalari bergan taʼlim diplomlari Rossiya hududida ushbu mamlakat diplomlari bilan teng tan olinadi. Ammo imtiyozlar shu bilan tugaydi. Umuman olganda, Markaziy Osiyodan borgan barcha migrantlar – men bu yerda Rossiyadagi turli migrantlar bilan muloqot tajribamdan kelib chiqib gapiryapman – deyarli bir xil muammolarga duch keladi. Yaʼnikim, qirg‘izlar ham, tojiklar ham, o‘zbeklar ham maoshlari to‘lanmasligi, ularga nisbatan mehnat qonunchiligi buzilishi, politsiyaning o‘zboshimchaligidan ziyon ko‘radi. Hatto 2021 yil oxirida Rossiyada joriy etilgan yangi qonun-qoidalarga ko‘ra, bu yerga ishlash uchun kirayotgan chet el vatandoshlari, jumladan, qirg‘izistonliklar ham 30 kun davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Bu, nazarimda, qirg‘izistonliklarning YEOIIda bo‘lib turishi bilan bog‘liq imtiyozlarni bir tiyin qiladi. Ayni holat qirg‘izistonliklarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda, u holda bizga YEOII nega kerak, bu tashkilotga aʼzolik nega kerak, deb baralla aytmoqda…

O‘tgan yil oxirida Rossiyada kuchga kirgan yangi qonunga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari vatandoshlari har safar chegarani kesib o‘tganda, daktiloskopiya qaydidan o‘tib, suratga tushishi va tibbiy maʼlumotnoma olishi majburiydir. Lekin ayni choqda bu qoidalar Belarus vatandoshlariga nisbatan qo‘llanmaydi, vaholonki, Belarus ham Qirg‘iziston singari YEOII aʼzosidir. Umuman olganda, ikkalasi ham – postsovet mamlakati. Yaʼnikim, Rossiya hokimiyatining migratsiya siyosati – qanday qilib yumshoqroq aytsam ekan – tobora irqiy ko‘rinish olmoqda. Sizningcha, bu tamoyil (tendensiya) so‘nggi voqealar munosabati bilan kuchayib ketadimi?

Nazarimda, bu Rossiya Federatsiyasi hokimiyat idoralarining o‘z aholisiga noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashayotganini ko‘rsatishga bo‘lgan birinchi urinishi emas. Bilamizki, Rossiyada aholi hukumat siyosatidan norozi bo‘lganda, odamlar migrantlar juda ko‘payib ketdi, ular mahalliy aholidan ishni tortib olmoqda yoki mahalliy qonun-qoidalar, madaniyatga rioya etmayapti deb, hokimiyatni tanqid qilishga o‘tganda, davlat bu muammoni tez-tez chet elliklarning mamlakatda bo‘lib turish qoidalarini qattiqlashtirish bilan hal etishga urinadi. Bundan maqsad hokimiyat chindan ham  bu mammoni hal etish uchun kurashayotgani va uni hal etishga urinayotgani ko‘rsatishdir. Ammo Rossiyada migratsiya siyosati doirasida oldingi joriy etilgan yangi qonun-qoidalardan ham bilamizki, bir tarafdan, davlat chindan ham bu yerga kelayotganlarni ro‘yxatga olishni yengillatishga yoki chet elliklarning Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turishini osonlashtirishga harakat qiladi. Lekin boshqa tarafdan, bu har doim ham ushbu qoidalar joriy etilayotgan payt eʼlon qilingan natijalarga olib kelmaydi. Har safar chegarani kesib o‘tayotgandagi siz tilga olgan daktiloskopiya qaydi, suratga olish va tibbiy maʼlumotnoma olishni texnik jihatdan qanday amalga oshirishni men hozircha tasavvur ham qila olmayapman. Bundan tashqari, bunga davlatning qancha vaqt, inson va moliyaviy resurslari sarf bo‘lib ketadi. Yaʼnikim, chegarachi chegarani kesib o‘tayotgan kishini tekshirishi, bunga daktiloskopiya qaydi, suratga olish va hk.ni ham qo‘shadigan bo‘lsak, barchasi qancha vaqt olishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Bunga qancha vaqt ketadi? Lekin masalaning boshqa jihati ham bor – aynan kimni shu yo‘l bilan qayddan o‘tkazishmoqchi? Markaziy Osiyoning har uch mamlakati: Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston vatandoshlarinimi? O‘sha chegarani kesib o‘tayotgan kishi Rossiyaga ishlagani kelayotganini qanday aniqlash mumkin? U holda Qirg‘iziston aʼzosi bo‘lgan YEOII qayerda qoladi? YEOIIning asosiy qoidalaridan biri, jumladan, mehnatning ham erkin harakatlanishi-ku. Lekin men hozircha texnik jihatdan buning iloji yo‘qligini ko‘ryapman. Hozir urush bo‘layotgani, ayni damda davlat bilan jamiyatning eʼtibori Ukrainadagi vaziyat, ularning G‘arb bilan tasavvurdagi qarama-qarshiligi bilan band ekani hisobga olinsa, menimcha, davlat bu ishni amalga oshirishni yana qanchadir muddat orqaga suradi.

