Yangi O‘zbekiston bahori – xarajatli va kambag‘allashtiruvchi o‘zgartirishlar kuchga kirdi

Mart sovuq keldi: oylik va nafaqalar oshmadi, isitish davri uzaytirilmadi. Bahorning birinchi kunlarida shimolda harorat minus 10 darajagacha tushadi, qolgan hududlarimizda tunda minusli harorat saqlanadi. Erta va indin juda ko‘p hududlarda qor vaʼda qilinmoqda.

Lekin tabiiy gaz uchun isitish mavsumi o‘rtamchi oligarxiya trillionlab subsidiya olayotganiga qaramay, qayta ko‘rib chiqib uzaytirilmadi. Bugundan boshlab, oylik bazaviy meʼyor 100 kubga tushadi. Bu kimga 3 kun, kimga 5 kunga yetadi. Undan keyin bir kub gaz uchun 1500 so‘mdan, yaʼni 2,3 karra qimmatroqdan to‘lash boshlanadi. Shu maʼnoda, o‘zbekistonliklarning mart oyidagi xarajatlari fevraldan ko‘ra karrasiga ko‘proq bo‘lishi tabiiy.

Qolaversa, joriy mart harorati ham sovuqroq kutilmalarni taqdim etmoqda. Bu xaqida Gazeta.uz ning oylik ob—xavo sharxida hududlar kesimida oylik xarorat meʼyordan qancha past yeki yuqori kelishi bilan bog‘liq kartalarda xam keltirdik.

Garchi, O‘zgidromet mart oyining meʼyor va undan 1—1.5 daraja yuqori yaʼni “iliq” kelishi xaqidagi go‘yeki ijobiy kutilmalarini taqdim etgan bo‘lsa ham bu kutilma o‘tgan 2024 yoki 2023 yildagi mart iqlimidan ancha sovuq bo‘lishini anglatadi.

Aytmoqchi, bizda oktyabr—mart oylari yilning sovuq davri sanalsa, aprel—sentyabr oylari yilning iliq davri degan tamoil ham bor kamiga. Yaʼni mart yilning sovuq oyi hisoblanadi.

Gaz resurslari taqsimotida og‘ir qish mavsumini boshidan o‘tkazgan energetika tizimining 1 martdan aholi va tarmoqlarda foydalanishdagi tabiiy gaz uchun 100 metr kubdan ko‘proq gaz ishlatganlar karrasiga ko‘proq pul to‘lashi bilan bog‘liq qarori qishni zo‘rg‘a oyoqda tik o‘tkazib olgan va buyog‘i puli uda kamaygan o‘rta va past daromadli qatlam cho‘ntagiga katta yuklamani beradi.

Qolaversa, sovuq zahri uzoq kutilayotgan mart oyi dehqonchilikning kechroq boshlanishiga, asosiy daromadi agrar sektorda bo‘lgan aholi qatlamining martning asosiy kunlarini uy ichidan deraza orqali tashqariga mayus uzoq tikilishiga olib kelishini anglatadi.

Energetik tizim ana bu mart oyida gaz to‘lovlari 100 m kubdan oshgach bir necha borobar ko‘p to‘lovlarni to‘lashi bilan bog‘liq qarorga tezroq o‘zgartirish kiritib, xalqning manfaatlarini bir o‘ylab ko‘rar?

Xarajatlar oshishi tashvishlari fonida oylik va pensiyalar 1 martdan boshlab 10%ga indeksatsiya qilinishi haqidagi mish-mishlar rad etildi. Lekin indeksatsiya qachon bo‘lishi haqida ham biron ishora berilgani yo‘q.

Lekin yoqimsiz xabarlar bu bilan tugamaydi. Bugundan boshlab, skuterni boshqarish uchun imtihon topshirish va haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab qilinadi. Kambag‘alni urma, so‘kma, qimmat nomer taqtir va yagona imtihon markazidan o‘tkazib shil. Avvalroq skuterlar uchun qimmat nomerlarni taqish majburiy qilingandi. Nomer qiroli ham, imtihon markazlari ham, kuchga kirgan jarima ballari qonuni benefitsiarligi ham kimga borib taqalishi bilsangiz kerak.

Ha, yoqimsiz o‘zgarishlarning desertiga ekostikerlar bor. Bugundan ekologik stikerlarni joriy qilish boshlanmoqda. Stikerlar bilan bog‘liq qoidalar ishga tushsa, shaharlarda ayrim hududlarga kirganlik uchun jarimalar joriy etiladi. Gaz yo‘q, 80 shiptirdan hali beri voz kechish rejalari yo‘q, muttaham monopolistlar va ularning yugurdak shotirlari elektromobillarga yangi va yangi taqiq va cheklovlar qo‘shishmoqda. Absurd ko‘rinar, lekin yangi O‘zbekiston uchun bu yangi normaga aylanib bo‘ldi. Borib borib, Yagona ekostiker Markazi MCHJ paydo bo‘lib qolmasa edi, degan xavotirlar ehtimoli tobora reallashmoqda.