O‘zbek energetikasining bugungi maqsadi tannarxni shishirish va pul o‘zlashtirishga qaratilgan

Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, 1 kub metr gazning tannarxi 1 890 so‘m, 1 kVt.soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘m emish.

Xuddi shu vazirlik 1 yil avval 1 kub metr gazning tannarxini 1400 so‘m, 1 kVt.soat elektr energiyasi tannarxini 800 so‘m deb eʼlon qilgandi.

Demak, shonli energetiklarimiz bir yil ichida gaz tannarxini 35%ga, elektr energiyasi tannarxini 21,25%ga shishirishgan.

Albatta, gaz va elektr tannarxi bilan bog‘liq o‘tgan yilgi raqamlarga ham, bu yilgi raqamlarga ham zarracha ishonch yo‘q. Chunki o‘zbek energetikasining 2017 yildan keyingi butun maʼno mazmuni energetikada milliardlab dollar qiymatdagi byudjet va qarz mablag‘larini o‘zlashtirish va tannarxni tinimsiz shishirish, pirovardida mamlakat energetikasini va u orqali butun o‘zbek iqtisodiyotini potensial agressor davlatga qaram qilish ustiga qurilgan (bu mening shaxsiy fikrim, hech kimga tiqishtirmoqchi emasman).

Vaholanki 3 yil avval Davlat rahbari energetika sohasidagi bozorga o‘tishdan avvalgi eng katta vazifasi deb tannarxni kamaytirishni belgilagan edi. Vazirlikning o‘ziyam tannarxni kamaytirish strategik yo‘nalishlardan biri deb bilgan (hatto ichki hujjatlarda va biznes-rejalarda har yili tannarxni 10 foizgacha kamaytirish chora-tadbirlari belgilab kelingan). Reallikda butun harakatlar tannarxni shishirish va sohaga, ayniqsa oldindan iqtisodiy samarasizligi aniq bo‘lgan, karrasiga qimmatlashtirilgan loyihalarga tinimsiz, misli ko‘rilmagan qarz va byudjet mablag‘larini jalb qilib kelingan.

Yuqorida tannarx bo‘yicha keltirilgan raqamlarga zarracha ishonch yo‘qligi haqida bejiz taʼkidlamadim. Birgina misol: agarda Energetika vazirligining raqamlari to‘g‘ri bo‘lsa, demak biz Qirg‘izistonga gazni, Afg‘onistonga esa elektrni tannarxidan past narxda sotmoqdamiz. Bu esa absurd, g‘irt ahmoqgarchilik bo‘lgan bo‘lardi.

Unda nega vazirlik o‘zining vertikal nazoratidagi tizimda gaz va elektr tannarxini bunaqa oshirib ko‘rsatmoqda?

O‘ylashimcha, maqsad aniq: tariflar oshganidan keyin ham tannarxni qoplamayapti, degan vaj-korson bilan samarasiz loyihalarni davom ettirish va qora o‘pqonga aylangan tizimda pul o‘zlashtirishni to‘xtatmaslik. Chunki faqat shu yo‘l bilan trillionlab qiymatdagi xatolar va o‘zlashtirishlar yuvilib, “spisat qilinib” ketaveradi.

Shu maʼnoda 1 oktyabrdan keyin biznes uchun tariflarning oshirilishi (buning zaruriyatini hamma sog‘lom aql egalari tushunadi va qo‘llab-quvvatlaydi) faqat narxlarning oshirilishi bo‘lib qolmasligi uchun sohada haqiqiy bozor islohotlarini va tarkibiy o‘zgartirishlarni boshlash kerak. Hozirdanoq.