Pandemiya qachon va qanday tugaydi?

Rivojlangan mamlakatlarda Kovid-19 ga qarshi emlash tobora tezlashib borar ekan, bundan keyin nima bo‘ladi, degan savol tobora dolzarblashmoqda. Nihoyat ular barcha chegaralarni ochadimi va koronavirusning yangi variantlarining paydo bo‘lishi bunga qanchalik xalaqit berishi mumkin? Jamoaviy immunitetdan hali uzoqmizmi va koronavirusga qarshi samarali davo topilmaguncha dunyo normal hayotga qayta oladimi? Bi-bi-si Rus xizmati pandemiyadan chiqishning mumkin bo‘lgan asosiy ssenariylari va ularning qay biri bugungi kunda olimlarga ehtimoli ko‘proq ko‘rinayotgani haqida hikoya qiladi.

Iyul oyi oxirida “Lancet” jurnalida maqola chop etildi, uning mualliflari – Yevropaning o‘ttiz nafar yetakchi tibbiyot olimi – Kovid-19 pandemiyasi yaqin oylar va yillarda qanday yo‘nalishda rivojlanishi mumkinligi haqida fikr bildirgan. Maqola mualliflarining asosiy savoli shu – pandemiya uch-besh yil ichida tugaydimi?

Yevropalik mutaxassislarning fikricha, bu uch asosiy omilga bog‘liq bo‘ladi:

alohida mamlakatlarda (farovonligi turli darajadagi) va global miqyosda emlash qanchalik tez amalga oshiriladi;

• virus yana qanday mutatsiyaga uchraydi, boshqacha aytganda, yangi (hali paydo bo‘lmagan) variantlar qanchalik xavfli bo‘ladi;

• hammamiz – ham emlangan, ham emlanmagan – rasmiylarning tavsiyalariga qanchalik amal qilamiz.

Mualliflar taʼkidlashicha, bugungi kunda bu sohalardagi ishlar unchalik umidbaxsh ko‘rinmaydi.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, butun dunyoda odamlar aksilkovid cheklovlarga tayyor bo‘lmay borayaptilar

Sayyoramizningharto‘rtinchikattayoshlifuqarosivaksinaningikkaladozasinihamolgan – bunafaqatemdoriningetishmasligi, balkiulargaishonchningyo‘qligidanhamdir.

Ayniqsa, koronavirusning yuqumli “Delta” shtammi deyarli barcha mamlakatlarga kirib borgan va asta-sekin u yerlardan virusning xavfsizroq shtammlarini chiqarib tashlamoqda va, eng yoqimsizi shuki, bu shtamm kasallikni boshdan kechirgan yoki Kovid-19ga qarshi to‘liq emlanganlarga ham yuqadi. Shu bilan birga, maqola mualliflarining xulosalariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab cheklov choralariga yana-da yomon amal qilishmoqda.

Shubhasiz, bunday sharoitda yangi yuqtirganlar soni tobora ko‘payib bormoqda. Statistika shuni ko‘rsatadiki, dunyo pandemiyaning uchinchi to‘lqini cho‘qqisida: iyul o‘rtalaridan beri tasdiqlangan tashxislar soni bir yarim baravar ko‘paydi (har kuni 350 dan 655 minggacha).

Pandemiya yo‘nalishi xastalikka va uning uzoq cho‘ziladigan shakli “uzoq kovid”ga davo topilishiga bog‘liq bo‘ladi

Maqola mualliflari pandemiyani tugatishning mumkin bo‘lgan variantlarini qisqacha tasvirlab, сovid-19 uzoq muddatda sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradimi yoki yo‘qligini ishonch bilan aytishga qiynalgan.

Bir tomondan, ular tan oladilarki, virusdan butkul xalos bo‘lish mumkin emas: hatto har bir bemor tuzalsa ham, infeksiya hayvonlar orasida aylanib yuraveradi va ularda mutatsiyaga uchrashi mumkin.

Boshqa tomondan, ko‘p narsa samarali dori qanchalik tez topilishiga bog‘liq – nafaqat kasallikning o‘ziga, balki “davomli kovid” nomi bilan mashhur bo‘lgan infeksiyaning cho‘zilgan shakliga qarshi kurashish uchun ham.

