2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Balki bu Rossiya gazi importini oshirish uchun qo‘llanilayotgan maxsus dasturning bir qismidir.
Nima bo‘lganda ham, 2024 yil yanvarda gaz qazib olish qisqarishi to‘xtamagan va endi beshinchi yil ketma-ket davom etmoqda. Bundan 5 yil avval yanvar oyida hozirgidan 1,3 mlrd.kub ko‘p yoki 5,2 mlrd.kubdan ziyod gaz qazib olinganini tasavvur qilish, masalan, o‘zi yo‘q gazga navbatda turgan haydovchiga yoki oshini pishira olmayotgan uy bekasiga hozir juda qiyin. Go‘yoki gaz qazib olishni oshirish uchun tashqi qarz va suveren zaxiralardan yo‘naltirilgan milliardlab, banki o‘nlab milliard dollar qayoqqa ketganini bugun so‘raydigan odam yo‘q.
Shunday qilib, energetik cho‘kish hattoki 2023 yilning krizisli yanvariga nisbatan ham davom etadi:
- Tabiiy gaz qazib olish 3 994,6 mln.kubgacha pasaygan (-317,3 mln.kub);
- Neft 60,5 ming tonna (-4,0 ming tonna);
- Ko‘mir 357,8 ming tonna (-57.2 ming tonna);
- Dizel 50,2 ming tonna (-0,3 ming tonna);
- Benzin 124,6 ming tonna (-15,0 ming tonna).
Energetik cho‘kish o‘z yo‘liga, ishlayotgan sanoat korxonalari 68 691 (-25 251)taga, pandemiyadan oldingi darajagacha kamayib ketganiga qaramay, sanoat ishlab chiqarishning fizik hajmi o‘sishi 16.6%ga yetgan.
Yanvarda gaz eksporti ham, importi ham karrasiga oshgan
2024 yilning ilk oyida O‘zbekiston 21 mln.dollarlik gaz eksport qilgan. Gaz importi esa 35,6 mln.dollarni tashkil etgan. Har ikki ko‘rsatkich o‘tgan yilning yanvariga nisbatan karrasiga ortgan.
Taʼkidlash kerakki, gaz importi 2023 yilning dekabriga nisbatan 3,7 barobariga kamaygan. Maʼlumot uchun, 2023 yilning oxirgi oyida 132,2 mln.dollarlik gaz import qilingandi. Agar shimoldagilarni do‘stlarni gapiga ishonilsa va dekabrda kuniga 18 mln.kubdan gaz import qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston bir kub olabo‘ji gazini 245 dollardan olayotgan bo‘lishi mumkin.
Yanvarning tashqi savdosi umumiy kartina yasamasada, 45,5%dan ortiq savdosi Xitoy va Rossiya hisobiga to‘g‘ri kelganini, Turkiya va qo‘shni davlatlar bilan savdo hajmi muttasil qisqarishda davom etayotganligini tashvish bilan yana takrorlashga to‘g‘ri keladi.
Geografik afzallikka nisbatan logistik taqsimot juda yomonligicha qolmoqda. Importda eng shimoliy hududimiz Qoraqalpog‘iston va eng janubiy viloyatimiz Surxondaryoning ulushi 0,6%dan kam darajada qolmoqda.
