O‘zbekiston Rossiyani chetlab o‘tib, Yevropaga birinchi yuk poyezdini jo‘natdi.
16 dekabr kuni O‘zbekistondan Yevropaga O‘rta yo‘lak (Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi) bo‘ylab birinchi konteyner poyezdi jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati.

Yuk poyezdi mis konsentrati ortilgan 46 vagon va 91 dona 20 futlik konteynerdan iborat. Konteyner poyezdi uzunligi 4000 km dan ortiq bo‘lgan “O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Bolgariya/Yevropa” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi.
“O‘rta yo‘lak” deb nomlanuvchi yo‘nalish Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziya, shuningdek, temir yo‘l paromlari orqali Kaspiy va Qora dengizlarni kesib o‘tadi, deya qayd etmoqda Reuters.
Taʼkidlash lozim, Bryussel O‘rta yo‘lakni Rossiya orqali o‘tuvchi anʼanaviy Shimoliy Yevropa-Osiyo temir yo‘l yo‘liga muqobil sifatida ilgari surmoqda.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) noyabr oyida Rossiyani chetlab o‘tib, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk tashish yo‘nalishlarini rivojlantirishga milliardlab yevro sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan.