Xitoyning Afg‘onistonda neft va yo‘ldosh gaz qazib olish rejalari Markaziy Osiyoning ekologik va siyosiy xavfsizligiga tahdid soladi, deb ogohlantirmoqda tahlilchilar.

Xitoyning Afg‘onistondagi Amudaryo havzasida neft va yo‘ldosh gaz qazib olish bo‘yicha kelishuvi Markaziy Osiyodagi kuzatuvchilarda xavotir uyg‘otmoqda.
5 yanvar kuni Kobul hukumati va Xinjiang Central Asia Petroleum and Gas Co. kompaniyasi (CAPEIC) o‘rtasida shimoliy Sari-Pul, Juzjon va Faryob viloyatlaridagi 4500 kvadrat kilometrlik hududdan neft qazib olish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
25 yilga mo‘ljallangan shartnoma Afg‘onistonda neftni qayta ishlash zavodi barpo etilishini ham ko‘zda tutadi.
Juzjon O‘zbekiston va Turkmaniston bilan, Faryob esa Turkmaniston bilan chegaradosh.
Amudaryo havzasida taxminan 87 million barrel xom neft zaxirasi borligi taxmin qilinadi.
Loyiha doirasida 3000ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda, dastlabki uch yilda unga 540 million dollardan ortiq sarmoya kiritiladi.
Afg‘oniston yangi korxonada 20 foiz ulushga ega bo‘ladi va dastlab foydaning 15 foizini oladi. Shartnomaga ko‘ra, keyinchalik Afg‘onistonning ulushi 75 foizga yetishi mumkin.
Xorijiy investorlarning Afg‘onistonda o‘z biznesini rivojlantirishiga ko‘proq ishonch berish uchun, ikki mamlakat «loyihani Xitoy-Afg‘oniston hamkorligining muvaffaqiyatli modeliga aylantirish uchun birgalikda ishlashi va yaqin hamkorlik qilishi lozim», dedi Xitoyning Afg‘onistondagi elchisi Van yu shartnomani imzolash marosimida.
“Xitoy va Afg‘onistonni tog‘lar va suv bog‘lab turadi, ularning taqdiri ham bir”, dedi u.
Mamlakat bilan umumiy chegarasi atigi 76 km ekanligiga qaramay, Xitoy anchadan beri Afg‘onistonni asosiy qazilma boyliklar manbai sifatida ko‘rib kelgan.
Afg‘onistonda neft va gazdan tashqari temir rudasi, mis, litiy, niobiy, kobalt, oltin va molibdenning katta zaxiralari mavjud.
CAPEICning bosh kompaniyasi, Xitoyning davlatga qarashli Xitoy milliy neft korporatsiyasi (CNPC) 2011 yilda xuddi shu Amudaryo loyihalari bo‘yicha shartnoma imzolagan, biroq oradan yillar o‘tib, kechikishlar va siljish bo‘lmagani sababli shartnoma bekor qilingan.
Muammo nimada?
Amudaryo havzasida ekologik meʼyorlarga rioya qilmay neft va yo‘ldosh gaz qazib olish Afg‘onistonning shimoldagi qo‘shnilariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda bo‘lgan Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchilar.
Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tashkiloti rahbari Alisher Ilhomovning fikricha, kelishuv 2011 yilgi shartnomaning qayta jonlantirilgan versiyasidir.
Bir tomondan, Afg‘onistonda «mamlakat energetik mustaqilligini maksimal darajada mustahkamlashni istayotganlarning ambitsiyalari tushunarli va mutlaqo qonuniy», dedi u Karvonsaroyga.
“Ammo boshqa tomondan, atrof-muhit xavfsizligi nuqtai nazaridan qo‘shnilarning manfaatlarini ham hisobga olish kerak, ayniqsa, Amudaryo butun mintaqani suv bilan taʼminlaydigan ikkita asosiy arteriyadan biri ekanligi inobatga olinsa”, dedi Ilhomov.
Amudaryo havzasidagi har qanday iqtisodiy tashabbus mintaqa davlatlarining suv taʼminotiga qanday taʼsir qilishini o‘rganish uchun ikki yoki ko‘p tomonlama qo‘shma ekspertiza o‘tkazish zarur, dedi u.
Avvalgi korxonalar, xususan O‘zbekiston paxta sanoati bu ishni qila olmagan, dedi u.
“Natijada Orol dengizining butkul qurishi, Amudaryo quyi oqimining… paxta dalalaridan to‘plangan pestitsidlar va tuzlar oqimi bilan ifloslanishi kuzatildi”, dedi u.
Yaxshi qo‘shnichilik ruhida qo‘shma ekologik ekspertiza o‘tkazish uchun barcha tegishli davlatlarning birlashishi vaqti keldi, dedi u tahlilchilar Xitoy va Afg‘oniston o‘rtasidagi kelishuvni xalqaro huquq nuqtai nazaridan baholashi kerakligini qo‘shimcha qilib.
“Ammo bir narsa aniq… hozirda Xitoy hech bo‘lmaganda iqtisodiy jabhada Kobulning asosiy hamkori bo‘lishga harakat qilmoqda“, dedi u.
Shuningdek, ko‘pgina tahlilchilarning aytishicha, Xitoy Afg‘onistonni iqtisodiy va siyosiy jihatdan Pekinga qaram qilib qo‘yishga urinyapti, shunda u dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida qilgani kabi mamlakatning qazilma boyliklaridan foydalanishi mumkin.
“Xitoyga baribir”
Xitoy rejimi pragmatik, deydi toshkentlik iqtisodchi Javlon Jo‘rayev. “Uning o‘z iqtisodiy, shu jumladan energetik xavfsizligini kafolatlashdan boshqa prinsipi yo‘q, investor o‘laroq Xitoyga mamlakatingizda inson huquqlari qay holatda ekani yoki atrof-muhitni muhofazalashga oid qanday qonunlar qabul qilingani unchalik qiziq emas. Kerak bo‘lsa, mansabdor shaxslarga pora berishadi. Ular o‘z investitsiyalarini himoyalash uchun hamma narsaga tayyor”. Shu nuqtai nazardan, neft loyihasi mahalliy aholi uchun foyda keltirmaydi, deydi Jurayev.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining (IFAS) Toshkentdagi agentligi direktori Vadim Sokolov: “Xalqaro suv qonunchiligiga ko‘ra, davlat transchegaraviy suvlardan o‘z hududiga suv olishda boshqalar bilan kelishishi shart emas. Qo‘shnilaringizni xabardor qilish kifoya. Albatta, bu Amudaryo havzasi ekologiyasiga taʼsir qiladi, ammo qay darajada – bu nomaʼlum”/
AQSHda yashovchi o‘zbekistonlik siyosatchi Nigara Hidoyatova: “Loyiha aholining ko‘pchiligi qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston kabi qo‘shni davlatlar ekologiyasiga taʼsir qiladi va zarar keltiradi. Keyingi o‘n yilda bu mamlakatlarga qurg‘oqchilik xavf soladi va ular neft hududlarining o‘zlashtirishi qanday ziyon keltirishi haqida o‘ylashlari tabiiy. Lekin Xitoyga buning qizig‘i yo‘q. Bu loyiha avantyuradan battarroq. U iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas. Lekin Xitoyga Afg‘onistonda o‘z bayrog‘ini o‘rnatish muhimroqqa o‘xshaydi”.