Keling, migratsiya mavzusiga tegishli eng dolzarb masalalardan birini muhokama qilamiz. Aksariyat ekspertlar fikricha, Rossiya Ukrainadagi urushining ochiq-ravshan va muqarrar oqibatlaridan biri mehnat migrantlarining Rossiyadan chiqib ketishi bo‘ladi. Biz bugun ushbu jarayon qanday bo‘lishini bashorat qilishimiz mumkinmi, migrantlar uyiga qaytishga majbur bo‘ladimi yoki ularning bir qismi Rossiyadagi ishini saqlab qola oladimi?

Men bu savolingizga javob berishdan oldin biroz chekinish qilmoqchiman. Rossiya birinchi marta 2014 yili Qrimni bosib olgandan so‘ng G‘arb mamlakatlari unga qarshi sanksiyalar joriy etgach, mamlakat iqtisodiyoti o‘sha sanksiyalar taʼsirini birdan his qildi va o‘sha taʼsir birinchi navbatda migrantlarga zarba bo‘ldi. Bir tarafdan, rublning qadri keskin tushib ketdi va tabiiyki, bu dollardagi pul ko‘chirmalari miqdori kamayishiga sabab bo‘ldi. Boshqa tarafdan, iqtisodiy tanazzul keyingi yillarda markaziy osiyolik migrantlarning Rossiyadagi soni kamayishiga olib keldi. Ammo oradan ikki yil o‘tib, migrantlar soni ham, pul ko‘chirmalari miqdori ham qaytadan orta boshladi. 2008 – 2009 yillardagi global buhron vaqtida ham, 2020 yildagi  so‘nggi pandemiya davrida ham xuddi shu narsa yuz berdi. Xalqaro institutlar, jumladan, Jahon banki, XVJ va BMT turli tuzilmalarining eng noxush bashoratlariga qaramay, pul ko‘chirmalari miqdori chindan ham tushdi, lekin shunday bo‘lsa-da, ular miqdori, deylik, Tojikistonda bir oz pasaydi, xolos. O‘zbekistonda esa pul ko‘chirmalari hajmi o‘tgan yil bilan solishtirganda, bir oz ortdi ham. Ha, Rossiyadan pul ko‘chirmalari kamaydi, biroq boshqa mamlakatlardan O‘zbekistonga kelayotgan pul keskin tarzda, 2 – 3 barobar ortgani sababli ko‘chirmalar hajmi oldingi yil darajasida saqlanib qoldi. Men buni nima uchun aytyapman? Biz bu yerda davriylikni va barqarorlikni ko‘ryapmiz. Aytmoqchimanki, so‘nggi 10 – 15 yilni oladigan bo‘lsak, davriylik ko‘zga tashlanadi: inqiroz yuz beradi va pul ko‘chirmalari miqdori, shunga ko‘ra, migrantlar soni kamayib ketadi, oradan biroz vaqt o‘tgach, yana ular ko‘tariladi, yana boshqa – iqtisodiymi, so‘nggisiga o‘xshash epidemiya bilan bog‘liqmi – inqiroz yuz beradi va bu daraja o‘z-o‘zidan pasayadi. Shuning uchun Ukrainadagi hozirgi urushga qaytadigan bo‘lsak, bu o‘rinda bir necha omilni hisobga olish kerak. Birinchidan, Rossiyaga qarshi hozir qo‘llanayotgan sanksiyalar juda kuchli. Biroq iqtisodiyot, ko‘pchilik kutganidek, sanksiyalar taʼsirini birdan sezmaydi. Albatta, bu sohasiga bog‘liq, lekin shunga qaramay, umuman, Rossiya iqtisodiyoti, masalan, OAV o‘ylaganidek, qulab tushmadi. Nazarimda, sanksiyalar taʼsiri birdan emas, uzoq muddatda seziladi. Shunday bo‘lsa-da, xalqaro moliya institutlari urush oqibatida Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul jo‘natmalari miqdori keskin kamayib ketishini bashorat qilgan edi. Qo‘limizdagi mart va aprelga tegishli maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil bilan taqqoslaganda, Qirg‘izistonga jo‘natmalar 20 foiz pasaygan, Tojikistonda ham kamayib ketishi kerak edi. Lekin aprel maʼlumotlarida ko‘ryapmizki, ko‘chirmalar o‘tgan yil darajasiga qaytmoqda. Shuning uchun ayrim migrantlar ishsiz qolgani uchun vataniga qaytadi. Ehtimol ular boshqa mamlakatlarga, aytib o‘tganimizdek, Turkiyaga yo‘l olar. Yoki ular vatanida boshqa muqobil joy bo‘lmagani uchun kamroq pul topadi. Qolaversa, Turkiya iqtisodiyoti ham og‘ir davrni boshidan kechirmoqda. Menimcha, ko‘pchilik vatandoshlarimiz Rossiyada mehnat migrantligicha qolaveradi.

Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, qiziq bir voqeani gapirib bermoqchiman. Men aprel boshida Toshkentdan uchib ketishim oldidan aeroportda tasodifan Sochiga uchayotgan reyslar yo‘lovchilar yonma-yon turib qoldim. O‘sha reys bilan uchuvchilar soni taxminan 300 kishi bo‘lib, ularning 280 nafari mehnatga qobil yoshdagi erkaklar , yaʼni deyarli barchasi migrantlarning ommaviy tarzda vataniga qaytib kelishi haqidagi bashoratlarga qaramay, Rossiyaga ketayotgan mehnat migrantlari edi. Yana o‘zbekistonlik migrantlar va ular oila aʼzolari bilan shaxsiy suhbatlar – men asli o‘zbekistonlikman, buni suhbatimiz boshida aytsam bo‘lar ekan – tasdiqlashicha, ishini yo‘qotib, uyiga qaytayotganlar ham, migratsiyanign boshqa muqobil yo‘llarini qidirayotganlar ham bor, ammo hozircha ommaviy qaytishni ko‘rayotganimiz yo‘q. Ko‘p narsa Ukrainadagi urush va Rossiyaning G‘arb bilan qarama-qarshiligiga bog‘liq.

Uzoq muddatda Rossiya iqtisodiyoti inqiroz sabab maʼlum miqdordagi migrantlarni siqib chiqarsa ajab emas, chunki bu inqiroz juda kuchli bo‘ladi. Bu tanazzul uzoq vaqt davomida sezilib turadi. Shu sabab Rossiya iqtisodiyoti baribir qaysidir miqdordagi migrantlarni siqib chiqarishi muqarrar. Lekin bu qisqa vaqt oralig‘ida yuz bermaydi, shuning uchun hozircha ko‘p miqdorda yoki ommaviy tarzda migrantlar uyiga qaytishini ko‘rayotganim yo‘q. Balki adashayotgandirman, lekin bu – shaxsiy fikrim.

