“Tolibon” harakatining Afg‘onistondagi bir yillik “hukmronligi”

Bir yil oldin Afg‘onistonda toliblar hokimiyatni egalagan edi. Garchi bu yil olatasirlarsiz o‘tgan, “Afg‘oniston muammosi” haqida Ukrainadagi urush sabab kamroq gap-so‘z bo‘layotgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘onistonda yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib borishi va mintaqa uchun ehtimol tutilgan oqibatlarni bashorat qilishi muhimdir. 

Afg‘onistondagi real vaziyat va jarayonlarni kuzatib borishga asoslangan tahlil ko‘rsatishicha, “Tolibon” harakati hokimiyatni tashqi kuchlar ko‘magida bir yil boshqarishi mobaynida muayyan “muvaffaqiyatlar”ga erishishi barobarida o‘ta og‘ir muammolarga ham duch kelgan. Ular tajribasini tahlil qilish uchun quyidagi bandlarni ko‘rib chiqamiz.

Tashqi siyosatdagi yutuqlar va boy berilgan imkoniyatlar

Pokiston, Xitoy, Eron, O‘zbekiston, Fors ko‘rfazidagi ayrim monarxiyalar va qisman Rossiyaning mislsiz qo‘llab-quvvatlaganini harakat hokimiyatni egallab turgan bir yil ichidagi asosiy muvaffaqiyat deb hisoblash mumkin. Quyidagilarni tashqi siyosat yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlar sirasiga kiritsa bo‘ladi:

  • Afg‘oniston Islom Respublikasining Pokiston, Eron, Rossiya, Xitoy, tasdiqlanmagan axborotga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistonda elchixonalar bilan tamsil etilgani;
  • Toliblarga qarshi ichki qurollangan muxolifat, ayniqsa, Afg‘onistonning milliy qarshilik frontiga (AMQF) asosiy aktorlarning ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlovi yo‘qligi;
  • “Tolibon” delegatsiyasining dolzarb kun tartibi va Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun dunyoning ayrim mamlakatlari poytaxtlari va xalqaro konferensiyalarga taklif etilgani;
  • Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatilishi, bu “Tolibon”ga qo‘l kelmoqda, chunki eng zarur va xalq isteʼmoli tovarlari, dori vositalari bilan taʼminlash imkoniyati paydo bo‘lmoqda;
  • Xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ayrim mamlakatlarning elchixonalari faoliyati tiklanishi.

Qayd etish joizki, “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar birinchi navbatda ushbu harakatning muqobilini ko‘rmayotganidan emas, avvalo manfaatlaridan kelib chiqadi. Shu tariqa ular “Tolibon”ni o‘z manfaatini taʼminlab turguncha qo‘llab-quvvatlaydi. Vaziyat o‘zgaradigan bo‘lsa, sanab o‘tilgan mamlakatlar osongina boshqa tomonga burilib ketadi.

Toliblarning tashqi siyosatdagi kamchiliklari va yo‘l qo‘ygan xatolariga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lekin eng asosiylarini qayd etib o‘tamiz:

  • xalqaro eʼtirof va tashqi legitimlik yo‘qligi. Barcha xalqaro tadbirlarda haligacha uch rangli bayroqdan foydalanilmoqda;
  • xalqaro hamjamiyatning birorta ham talabini bajarmadi va shuning uchun o‘z ijobiy imijini yarata olmadi;
  • AQSH va boshqa moliya institutlari “muzlatib” qo‘ygan moliyaviy mablag‘larni foydalanish uchun ola bilmadi;
  • juda ko‘p mamlakatlarda Afg‘oniston Islom Respublikasi elchixonalari ustidan nazorat o‘rnata olmadi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasi toliblar tayinlagan maxsus vakilni qabul qilmadi;
  • toliblarga qarshi qatʼiy mavqega ega bo‘lgan mamlakatlar (masalan, Tojikiston va Hindiston) bilan munosabatlarni izga solishning uddasidan chiqa olmadi;
  • hech qanday yirik investitsiya va infratuzilma loyihasini amalga oshirmadi (vaholonki, bu yo‘nalish bo‘yicha juda ko‘p targ‘ibot materiallari eʼlon qilingan edi) va konservatsiya qilingan loyihalarni tiklay olmadi (Hamid Karzay va Ashraf G‘ani davrida ishga tushirilgan va yarmi bajarilgan loyihalar).

