Yangi O‘zbekiston va ochiqlik kalimasi ishlatila boshlaganining oltinchi yilida mazmun tashimaydigan, tahlil uchun yetarli bo‘lmagan, lekin shakl beradigan statistika bilan chalg‘itish rosa avj oldi. Bu bilan go‘yoki ochiqlik siyosati davom etmoqda. Statistika qo‘mitasi buning rosa hadisi olgan. Qolganlar endi o‘rganmoqda.
Lekin bu hammasi maqsadli yolg‘on. Kamida illyuziya yoki ruschasiga aytganda podmena.

Qurilish sohasidagi eng yirik soliq to‘lovchilar bilan bog‘liq mana bu infografikadan iborat statistika ham shu jumladan. Buni ko‘rgan 99% axborot isteʼmolchisi, ha, shuncha so‘ksak ham qurilish kompaniyalari soliq to‘lamoqdaku baribir degan tasavvurga boradi, shu tasavvur uning shuuriga singadi.
Lekin bu axborotning dinamika va quyi mundarijasi eʼlon qilinmasa, bir tiyinga qimmat, yaʼni hech narsa haqida hech narsa ekanini faqat juda kam sonli zakiylar tushunadi. Zotan agar dinamika va soliqlar tarkibidan iborat mundarija eʼlon qilinsa, usha tepadagi qolgan 99% axborot oluvchida ham million savol paydo bo‘ladi. Shuning uchun na dinamika beriladi, na batafsil tarkib ochiqlanadi.
Infografikadagi maʼlumotlarga nisbatan ishonchsizligingiz mustahkamlanishi uchun, Sizga shpargalka va kalit so‘zlar beraman.
Birinchidan, bu kompaniyalarning aksariyati byudjetxo‘r, yaʼni davlat buyurtmalarini konkurssiz yoki kelishilgan raqiblar ishtirokidagi sparring auksionlar orqali o‘zlashtiruvchilar hisoblanadilar.
Ularning bir nechtasi o‘zaro affillangan, yaʼni bir cho‘ntakka xizmat qiladi, lekin ro‘yxatga qarasangiz o‘zaro raqobatchidek.
Ikkinchidan, ro‘yxatdagi summalar asosan QQS hisobiga shishgan. Yaʼni bu soliqlarni qurilish kompaniyalari emas, aslida isteʼmolchilar, yaʼni sizlar to‘lagansizlar.
Uchinchidan, ro‘yxatda keltirilgan kompaniyalarning har biri hech bo‘lmaganda bitta soliq imtiyoziga ega. Foyda solig‘idan, mol mulk va yer solig‘idan, import bojlardan va hatto QQSdan ham. Bular nafaqat byudjet emuvchilar, balki soliq imtiyozlarining asosiy o‘zlashtiruvchilari ham.
To‘rtinchidan, yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekistonda jami 105 trln. so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Ro‘yxatdagilarning qancha qurilish ishlari amalga oshirgani atayin eʼlon qilinmagan, agar eʼlon qilinsa to‘langan soliqlar jami qurilish ishlariga nisbatan qanchalar darajada past ekanini kalkulyatorsiz ham hisoblay olasiz.
Va beshinchidan, yodda tuting, O‘zbekistonda qurilish sohasi yashirin iqtisodiyot eng gurkiragan soha hisoblanadi va bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yilgan.