Tolibon samolyotlar qaytarilmasa, oqibatlar bilan tahdid qildi

Tolibon O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylarini ushbu davlatlarga olib ketilgan afg‘on samolyotlari va vertolyotlarini qaytarishga chaqirdi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Yoqubning aytishicha, agar murojaat yo‘llangan davlatlar buni amalga oshirmasa, “ularni buni oqibatlari kutmoqda”.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Yoqub Mujohid Mavlavi O‘zbekiston va Tojikistondan avvalroq bu davlatlarga olib chiqib ketilgan harbiy samolyotlarni qaytarishni talab qildi. Bu haqda u seshanba kuni Kobulda harbiy-havo kuchlari mashg‘ulotlarini vaqtidagi marosimda maʼlum qildi, deb yozadi TOLOnews.

Gap Tolibon hokimiyatga kelganidan so‘ng afg‘on harbiylari qo‘shni davlatlarga olib qochgan samolyot va vertolyotlar haqida ketmoqda.

Muhammad Yoqub agar davlatlar harbiy texnikani qaytarib bermasa, “ularni oqibatlarga duch kelishlari” haqida ogohlantirdi. “Tojikiston yoki O‘zbekistondagi samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz ushbu samolyotlarning xorijda qolishiga yoki ushbu davlatlar tomonidan foydalanishiga ruxsat bermaymiz”, dedi u.

Mamlakat Mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, avvalgi hukumat qulaganidan keyin qo‘shni mamlakatlarga 40 dan ortiq vertolyot olib ketilgan.

Maʼlum qilinishicha, seshanba kuni Rossiyada ishlab chiqarilgan, texnik nosozliklar tufayli foydalanilmay qolgan bir qancha vertolyotlar taʼmirlanib, namoyish qilingan. “Kelajakdagi havo kuchlarimiz hech qaysi davlatga bog‘liq bo‘lmaydi”, dedi mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi.

TOLOnews nashrining aniqlik kiritishicha, Afg‘onistonda avvalgi hukumat qulagunga qadar 164 ta jangovar samolyot bo‘lgan, hozirda atigi 81 ta. Qolgan texnika boshqa davlatlarga olib chiqib ketilgan.

Yanvar oyi boshida Tolibon harakati matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulloh Samangoniy Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakillari O‘zbekiston va Tojikiston bilan aviatsiya texnikasini mamlakatga qaytarish bo‘yicha muzokaralar boshlaganini aytgan edi.