Ichki siyosatdagi yutuqlar va boy berilgan imkoniyatlar

“Tolibon” harakati  hokimiyatni egallab turgan bir yil mobaynida Afg‘oniston ichidagi vaziyat sezilarli tarzda yomonlashdi. Bu ilk navbatda mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli va oddiy aholining farovonligiga daxldor. Shunga qaramay, quyidagilarni jiddiy yutuqlar sirasiga kiritish mumkin:

  • mamlakatda hokimiyatning mustahkamlanishi, hokimiyatning toliblarga xos andozasini (islom amirligi ko‘rinishida) qayta jonlantirish (reinkarnatsiya) va hukumatni tayinlash, hokimiyatga sodiq bo‘lgan guruhlar tuzilgani;
  • ichki qurollangan (AMQFdan tashqari) va qurollanmagan muxolifatni bo‘g‘ib tashlash. Oldingi amaldorlarning mamlakatdagi vaziyatga taʼsirini yo‘q qilish va ularni (ayniqsa, Shimoliy ittifoq vakillarini) siyosiy maydondan siqib chiqarilgani;
  • OAV, din arboblari va fuqarolik jamiyati vakillari ustidan nazorat o‘rnatilgani;
  • sobiq amaldorlar bilan ishlash uchun maxsus guruh tuzilgani. Ularning bir qismi respublika vaqtida “Tolibon” harakatiga salbiy munosabatda bo‘lmagan (etnik omil sabab, masalan: sobiq taʼlim vaziri va parlament ishlari bo‘yicha vazir Farrux Vardak; sobiq haj va vaqf ishlari bo‘yicha vazir Muhammad Siddiq Chakariy; sobiq moliya vaziri Amin Arsalon; Breshna (DABS) korxonasining sobiq rahbari Omonulloh G‘olib; mudofaa vazirligining sobiq matbuot kotibi Davlat Vaziriy va b.) ap Afg‘onistonga qaytib keldi;
  • respublika vaqtida faoliyat ko‘rsatgan davlat xizmatchilari va harbiy xizmatchilarning oz qismi toliblar hukumati tuzilmalariga ishga jalb etilgani;
  • ham qonuniy, ham noqonuniy barcha foyda keltiruvchi sohalarni nazorat qilish. Iqtisodiy soha ustidan mutlaq nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lindi.

Mamlakat ichidagi muammolar “Tolibon” uchun asosiy boshog‘riqligicha qolmoqda. Ushbu sohada yo‘l qo‘yilgan xatolar va boy berilgan imkoniyatlarga misol sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

  • aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar, ayollar va ziyolilar o‘rtasida qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yo‘qligi;
  • na respublika va na “Tolibon” davrida qabul qilingan qonunlar va buyruqlarga amal qilinmaydigan noqonuniy davlatning ustunlik qilishi;
  • etnik, diniy va gender tafovutlari sabab to‘liq miqyosli kamsitish: etnik va diniy tozalashlar, rozi bo‘lmaganlar, toliblarning mavqeiga qo‘shilmaganlarni va hokimiyatini tahdid soluvchilarni o‘ldirish;
  • ijtimoiy-iqtisodiy tizimning inqirozi, qashshoqlik va ishsizlik ortishi, odam (ota-onalar o‘z bolalarini sotmoqda) va inson tanasi aʼzolari savdosi;
  • taʼlim sohasi buhroni: respublika davridagi yutuqlarning yo‘qqa chiqishi, ayollarning taʼlim olishi taqiqlanishi, ayollarning oliy taʼlim olishi cheklanishi, xususiy taʼlim muassasalari faoliyatining asta-sekin  to‘xtatilishi;
  • Afg‘onistondan aql sohiblarining chiqib ketishi ko‘payishi, kadrlarning keskin yetishmasligi, turli sohalar to‘xtovsiz faoliyat ko‘rsatishini taʼminlab beradigan mutaxassislar: fuqarolik mutaxassislaridan (ayniqsa, sog‘liqni  saqlash sohasida) tortib, harbiy va maxsus ixtisoslar vakillarigacha bo‘lganlar soni qisqarishi;
  • Afg‘onistondan boshqa mamlakatlarga chiqib ketayotgan qochqinlar soni ortishi va imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq mamlakatdan chiqib ketishni istayotgan afg‘on vatandoshlari soni ko‘p ekani;
  • Barcha sohalar, jumladan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida pasport olishdan boshlab, chet mamlakatlarga davolanishga borishga [ruxsat olishgacha] korrupsiyaning misli ko‘rilmagan tarzda urchib ketishi;
  • ko‘knori maydonlarining, narkotik moddalar ishlab chiqarish va eksportining ancha-muncha ortishi (bu jarayonni toliblar bugun to‘liq nazorat qilmoqda).
  • Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati hokimiyatiga nisbatan yuritayotgan siyosati
  • Afg‘onistonda “Tolibon” harakati hokimiyatga kelgandan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlari janubiy yo‘nalishda o‘z milliy manfaatlari talqini nuqtai nazaridan bir qancha tadbirga qo‘l urdi. “Tolibon” vakillari O‘zbekistonga (yuksak darajada) va Turkmanistonga (vazir o‘rinbosari maqomida) safar qildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistonning rasmiy vakillari turli darajada Kobulga tashrif buyurdi.
  • O‘tgan yil mobaynida O‘zbekiston vakillari Afg‘oniston yo‘nalishida jiddiy faollik ko‘rsatib, Kobul bilan bir qatorda bu mamlakatning boshqa shaharlarini ham (masalan, Mozori Sharifni) ziyorat qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Afg‘oniston qo‘shnilari orasida “Tolibon” harakati bilan rasmiy muzokara o‘tkazmagan, ularning oldiga vakilini yubormagan va ular vakilini ham qabul qilmagan yagona mamlakat Tojikistondir. Shu tariqa Markaziy Osiyoda “Tolibon”ga nisbatan turli siyosat yuritilayotganini ko‘ryapmiz.
  • “Tolibon” harakatining hokimiyatga kelishi nisbatan Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosati umumiyligini quyidagicha taʼriflash mumkin:
  • birinchidan, mintaqa mamlakatlari o‘z milliy manfaatlari talqinidan kelib chiqadi va bu davlat siyosatida belgilangan ustuvorliklarda aks etadi;
  • ikkinchidan, mintaqa mamlakatlarining Afg‘oniston yo‘nalishidagi yondashuvlari ular davlat sifatida erishgan mustaqilligining ilk kunlaridan beri aytarli o‘zgarishlarga uchragani yo‘q;
  • uchinchidan,  mintaqaning barcha mamlakatlari “Tolibon” hokimiyatga kelgani bois yuzaga kelgan real va potensial xatarlar mavjudligidan xabardor. Ushbu mamlakatdan bo‘layotgan tahdid va xatar muammolari yaqinda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining To‘rtinchi maslahat uchrashuvida ham, 2022 yil iyul oyining so‘nggi o‘n kunligida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ham mintaqa mamlakatlari rahbarlari nutqlarida tilga olindi.
