Yangi O‘zbekistondagi o‘zbekcha “xususiylashtirish”

Toshkent shahar hokimining qaroriga ko‘ra, 2-Zargarlik korxonasi bino va inshootlari lotlarga bo‘lingan holda sotiladi. Avvalroq “2-zargarlik korxonasi” davlat korxonasining bino va inshootlari o‘n yil muddatga bepul foydalanish huquqi asosida “Fonon” DIICHKga birlashtirilishi, yaqinda esa ushbu korxona «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi ixtiyorida ekani qayd etilgandi.

Xo‘p, nima bo‘pti deyishga shoshilmang.

2019 yil 10 yanvardagi 16-sonli hukumat qarori bilan “2-zargarlik korxonasi” va “1-zargarlik korxonasi” Imperial Jewelry MCHJ xorijiy korxonasiga nol qiymatda topshirib yuborilgandi.

Ikkita zargarlik korxonasining tekinga topshirilishi 20 mln.dollar investitsiya kiritish va 100ta ishchi o‘rni yaratish shartlarida amalga oshirilgan. Qachondir investitsiya kiritish va ishchi o‘rni yaratish shartlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanchalar zarar keltirgani haqida ilmiy ishlar qilinadi.

Imperial Jewelry MCHJ ochiq maʼlumotlarga ko‘ra allaqachon tugatib yuborilgan. Lekin u bilan bog‘liq hukumat qarori haliyam kuchda.

Zargarlik korxonalari bilan bog‘liq yuqoridagi keyslar ham O‘zbekistonda xususiylashtirish sifati va oqibatlarini ko‘rsatadi. Istalgan aktivni noneym korxonaga tekinga berib yuborilishi, keyin qaytib olinishi, avval bitta, keyin ikkinchi parazit davlat uyushmasiga topshirilishi va pirovardida maydalab sotish ham eʼlon qilinishi odatiy holga aylangan.

Buni bugun yopiq eshiklar ortida tekinga yo bozor narxidan farqli bo‘lgan kelishuvlar bilan davlat aktivlarini, huquqlarni olayotgan va shunga urinayotganlar o‘zlari uchun bilib qo‘yishlari kerak: Qanday olingan bo‘lsa, shunday qaytariladi. Mulkdorlik faqat ochiq bozorda paydo bo‘ladi.