Rossiyaning nufuzli tahlil markazi (NIIKR) 2025 yil yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyaga nisbatan “do‘stona munosabati” reytingini eʼlon qildi. Undagi xulosalar juda qiziq: mintaqa davlatlari Rossiya bilan aloqalarni uzmayapti, lekin endi faqat Moskvaga qarab ish tutmayapti.

Rossiyalik ekspertlar buni “xavf” deb atamoqda. Biz uchun esa bu — mustaqil siyosat. Xo‘sh, aslida vaziyat qanday?

«Eksklyuzivlik davri tugadi»

Hisobotning bosh g‘oyasi shu: Ilgari Markaziy Osiyoda taʼlim, fan, iqtisod va madaniyat sohasida Rossiya yakkahokim (eksklyuziv) edi. 2025 yilga kelib bu monopoliya yo‘qoldi.
Endi yoshlar faqat Rossiya oliygohlariga emas, Xitoy, Turkiya va Yevropaga ham intilmoqda. Savdoda ham raqobat kuchaygan.

O‘zbekiston: 6-o‘rindan 7-o‘ringa. Sabab nima?

O‘zbekiston reytingda bir pog‘ona pastlab, 7-o‘ringa tushdi (Tojikiston esa yuqoriladi). Bu O‘zbekiston-Rossiya aloqalari yomonlashdi deganimi? Yo‘q.

Rossiyalik tahlilchilar O‘zbekistonning pastlashini quyidagi “pragmatik qadamlar” bilan izohlashmoqda:

O‘zbek banklari va kompaniyalari G‘arb sanksiyalariga tushib qolmaslik uchun xalqaro talablarga (komplayens) qatʼiy rioya qilmoqda. Bu esa Rossiya bilan ayrim moliyaviy operatsiyalarni cheklaydi. Tangani yana bir tomoni, O‘zbekistonda Xitoy, Turkiya va Yevropa taʼlim dasturlari ko‘paydi. Yoshlar ongi uchun kurashda Rossiya endi yagona lider emas. Qolaversa, Toshkent C5+1 (AQSH) va Yevropa Ittifoqi bilan faol muloqot qilmoqda. Rossiya buni “strategik raqobat” deb ko‘rsa-da, O‘zbekiston buni milliy manfaat deb biladi.

Qo‘shnilarda vaziyat qanday?

Qozog‘iston: Rossiya bilan juda yaqin, lekin jamiyat ichida va ijtimoiy tarmoqlarda “dekolonizatsiya” (mustamlakachilikdan qutulish) kayfiyati kuchaygan. Shuningdek, tarixni qayta ko‘rib chiqish jarayoni ketmoqda.

Qirg‘iziston: Xitoy va Turkiyaning madaniy va iqtisodiy taʼsiri keskin oshgan.

Tojikiston: Rossiya uchun asosiy sherik bo‘lib qolmoqda, lekin savdoda Xitoy allaqachon birinchi o‘ringa chiqib olgan.

“Xavf” yoki “Yangi reallik”?

Rossiyalik ekspertlar bu jarayonni “RF uchun xavf” deb baholamoqda. Aslida esa, bu Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti mustahkamlanayotganidan dalolatdir.

Birinchidan, mintaqa davlatlari “tuxumlarni bitta savatga solmaslik” siyosatiga o‘tdi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston va qo‘shnilar Rossiya bilan aloqalarni uzmagan holda, dunyoning boshqa markazlari (Pekin, Anqara, Bryussel, Vashington) bilan ham teng manfaatli aloqa qurmoqda.

O‘zbekistonning reytingdagi “tushishi” — bu orqaga qadam emas, balki muvozanatli siyosatning natijasidir. Toshkent uchun muhimi — qaysidir davlatning reytingida yuqori o‘rinda turish emas, balki o‘z iqtisodiyotini sanksiyalardan asrash va xalqi uchun eng foydali hamkorlarni tanlashdir.