  • Markaziy Osiyo mamlakatlari “Tolibon” harakati hokimiyatga kelishiga nisbatan siyosatining prinsipial farqlari bor. “Tolibon” bilan muloqotlar faolligini quyidagicha tasniflash mumkin:
  • O‘zbekiston bilan Turkmaniston Afg‘oniston yo‘nalishida yuksak faollik ko‘rsatmoqda. Toshkent XX asrning 90-yillaridan beri Kobulga nisbatan qatʼiy pragmatizmga asoslangan siyosat yurgizib kelmoqda, yaʼni ushbu mamlakatda kim vaziyatni chin maʼnoda nazorat qilayotgan bo‘lsa, o‘shalar bilan ish olib bormoqda. Toshkentning Afg‘onistondagi manfaatlari savdo-sotiq, o‘z sarmoyalarini himoya qilish yoki xalqaro tuzilmalar bilan loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Bugungi kunda Toshkent bu mamlakatga eng ko‘p elektr quvvati eksport qilmoqda, u o‘zbek eksport mahsulotlari: eng zarur, yengil va og‘ir sanoat va b. tovarlar sotish bozorini, Janubiy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, Pokiston yo‘nalishida (Karachi va Gvadar dengiz portlari) transport aloqalarini  kengaytirishdan manfaatdor.
  • O‘zbekiston Markaziy Osiyoning Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro tadbirlar o‘tkazayotgan  yagona mamlakatidir, so‘nggi 5 yil ichida 3 ta shunday tadbir o‘tkazildi. O‘sha tadbirlarning so‘nggisi Toshkentda 2022 yilning 25 – 26 iyul kunlari bo‘lib o‘tdi va unda 20 ta mamlakatdan 100 ortiq delegatsiya ishtirok etdi. Konferensiyada “Tolibon” harakatini mamlakat tashqi ishlar vazirligi va moliya vazirligi tamsil qildi. 3 ta konferensiyaning barchasi O‘zbekiston manfaatlari nuqtai nazaridan bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqdir. Afg‘oniston Islom Respublikasi qulashidan oldin Afg‘onistonga oid mavzular bo‘yicha Toshkent formati boshqa shunga o‘xshash maydonchalar bilan raqobat qilayotgan va Afg‘onistondagi jarayonlarga jalb etilgan mamlakatlar uchun jozibaliroq joy bo‘layotgan edi. “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” deb nomlangan so‘nggi konferensiya “Tolibon” harakati hokimiyatga kelgandan so‘ng Toshkentning Afg‘onistonga nisbatan siyosati maqsadlarini aks ettirar ekan, global miqyosdagi ayni mavzuga bag‘ishlangan eng yirik tadbir bo‘ldi. Bu konferensiyada Toshkent o‘z infratuzilma, birinchi navbatda Afg‘onistondan Pokistonga o‘tish uchun koridor – dahliz sifatida foydalanish loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Yuqori lavozimli o‘zbek amaldorlari (masalan, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov) “Tolibon” harakati bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, Afg‘onistonning G‘arb mamlakatlari moliyaviy muassasalarida saqlanayotgan moliyaviy resurslarni foydalanishga ochish uchun jahon hamjamiyatiga daʼvat qilish borasida faol ishlash bilan bir qatorda toliblarning o‘sha uchun ijobiy imijini yaratish bilan ham shug‘ullandi. Yuqorida zikr etilgan va “Tolibon” uchun ham muhim bo‘lgan Toshken  konferensiyasida ushbu harakatning tashqi ishlar vaziri berilgan imkoniyatdan foydalanib, erishilgan “muvaffaqiyatlar” haqida so‘zlab berdi. “Tolibon”ning bosh diplomati yana bir karra bajarib bo‘lmaydigan vaʼdalar berdi: turli terroristik guruhlar, jumladan, Islom Davlati – Xuroson bilan aloqalarni uzgani (“Al-Qoida”yetakchisi Ayman az-Zavahiriyning Kobulning xos mavzesidagi “Tolibon” hukumati ichki ishlar vaziri uyida yashagani Toshkentda eʼlon qilingan bayonotni rad etadi) hamda narkotik moddalar va korrupsiyaga toqat qilmaslik siyosati yuritilayotgani haqida bayonot berdi.
  • Betaraf Turkmaniston siyosati o‘ziga xosligi Ashxobod ham Afg‘onistonni nazorat qilib turgan kuch bilan ish olib borayotganidir. Shunday qilib, Turkmaniston professor Burhoniddin Rabboniy, “Tolibon” harakati (1996 – 2001) hukumatlari, muvaqqat hukumat, Hamid Karzay va Ashraf G‘ani maʼmuriyatlari bilan qalin munosabatda bo‘lgan, endi esa “Tolibon” harakati bilan shunday mnosabatlarga ega. Turkmanistonning Afg‘onistondagi asosiy manfaatlari sifatida Janubiy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, Pokistonga energiya resurslarini uzatish bo‘yicha infratuzilma loyihalarini (TAPI) amalga oshirishni; turkman mahsulotlarini ushbu mamlakat bozorlariga eksport qilishni; maksimal savdo va iqtisodiy foyda olishni; Turkmanistondagi siyosiy voqelikning o‘ziga xosliklaridan kelib chiqqan holda Afg‘onistondagi taʼsirga ega kuchdan xavfsizlik kafolati olishni sanab o‘tish mumkin.
  • Yuqorida bildirilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston bilan Turkmaniston iqtisodiy maqsadga muvofiqlik, siyosiy sabablar va o‘z xavfsizligini taʼminlash uchun “Tolibon” harakati bilan hamkorlik qiladi, deb xulosa chiqarsa bo‘ladi. O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan siyosatini “Tolibon” bu mamlakatdan hokimiyatga uzoq vaqt kelgani bilan asoslaydi. Turkmanistonda Afg‘onistondagi vaziyatga baho berilayotgani ko‘zga tashlanmaydi, ammo “Tolibon” bilan muloqot va umuman, ushbu mamlakatning janubiy yo‘nalishdagi siyosati haqida eʼlon qilinayotgan axborot uning strategiyasi O‘zbekistonnikiga o‘xshash ekanini ko‘rsatadi. Toshkent bilan Ashxobod mana shu va boshqa omillar asosida janubiy yo‘nalishda oldin boshlangan hamda yangi iqtisodiy va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ularni “Tolibon” harakati ko‘magisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, Ashxobod bilan Toshkent AIR elchixonasini “Tolibon” diplomatlari ixtiyoriga bergan. Shunga qaramay, ularning “Tolibon”ga nisbatan siyosati o‘zgarishi ehtimoli mavjud. Bu Afg‘onistondagi siyosat o‘zgarishi bilan yuz berishi mumkin va ular bu mamlakatdagi vaziyatni nazorat qiladigan kuch bilan hamkorlik qiladi.
  • Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston Afg‘oniston yo‘nalishida o‘rtacha faollik ko‘rsatmoqda. Bunday siyosat Nur-Sulton bilan Bishkekning Afg‘oniston bilan umumiy chegarasa yo‘qligiga asoslanadi va ular qo‘shnichilikning ikkinchi halqasida turibdi. Shunday qilib, Qozog‘iston Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari va energiya resurslarining yirik eksportchilaridan biridir. Nur-Sulton mintaqaning boshqa mamlakatlaridan farqli o‘laroq, AIR davrida madaniy va gumanitar yo‘nalishda, aynan taʼlim va Afg‘oniston ehtiyojlari uchun kadrlar tayyorlashda jiddiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ya bildi. 2022 yil yanvaridagi voqealardan keyin siyosiy rahbariyat Afg‘onistondan mintaqa mamlakatlariga potensial tahdid va xatarlar mavjudligi haqida jiddiy bayonotlar bera boshladi. Masalan, bunday xavotirlarga sabab bo‘lgan narsa Ato Muhammad Nur tarqatgan maʼlumotga ko‘ra, jangarilarning asli kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan yetakchisi Qozog‘iston vatandoshi ekan. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan solishtirganda, Qirg‘iziston Afg‘onistonda jiddiy loyihalari va manfaatlari yo‘q bo‘lsa-da, “Tolibon” bilan faol hamkorlik qila boshladi. Bishkekning bunday siyosatiga turli sabablar, jumladan, qo‘shni mamlakatlar bilan mavjud muammolari bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, Qirg‘izistonda mamlakatiga real xatarlar borligi haqida jiddiy gapirilmoqda. Bu mamlakatdagi “Jamoati Tablig‘”, “Hizb ut-tahrir” va boshqa ekstremistik tashkilotlar faol ish olib borgan edi, ular bugungi kunda ham taʼsirini saqlab qolmoqda.
