420 mln dollarlik afyora: Oligarxlar qarzlarini O‘zbekiston halqi bo‘yniga tashab ketdimi?

lex.uz bazasida baʼzida juda ajoyib sud qarorlari paydo bo‘lib qoladi.

Tasavvur qiling, qaysidir loyihada 80 mln.dollar ulushingiz bor, ulushga nisbatan olinsa sizning bo‘yningizda kamida 200 mln dollar qarz ham bor. Sizning-cha, Sheriklaringiz sizni shu loyihadan silliqqina, bir so‘m to‘lamasdan chiqib ketishiga rozi bo‘lishadimi? Agar rozi bo‘lishsa, ularni kim deb atash mumkin?

O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining Toshkent metallurgiya zavodi MCHJ ning boshqa Kiprlik taʼsischilari «M n (C) L» va «M I L» kompaniyalariga qarshi daʼvosi ko‘rilgan mana bu iqtisodiy ish ham shu jumladan. Yangi davrdagi misli ko‘rilmagan sxemalar haqida kitob yozilsa, Toshkent metallurgiya zavodiga albatta alohida bob ajratiladi. Shuning uchun o‘chirib yubormaslaridan oldin, uni saqlab qo‘ying.

Demak, ish mazmunidan kelib chiqilsa, Toshkent Metallurgiya zavodi tashkil etilganidan buyon qariyb 1 trln.so‘m ziyon ko‘rgan. 2022 yilda ko‘rilgan ziyon 317 mlrd.so‘m. Kompaniya muhim maʼlumotlarini o‘z ixtiyori bilan ochmaydi, chunki ongli ravishda va atayin MCHJ shaklida tuzilgan.

Zavod o‘ta og‘ir iqtisodiy ahvolda. Shuning uchun olingan qarz va kreditlarning muddatini yana cho‘zishmoqchi. Qarzlar va yig‘ilgan majburiyatlar kichik emas, 300 mln.dollargacha yetishi mumkin

Shu o‘lar ahvolda yana qarz olish rejasi ham mavjud. Qandaydur Rossiyaning it topmas, tashkil topganiga 1 yil bo‘lmagan, ustav fondi 10 ming rubldan iborat «m F t XXI» MCHJ degan kompaniyasidan 1,5 mlrd.rubl qarz ko‘tarib, evaziga zavod mol-mulkini garovga qo‘yib berishmoqchi. Oldinga o‘tib aytish mumkinki, ko‘p qo‘llaniladigan sxemaga ko‘ra, keyinchalik zavod ulushlari shu it topmas o‘ris MCHJsiga topshirilishiyam mumkin. Lekin bu hali holvasi.

Emishki, 420 mln.dollarlik zavodning ikkita muhim taʼsischisi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan «M n (C) L» va «M I L» kompaniyalari yig‘ilishlarga uzluksiz kelmayotgan emish. Sud Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daʼvosi bo‘yicha Kiprlik kompaniyalarni taʼsischilar ro‘yxatidan chiqargan. Kiprlik qorako‘zlar esa hech qanday eʼtiroz bildirmagan (nega ham bildirishsin, karrasiga qimmatlashtirilgan buyurtmalar bilan siqib suvi ichib bo‘lingan, faqat hech qachon qaytmaydigan qarzlar qolgan). Zavod ishga tushgan paytda taʼsischilar qatorida Metallurgical Technology and Engineering B.V. va SFI Management Group ko‘rsatilgan. Qachon va qanday qilib oligarx shovvozlar o‘z ulushlarini Kiprlik ofshorlarga qayta rasmiylashtirishgan va bunga O‘zbekiston tomoni nega rozilik bergani nomaʼlum.

Xullas, 26 iyun holatiga Zavodning Kiprliklarning ulushi Toshkent metallurgiya zavodi MCHJ hisobiga o‘tgan. Yaʼni buyog‘iga zavod 100% O‘zbekistonniki, lekin taqir tuquri va yuki o‘zbekistonliklar bo‘yniga yuklanmasa, amalda qaytarish deyarli imkonsiz bo‘lgan qarzlari bilan

Zavod loyihasi boshlangan paytdan boshlab hisoblaganda, hujjatlarga ko‘ra uning qiymati 278,25 mln.yevrodan 334,47 mln.yevrogacha shishirilgan. Ishga tushgan vaqtda qiymati 420 mln.dollar deb eʼlon qilingan

“Kaliti bilan” ishga tushirish, yaʼni butun pudrati, buyurtmalari va boshqaruvi chetdan kelgan oligarxlarning nazorati ostidagi kompaniyalar qo‘lida bo‘lgan («Metprom», SFI Management Group).

Yaʼni zavoddan qanday maza va manfaat olinish kerak bo‘lsa, qurilish va loyihalash vaqtidayoq, buyurtmalar va kontraktlar vositasida olib bo‘lingan. Buyog‘iga qolgan temir tersakdan qanday foydalanish muammosi ularniki emas, ular silliqina loyihadan chiqib bo‘lishdi.

Darvoqe, qishda, ayni energetik krizis vaqtida yashirin qaror bilan shu zavodni himoyalash uchun sinklangan va polimer qoplamali prokat mahsulotlari uchun 10%, lekin har kilosi uchun kamida 0,25 dollarlik import boji kiritilgan edi. Ko‘rinadiki, buyam naf bermagan.

Yangi davrni ko‘z-ko‘zlagan fasadlar qatoriga kiritish mumkin bo‘lgan Toshkent metallurgiya zavodi loyihasiga oid javobsiz savollar juda ko‘p. Lekin nazarimda, bu savollarni O‘zbekiston davlat va milliy manfaatlarini himoya qiladigan rasmiy organlar berishi kerak. Javoblarni ham ular olishi zarur. Tovon va to‘lovlarini ham