To‘rt ssenariy

Pandemiya rivojlanishining mumkin bo‘lgan ssenariylari haqida batafsil maʼlumot iyul oyi oxirida Amerika tibbiyot jamiyati JAMA jurnalida chop etilgan maqolada keltirildi.

Mualliflar yozishicha, keng ko‘lamli emlash kampaniyasi (AQSHda u tez surʼatlar bilan bormoqda) oddiy hayotga nisbatan ertaroq qaytishga umid beradi. “Biroq bu yo‘lda ko‘plab to‘siqlar bor: vaksinalarning aholiga notekis yetib borishi, emlanishdan qatʼiy bosh tortish, virusning yangi variantlari va qattol infeksiyaning global to‘lqinlari paydo bo‘lishi”, deya qo‘shimcha qiladi ular.

Chechak virusini 1970 yillarning oxiriga kelib to‘liq yo‘qotishning uddasidan chiqildi

Maqolada tasvirlangan to‘rtta ssenariy “Kovid-19 epidemiyasini hal qila oladigan potensial natijalar spektrini ifodalaydi”.

Birinchi ssenariy bo‘yicha virus yo‘q qilinadi. Unga ko‘ra, shifokorlar deyarli yarim asr oldin variola virusi bilan bo‘lganidek, Kovid-19 ni Yer yuzidan butunlay yo‘q qilishlari mumkin.

Biroq bu muvaffaqiyatni faqat bir shart bilan takrorlash mumkin. Immunitet (emlashdan keyin ham, kasallikdan keyin ham) kuchli va uzoq davom etishi kerak. Shunda u qayta infeksiyadan himoya qiladi va shu bilan birga infeksiyaning keyingi tarqalishi oldini oladi.

Kovid-19 misolida bunga umid yo‘q, virusning tarqalayotgan mutatsiyalarini hisobga olsak, uni butunlay yo‘q qilish variantini “sog‘liqni saqlash strategiyasi sifatida olish u yoqda tursin hatto buni orzu qilish ham xayolparastlik bo‘lib ko‘rinadi.”

“Qisqa muddatli yana-da realroq vazifa”, deb yozadi mualliflar infeksiyani kamaytirish, yaʼni ommaviy emlashlar va qatʼiy cheklov choralari orqali maʼlum bir mamlakatda infeksiyalar sonini vaqtincha nolgacha tushurishdir. Bugungi kunda buning yorqin misoli qizamiq virusi bilan bog‘liq. Bolalarni ommaviy emlash tufayli hozirgi kunda kasallik tarqalishi kam uchraydi va ularni nisbatan tez nazoratga olish mumkin.

Koronavirus holatida bir qancha davlatlar bunga bir muddat erisha oldi: bular Avstraliya, Vyetnam, Xitoy, Yangi Zelandiya va Singapur. Asar mualliflari yozishicha, vaqti-vaqti bilan vaksinani yangilab turish orqali epidemiya nazorat ostida ushlab turilsa, bu variantni amalga oshirish mumkin.

Emlash bilan bog‘liq eng yomon vaziyat qashshoq mamlakatlarda. Bu mamlakatlarda insonlarni emlanmas ekan, virusning butun sayyora bo‘yicha tarqalishining oldini olib bo‘lmaydi

Uchinchi ssenariy – virusli hayot (virus bilan birgalikda yashash) – ishlab chiqilgan vaksinalar (aniqrog‘i ularning kelajakdagi modifikatsiyalari) Kovid-19ning og‘ir shakllari va o‘limdan himoya qiladi degan taxminga asoslanadi. Emlanganlar ko‘p bo‘lgan sharoitda virus o‘lim xavfini yuzaga keltirmaydi va Kovid-19 mavsumiy shamollashga o‘xshash kasallikka aylanadi.