Ha, bu – qiziq. Agar siz eslab o‘tgan turli ommaviy axborot vositalari yoki hatto ekspertlar baholari bilan tanishilsa, migrantlar ommaviy tarzda chiqib ketadi, pul jo‘natmalari hajmi qisqaradi, qabilidagi ko‘plab tushkun bashoratlarga duch keladi odam, lekin shunga qaramay, hozircha vaziyat keskin o‘zgarib ketayotgani yo‘q. Ammo vaziyat muayyan tarzda yomonlashishini kutyapmiz. Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zidagi sharoit yaxshilanishi migrantlar muammosi hal bo‘lishining eng maqbul yo‘li bo‘lsa ajab emas. Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari migrantlarni qo‘llash uchun qanday siyosat yuritmoqda, qanday choralar ko‘rilmoqda? Agar shunday dasturlar bo‘lsa, ular haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz.

Men ekspertlar darajasida Qirg‘iziston bilan Tojikistondagi vaziyatni sharhlay olmayman, ammo O‘zbekiston haqida bir-ikki og‘iz gapirib berishim mumkin, chunk o‘zim o‘zbekistonlikman va u yerdagi voqealar rivojini doimiy tarzda kuzatib boraman. Bilamizki, O‘zbekistonning migratsiya siyosati 2016 yilgacha bo‘lgan va undan keyingi davrga bo‘linadi, chunki zikr etilgan sana prezidentlar almashgan davrga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning oldingi prezidenti migrantlarni “millatni sharmanda qilayotgan ishyoqmaslar” deb ataganidan ham hokimiyatning migrantlarga nisbatan siyosati qanaqa bo‘lganini bilib olsa bo‘ladi. Aytish mumkinki, O‘zbekistonnning hozirgi hukumati mehnat migrantlariga sharoit yaratib berishga harakat qilib, bunday siyosatni butunlay o‘zgartirib yubordi, yaʼni davlat rasman aholining barcha ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan ish o‘rinlarini yarata olmasligini tan oldi. Nazarimda, shundan kelib chiqib, u qo‘shni mamlakatlar kabi mehnat migratsiyasiga qulay sharoit yaratib berishga harakat qilmoqda. Oldin boshqa bir joyda gapirib o‘tganimdek, hatto O‘zbekiston YAIM va iqtisodiyoti, deylik, 10 foiz va undan yuqori surʼat bilan o‘sgan taqdirda ham hozirgi sharoitda barcha aholini ish bilan taʼminlab bera olmaydi. Bu gap Qirg‘iziston bilan Tojikistonga ham tegishli. O‘zbekiston aholisi eng ko‘p mamlakat bo‘lgani uchun har yili 600 – 700 ming yigit-qiz mehnat bozoriga chiqishini tasavvur qilib ko‘ring. Hatto pensiyaga chiqayotgan aholi va boshqa omillar hisobga olingan taqdirda ham, yiliga yarim milliondan kam bo‘lmagan ish o‘rni tashkil etilishi kerak. YAIM 60 mlrd dollarga yaqin bo‘lgan O‘zbekistonda buning iloji yo‘q. Buni tan olishimiz shart. Shuning uchun hokimiyat migratsiyani normal va ishsizlik oqibatlarini yumshatuvchi hodisa sifatida qabul qila boshladi. Hozir hukumat so‘nggi 2 – 3 yilda qabul qilayotgan qarorlardan kelib chiqib fikr yuritilsa, davlat O‘zbekiston vatandoshlari, yaʼni bo‘lg‘usi mehnat migrantlarini boshqa mamlakatlarga ishga jo‘natishdan oldin ular qandaydir kasb-hunar va til ko‘nikmalarini egallashiga asosiy eʼtibor qaratmoqda, yaʼni migrantlarni muayyan kasb-hunarga o‘qitadigan monomarkazlar ochilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad migrantlarning imkon qadar muayyan bir kasbi yo‘qligi bois yordamchi bo‘lib ishlashini  kamaytirish, ko‘proq maosh olishga daʼvogarlik qilish uchun qandaydir professional ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga erishishdir. Davlat ana shuni ko‘zlamoqda. Ikkinchi yo‘nalish migrantlar uchun Rossiyaga muqobil bo‘lgan mehnat bozorlarini qidirishdan iborat. Bu Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fors ko‘rfazi, Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlaridir. Bunday siyosatni qo‘shni mamlakatlar: Qirg‘iziston bilan Tojikiston ham yuritayotganiga ishonchim komil. Men atay iqtisodiy rivojlanish mavzusiga tegmayapman. Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zida yangi ish joylari yaratish haqida juda ko‘p yozilgan, yozilmoqda va gapirilmoqda. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda iqtisodiyot yaxshi rivojlangan taqdirda ham – aslida ular iqtisodiyoti u qadar jadal rivojlanayotgani yo‘q – hozirgi urushni hisobga olsak, bu mamlakatlar baribir qaysidir miqdorda, qaysidir foiz mehnatga layoqatli aholini migratsiyaga yuborishga majbur bo‘ladi. Aytmoqchimanki, migratsiya – muqarrar. O‘zbekiston hukumati aholi eng zich yashaydigan va asosiy ish kuchi yetkazib beruvchi mamlakat sifatida bu hodisa muqarrarligini tushungani hamda migrantlar, deylik, qandaydir professional ko‘nikmalarga ega bo‘lib, shartli 20 – 40 ming rubl olishi yoki 30 ming rublga ishlamay, Yevropa mamlakatlari, Janubiy Koreya yoki boshqa biror rivojlangan mamlakatda 1000 dollar ishlab topishi uchun uchun nimalardir qilayotgani muhim.

