2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Yanvar oyi tashqi savdo statistikasining eng hayratli hodisasi, yo‘q, bu 1,2 mlrd. dollarlik oltin eksporti emas. Bu Germaniyaning importda O‘zbekistonning birinchi raqamli hamkoriga aylangani. Yanvarda Germaniyadan importimiz hajmi 490,8 mln. dollarni tashkil etgan va nemis do‘stlar hatto Rossiya va Xitoyni ham ortda qoldirgan. Xo‘sh, yanvarda Germaniyadan mamlakatimizga nima import qilgan bo‘lishimiz mumkin? Bunga ko‘p tanqidga uchraydigan statistikamiz javob bermaydi.

Yana bir muhim voqelik Litva va Fransiyaning TOP-10 savdo hamkorlar ro‘yxatiga kirib qolgani. Litvadan 105 mln. dollarlik, Fransiyadan 73,5 mln. dollarlik importni amalga oshirganmiz. Yana tarkibi nomaʼlum. Samolyot olganmizmi? Qurol – aslahami?
Ha, darvoqe. 2022 yilda eksportimiz tarkibida juda katta hajm va ulushga ega bo‘lgan, ekspertlarda ancha ko‘p savollar va shubhalar tug‘dirgan “Energiya generatori mashinalari va asbob-uskunalari” va “Sanoat va mashina qismlari uchun maxsus bo‘lmagan mashina va uskunalar” moddalari yo‘q bo‘lib qolgan. Bu moddalar o‘rniga “Elektr aloqasi, ovozni yozish va ovozni eshittirish apparaturalari va uskunalari” (5,4 marta o‘sish) hamda “Kanselyariya mashinalari…” (49,1 marta o‘sish) degan moddalar qo‘shilgan. Kodi ochiqlanmagan tovar va xizmatlar istalgan moddaga qo‘shib, istalgan moddadan chiqarib yuborish mumkin bo‘lgan o‘zbek statistikasi uchun bu favqulodda og‘ir ish emas.
Shuningdek, yanvarda 3,7 mln. dollarlik gaz eksporti qayd etilgan (Xitoy statistikasi hali ochilmadi). Elektr eksporti esa, statistikaga ko‘ra, negadir umuman yuz bermagan.
Yanvarda atiga 20 ming dollarlik gaz importi ko‘rsatilgan. Elektr importi esa umuman bo‘lmagan. Lekin ko‘mir importi sezilarli darajada o‘sgan.
Import tarkibidagi eng katta o‘sish tarkibi nomaʼlum “Boshqa transport uskunalari”ga to‘g‘ri keladi. Yanvarda 634,1 mln. dollarlik shu toifadagi import ro‘y bergan. Bu o‘tgan yilga nisbatan naq 352,4 marta ko‘p.
O‘tgan yili gurkiragan xizmatlar importi esa o‘sishdan deyarli to‘xtagan. Balki shu yo‘l bilan chetga olib chiqib ketiladigan pulning o‘zi qolmagan bo‘lishiyam mumkin.
Yanvar oyi tashqi savdo statistikasining eng asosiy signali esa quyidagicha:
Oltinsiz eksport kamtargina 6% o‘sgan va 900 mln. dollardan sal oshgan xolos va u ham bo‘lsa asosan bitta davlat hisobiga (bir urinishda toping). Tovarlar eksporti esa qisqara boshlagan (636,4 mln.dollardan 627,5 mln. dollargacha). Oltinsiz eksport o‘sishdan deyarli to‘xtagan, tovarlar eksporti qisqara boshlagan oyda importimiz 40%ga ko‘payib, qariyb 3 mlrd.dollarga yetgan.
Importning keskin o‘sishi hisobiga oltin-valyuta zaxiralarimiz qachonlardir maqtanganimizdek 24 oyga emas, 20 oyga emas, 18 oyga emas, 14 oyga emas, endi 12 oyga yetadigan darajani tashkil etadi.