  • “Tolibon” harakati bilan umuman hamkorlik qilmayotgan mamlakat Tojikistondir. Dushanbe bugungi kunga qadar “Tolibon” vakillari bilan siyosiy muzokara o‘tkazmagan Afg‘onistonning yagona qo‘shnisi bo‘lib qolmoqda. “Tolibon”ning turli darajadagi vakillari Tojikiston bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish haqida ko‘p marta takliflar berdi. Tojikistonning ayni harakatga nisbatan siyosati o‘ziga xosligi shundaki, Dushanbe uning birinchi hukumati davrida ham (1996 – 2001 yillar), bugun ham hokimiyatini tan olgani yo‘q. Dushanbe 25 yildan oshiqroq vaqt mobaynida faqat markaziy va legitim hukumat bilan hamkorlik qilish zarur, degan yondashuvga amal qilib kelmoqda. Faqat bundan “Barqi Tochik” ochiq aksionerlik holding kompaniyasi bilan “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) shirkati vakillari o‘rtasida 2021 yil dekabrida Toshkentda elektr quvvatini sotib olish haqidagi bitimning amal qilish muddatini uzaytirish mustasno bo‘lgan edi. Yana 2022 yil mayida Markaziy Osiyo futbol uyushmasining (CAFA) Dushanbeda o‘tkazilgan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi chempionatga Afg‘oniston terma jamoasi bilan birga “Tolibon” harakati  vakili ham kelgan edi.
  • Tojikistonning Markaziy Osiyo boshqa mamlakatlari bilan solishtirgandagi boshqa o‘ziga xos jihati sifatida AMQF bilan qalin munosabatlari borligini keltirish mumkin. Turli sabablarga ko‘ra, “Tolibon” vakillari matbuotda va rasmiy tadbirlarida Tojikistonga tahdidlar qilib turibdi. Bunday daʼvatlar tez-tez yangramoqda va toliblar shu tariqa qo‘rquv uyg‘otmoqchi. 2014 yilda Tojikiston Afg‘onistondagi voqealarning har qanday rivojlanishiga tayyor. Umuman, Dushanbening “Tolibon” harakatiga nisbatan siyosati fuqarolar urushining ayanchli tajribasiga asoslanadi. Shuning uchun Tojikistonning barcha eksremistik va terroristik tashkilotlar bilan munosabatlari yaxshilanishi dargumon.
  • Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Afg‘onistondan bo‘layotgan tahdid va xatarlar
  • Afg‘onistondagi vaziyat tahlili ko‘rsatishicha, ushbu mamlakatdagi noaniq va beqaror vaziyat yaqin istiqbolda ham saqlanib qoladi. Mintaqadagi va qo‘shni mamlakatlar saʼy-harakatlariga qaramay, Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashuvi ehtimoli kam deb baholanmoqda, chunki sanb o‘tilgan o‘yinchilarning manfaatlari tiyib turuvchi omil vazifasini o‘taydi.
  • “Tolibon” harakatining Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun terrorizm xavfi ancha-muncha ortdi, deb aytish mumkin. Afg‘onistonda chet el terroristik tashkilotlari faollashdi, “Tolibon” harakati esa ushbu guruhlarni faol himoya qilish bilan shug‘ullanmoqda, barcha zarur vositalar va sharoit bilan taʼminlamoqda, shuningdek, ulardan o‘z harbiy muxolifatiga qarshi kurashish uchung foydalanmoqda. Ular yana o‘sha jangarilarni, etnik kelib chiqishiga asoslangan holda, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaradosh hududlarga joylashtirmoqda.
  • Yuqorida qayd etilganidek, “Tolibon” harakati bir necha marta, chet el terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan va vaʼda bergan edi. Aslida bu harakat hech qachon vaʼdasining ustidan chiqmasligini va huquqiy majburiyatlariga rioya qilmasligini ko‘rsatdi.
  • Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlariga ulardan Afg‘onistonga borib qolgan jangarilar qattiq tahdid solayotgani ayon. 2009 yildan keyin Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida ekstremistik guruhlar paydo bo‘layotgani kuzatilmoqda va ular 13 yil mobaynida xatar va tahdidlar tabiatini jiddiy tarzda o‘zgartirib yubordi. “Tolibon” harakati hokimiyatga kelishi bilan potensial xatar va tahdidlar real xatar va tahdidlarga aylandi. Bugun Markaziy Osiyodan borgan kishilar bir qancha chet el ekstremistik guruhlari, jumladan, O‘zbekiston islom harakati (O‘IH), “Ansorulloh”, Sharqiy Turkiston islom harakati (SHTIH), “Islom Davlati – Xuroson” va b. tarkibida bo‘lib turibdi. Tojikistonning huquqni muhofaza etish idoralari axborotiga ko‘ra, kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan jangarilarning aksariyati “Tolibon” hukumati ichki ishlar, xavfsizlik va mudofaa vazirliklari qoshidagi “Shuhado”, “Badriy”, “Mansuriy”, “Umariy” va “Intihoriy” kabi maxsus bo‘linmalarda yo‘riqchi va yollanma harbiy xizmatchi bo‘lib ishlamoqda. “Tolibon” harakati chet ellik, jumladan, kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan jangarilar potensialidan hujum va jazolash amaliyotlarida foydalanmoqda.
  • Kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan jangarilar maqsadi mintaqa mamlakatlarining dunyoviy rejimlarini ag‘darib tashlash ekanini yashirayotgani ham yo‘q. Ularga “Tolibon” harakati hokimiyatni kuch ishlatish yo‘li bilan egallab olgan ilhom berdi. Afsuski, bunday tajriba mintaqa mamlakatlaridagi ekstremistik kayfiyatlarni jonlantirishi va faollashtirib yuborishi mumkin. Muammolarni retrospektiv (ortga nazar tashlab) tahlil qilish dalolat berishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari mavjud xatarlar va qaltislikni pasaytirishga o‘z vaqtida eʼtibor qaratmasa, Islom Davlati 2013 – 2016 yillarda mintaqa mamlakatlaridan odam yollaganidan ham dahshatliroq holat yuz berishi mumkin ekan, bu mintaqa mamlakatlari  vatandoshlarining Afg‘onistonda mavjud ekstremistik guruhlar tarkibiga jalb etilishiga olib keladi.
  • “Tolibon” harakati rahbariyati bir necha oy oldin Afg‘onistonda ko‘knori ekish va narkotik moddalar ishlab chiqarishni bekor qildi, ammo ular ilk marta hokimiyatni egallab turgan payti ham shu ishni qilgan edi. Bu qadam Afg‘onistondagi narkotik moddalar aylanmasi ustidan mutlaq nazorat o‘rnatishga qaratilgan. “Tolibon” harakati hokimiyatni egallab turganining bir yilligi munosabati bilan yaqin istiqbolda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qurol-yarog‘, narkotiklar, portlovchi moddalar kontrabandasi va ehtimolki, chet ellik jangarilarni mintaqa mamlakatlariga tashlash tahdidi ortib boradi, deb bemalol xulosa qilish mumkin.
  • Tojikistonning narkotik moddalar nazorati bo‘yicha agentligi rahbari Habibullo Vohidzoda bergan maʼlumotga ko‘ra, 2021 yil avgustidan 2022 yil avgustiga qadar, “Tolibon” harakati hokimiyatda turgan paytda Tojikistonga 3 tonnadan ortiq narkotik moddalar olib kirilishi oldi olingan. 2020 yilda Afg‘oniston bilan chegara orqali narkotik moddalar olib o‘tish hajmi 1 tonnadan oshgan.
  • Xulosa
  • “Tolibon” harakatining tashqi va ichki siyosatdagi erishgan yutuqlari, shuningdek, kamchiliklari va boy berilgan imkoniyatlarini tahlil etarak, yaqin istiqbolda Afg‘onistonni nimalar kutayotganini bashorat qilish mushkul. Ukrainadagi inqirozli vaziyat hamda Tayvan masalasida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi “Tolibon”ga qo‘l kelmoqda. Yaqin kelgusidagi Afg‘onistondagi vaziyat hech bir o‘zgarishsiz qoladi. Xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” hukumati legitimligini tan olish ehtimoli juda kam, chunki ularning hokimiyatga kelishidan eng ko‘p foyda ko‘radigan Pokistonday mamlakat ham hali toliblarni tan olgani yo‘q. Ko‘plab mamlakatlar AQSH “Tolibon” harakatiga nisbatan o‘zini qanday tutishiga qarab, undan ulgi oladi, deya taxmin qilish mumkin. AQSH  joriy yil iyuli oxirida “Al-Qoida” rahbari Ayman az-Zavahiriyni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus amaliyot o‘tkazishi bilan OAVdagi Amerikaga qarshi propaganda materiallari eʼlon qilinishi va o‘z harbiy kuchlarining jismonan Afg‘onistonda yo‘qligiga qaramay, Afg‘onistondagi vaziyatga jiddiy taʼsir ko‘rsatayoganini namoyish etdi.
  • Shundan kelib chiqqan holda, mintaqa mamlakatlarining mavqei va yondashuvlari turlicha bo‘lishidan qatʼi nazar, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni  mustahkamlash o‘ta muhim ahamiyatga ega, bu Afg‘onistondan bo‘layotgan haqiqiy tahdidlarni kamaytirishi mumkin. Yana Markaziy Osiyo mamlakatlariga Afg‘onistondan bo‘layotgan xatar va tahdidlar tabiatini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Garchi davlatlarning mavqe va yondashuvlari farq qilsa-da, ekspertlar darajasida umumiy potensial va rel xatarlar va tahdidlarni belgilab olish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Muallif: Mahmud G‘iyosov va Sherali Rizoyon