Nega O‘zbekistondan Gruziyaga uchish Qozog‘istondan uchishdan ko‘ra ikki barobar qimmat?

Gruziyaga safar qilgan Bosh vazirimizni yuqori tayergarlik va katta ehtirom bilan kutib olishdi. Bu odamni xursand qilmay qolmaydi. Kavkazdagi do‘st davlat bilan aloqalarimiz yana-da chuqurlashishi kerak.

Har safar Gruziyaga borganda o‘zbekistonliklarni qozog‘istonliklar bilan adashtirishlariga guvoh bo‘laman. Chunki Gruziyaga yiliga O‘zbekistondan atiga 20 ming atrofida turist borsa, Qozog‘istondan 7-10 barobariga ko‘proq turist tashrif buyuradi. Qozog‘istondan Gruziya shaharlariga uchish Toshkentdan Batumi va Tbilisiga uchishdan ikki barobariga arzonroq.

Buyam mayli, ochofat monopolist havoshka (O‘HY) bu bilan O‘zbekistonliklarni pulini sovurmoqda dersiz, lekin bundan O‘zbekistonga kelishi mumkin bo‘lgan Gruziyalik turistlar ham yutqazmoqda. Gruziyaga keladigan 10 mln turistning hech qursa 1 foizi O‘zbekistonga kelishini tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki potensial Gruziyalik yoki Gruziyaga kelgan turist havoshkadan 250 dollarga bilet olib Toshkentga kelgandan, 100 dollarga Yevropaga borib kelish biletini sotib oladi.

O‘ylaymanki, bosh vazirimiz oldida o‘tirgan transport vaziri Mahkamovga shu savollarni berishadi .

Darvoqe, Air Geo Sky aviakompaniyasi 26 martdan boshlab Tbilisi-Toshkent-Tbilisi aviareyslarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgandi. Lekin O‘zbekiston tomoni bunga ro‘yixushlik bermaganmi, rejalar amalga oshmay qolgan.

Mahkamov va uning yetovidagi havoshka o‘zbekistonliklarga va O‘zbekistonga qancha ziyon yetkazayotganini bilish uchun uzoqqa bormay, Gruziya o‘z osmonini qanday ochganini o‘rganib ko‘rish kifoya bo‘ladi.

2023 yilning olti oyida Gruziyaga borayetgan O‘zbekistonliklar soni kamaygan

Qarangki, hozirgina, Gruziyaga xorijdan tashrif buyurayotgan turistlar statistikasi eʼlon qilindi. Unga ko‘ra, 2023 yilning olti oyida Gruziyaga kelgan jami inturistlar soni o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 75,9 foizga yoki 1,2 mln.ga ko‘proq bo‘lgan.

Ushbu davrda Gruziyaga keluvchilar soni faqat ikki davlatdan kamaygan. Ulardan biri Ukraina (-3863). Ikkinchisi esa O‘zbekiston (-2082).

Hatto yopiq Turkmanistondan ham Gruziyaga tashrif buyuruvchilar ko‘paygan.