Albatta, umumiy immunitet pasayishi, antitanachalar vaqt o‘tishi bilan tabiiy kamayishi yoki virusning yangi mutatsiyalari tufayli baʼzida emlangan odamlar ham kasal bo‘lib qoladi. Biroq aholining katta qismi har qanday vaqtda yetarlicha himoyalanadi, shunda og‘ir kasalliklarning keng miqyosli tarqalishi oldini olish mumkin.

Va nihoyat, to‘rtinchi ssenariy – alangalanish. Bu variant vaksinalar yetishmasligi, tibbiy qarshi ko‘rsatmalar bo‘lishi, past immunitet yoki emlanishni istamaslik tufayli dunyo aholisining katta qismi emlanmaganda yuzaga kelishi mumkin. Bunday holda, virus tez tarqaladi va mutatsiyaga uchraydi.

Gripp, shamollash va… kovidmi?

Mutaxassislar uchinchi variantni uzoq muddatda eng ehtimoli baland deb hisoblaydilar. Vaksinalar unchalik ko‘p bo‘lmasa da, pandemiya ikkinchi ssenariy bo‘yicha rivojlanadi.

JAMA maqolasining bosh muallifi, Braun universiteti professori Eli Adashi Bi bi si rus xizmatiga: “Butun jahon miqyosida emlanganlar hali juda kam”, deb tushuntiradi.

Ro‘yxatga olingan vaksinalarning aksari xastalikning og‘ir shaklidan ancha samarali himoya qiladi. Ammo bu emlangan odamga virus yuqmaydi degani emas

Tadqiqotda qatnashmagan Sharqiy Angliya universiteti Norvich tibbiyot maktabi professori Pol Xanter ham infeksiyani butunlay yo‘q qilish mumkinligiga ishonmaydi. Uning eslashicha, ikkala ishda ham aytib o‘tilgan chechak – u o‘zidan kuchli immunitet qoldiradi. Va so‘nggi maʼlumotlarga qaraganda, yangi koronavirusdan immunitet himoyasi olti-to‘qqiz oyda taxminan yarmiga kamayadi.

Bundan tashqari, hozirda har xil darajadagi samaradorlikka ega bo‘lgan vaksinalar Kovid-19ning og‘ir kechishi oldini oladi, lekin infeksiyadan himoya qilmaydi: to‘liq emlangan odamlar kasal bo‘lib qolish hollari ko‘p. Ularning kasalligi nisbatan oson yoki umuman asimptomatikdir, lekin shu bilan birga ular boshqalarga yuqtirishi mumkin.

Shuning uchun pandemiya boshida ko‘pchilik olimlar (va ulardan keyin siyosatchilar) umid qilgan jamoaviy immunitet oxir-oqibat erishib bo‘lmas bo‘lib chiqadi.

“Agar sterilizatsiya vositasi bo‘lmasa va virus tarqalishda davom etsa, immuniteti bo‘lmaganlarni himoya qilishning iloji yo‘q, – deb tushuntiradi professor Xanter. – U yoki bu tarzda baribir kasallik yuqtiradi, shu uchun jamoaviy immunitet imkonsiz.

“Yaʼni, biz virusni yo‘q qila olmaymiz. Bundan tashqari, uni biror geografik ramkaga kiritish ehtimoli yo‘q, – deb davom etadi Pol Xanter. – Keng ko‘lamli alangalanishga kelsak, bu variantni qachondir virus dahshatli tarzda mutatsiyaga uchraydi va barchamizni o‘ldiradi, degan maʼnoda tushunmaslik kerak. Menimcha, bu juda qiyin, deyarli imkonsiz deb aytardim

“Katta ehtimol bilan, virus mavsumiy bo‘lib qoladi va biz uni vaqti-vaqti bilan yuqtiramiz. Bu xulosaga dunyoning deyarli barcha yetakchi virusologlari kelgan”, deya xulosa qiladi u.

Virus bilan poyga

Yanvar oyida “Nature” jurnali dunyoning turli burchaklaridan kelgan olimlar – immunologlar, virusologlar va yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, jami yuzdan ortiq ekspert xulosasini to‘pladi.