Sherzod, juda qiziq gaplarni aytdingiz. Keling, ularni biroz to‘ldirsam. Bugun suhbatimiz davomida Qozog‘iston haqida hech narsa demadik. Bu to‘g‘ri, chunki Qozog‘istonni Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan solishtirsak, bu mamlakatda mehnat migrantlari yo‘q hisobi. Shu bilan birga, bugungi kunda Qozog‘iston Rossiyadan migrantlarni qabul qilayotgan qiziq jarayonga guvoh bo‘lyapmiz. Sizningcha, Rossiyadagi vaziyat sabab Qozog‘istondagi mehnat migrantlari soni nafaqat Rossiya, qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlari  vatandoshlari hisobiga o‘zgarishi mumkinmi?

Qozog‘iston nafaqat mana shu inqiroz vaqtida, qolaversa, undan oldin ham migrantlar uchun mo‘ljal va tranzit mamlakat bo‘lgan. Yaʼnikim, Qozog‘iston hozirgi inqirozdan ham, pandemiyadan ham oldin juda ko‘p migrantlarni qabul qilgan. Bu keyingi yillarda ham davom etadi. Rossiyada yuz berayotgan voqealar sabab Qozog‘istondagi migratsiya hodisasi, garchi u yerga rossiyalik migrantlar kelib ishlayotgan bo‘lsa ham, keskin o‘zgarishlarga yuz tutdi, deb o‘ylamayman, Rossiyalik migrantlar deb bemalol gapiraverish mumkin. O‘zbekistonda Rossiyadan ishlashga kelganlarni tortinib-surtinib “relokantlar” deb atashmoqda. Kimdir, ular Rossiyadagi biz migrantlar kabi migrantlardir, deb atamoqda. Umuman olganda, ko‘p narsa Rossiyadagi voqealar bundan buyon qanday rivojlanishiga bog‘liq. Rossiyaga nima bo‘ladi? Nazarimda, hozir Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda bo‘lib turgan kishilar bu mamlakatlarda qancha yashab, qancha ishlashini o‘zi ham bilmaydi. Vaziyat tinchlanishi bilan ular yana ortiga qaytib ketadi yoki ko‘proq ushlanib qolishi mumkin. Oldindan bir narsa deyish qiyin. Bu Rossiyadagi voqealar qay yo‘sinda rivojlanishiga bog‘liq. Lekin dastlabki fikrimga qaytib, bu sohada keskin o‘zgarishlar bo‘ladi, deb aytmagan bo‘lar edim.

Muallif: Ruslan Izimov