Respondentlarning deyarli 90 foizi professor Xanter bilan ayni fikrda: Sars-Cov-2 (eradication) koronavirusni butunlay yo‘q qilish mumkin emas va u vaqti-vaqti bilan butun dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etadi. Shu bilan birga, erta yoshida kasal bo‘lgan bolalar kattalarga qaraganda kuchliroq immunitetga ega bo‘ladi va virusning kelajakdagi mutatsiyalaridan qisman himoyalanadi.

Hoynahoy bizni o‘ziga xos “qurollanish poygasi” kutmoqda – vaksinalar bilan virusning yangi mutatsiyalari o‘rtasidagi poyga

Tadqiqoto‘tkazilganekspertlarning 40 foizdankamrog‘i, hechbo‘lmagandamaʼlumhududlarda сovid-19 epidemiyasininolgatushirishmumkindebhisoblaydi.

“Bizning qo‘limizda faqat vaksinalar va cheklov choralari bor va ularga qanchalik rioya qilish kerakligini har kim o‘zi hal qiladi”, deydi JAMA maqolasi bosh muallifi, professor Eli Adashi.

Shu bilan birga, immunitet himoyasi juda tez zaiflashgani uchun vaksinani vaqti-vaqti bilan yangilab turish kerak bo‘ladi.

“Va agar mavjud vaksinalar yetarlicha himoya qila olmaydigan yangi variantlar paydo bo‘lsa chi? U holda, [virus va vaksinani ishlab chiquvchilar o‘rtasida] qurollanish poygasi boshlanishi mumkin”, davom etadi professor Adashi. – Yangi preparatlar doimiy mutatsiyaga uchrayotgan virus o‘rtasida. Va bizda bu musobaqada g‘alaba qozonish uchun imkoniyat bormi, hozircha aniq emas.”

Biroq mutaxassis qo‘shib qo‘yganidek, yuqorida tasvirlangan to‘rtta variantdan tashqari, beshinchi ssenariy ham bor – eng optimistik. U yaqin kelajakda shifokorlar virusga qarshi samarali dori ishlab chiqarishi yoki Kovid-19 uchun boshqa davolash usulini topishi mumkinligidir.

Bunday o‘zgarishlar bor, deydi professor Adashi. AQSH hukumati allaqachon virusga qarshi istiqbolli ikkita preparatni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Hozir ikkalasi ham klinik sinovlarning oxirgi bosqichidan o‘tmoqda va hali ularga aniq nom qo‘yilmagan (hujjatlarda ular AZD7442 va MK4482 kod nomlari ostida ko‘rsatilgan), Nazariy jihatdan, ular pandemiya jarayoniga sezilarli taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

Albatta, ikkala dori ham o‘z samaradorligini ko‘rsatishi va hukumat maʼqullashi kerak. Ammo professor Adashining aytishicha, uning asosiy umidi Kovid-19 uchun dori ishlab chiqarilishidir.

“Yaqin kelajakda faqat virusga qarshi preparat bizni bu ahvoldan qutqarishi mumkin”, deydi u.

Yana oldingidek oson sayohat qilolamizmi? Olimlar bu savolga javob berishga qiynaladilar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ijrochi direktori Mayk Rayanning aytishicha, uning o‘zi pandemiya qachon tugashini bilishni xohlardi. Ammo shifokor doim bemorlarga haqiqatni aytishi kerak va haqiqat shundaki, bu savolga javobni hali hech kim bilmaydi.

“Aniq bilganim shuki, agar har birimiz buning uchun biror narsa qilsak, u tezroq tugaydi, – dedi u. – Agar biz butun dunyoga vaksinalardan foydalanish imkoniyatini bersak. O‘zimizni va boshqalarni qanday himoya qilishni o‘ylasak. Agar kasalxonalarimiz bemorlarga yaxshiroq yordam bersa.”

“O‘ylaymanki, agar biz bu shartlarning barini bajarsak, pandemiyaga ancha oldin barham bera olamiz. Men buni shu yilning oxirigacha deb aytishni istardim, ammo o‘zim ishonmayman. Agar omadimiz kelsa, kelasi yili kasallik nazorat ostida bo‘ladi”, deydi mutaxassis.