Iqtisodiy o‘sish aprelda yana-da “tezlashgan”, lekin…

Rasmiy statistikaga ko‘ra, yanvar-aprel oylarida sanoat ishlab chiqarish fizik 5,0%ga, chakana savdo tovar aylanmasi 6,4%ga, qurilish ishlari 4,6%ga, bozor xizmatlari 11,6%ga o‘sgani qayd etilgan. Dastlabki uch oydagi ko‘rsatgichlarga nisbatan solishtirganda, sanoatdagi o‘sish 0,9% bandiga, chakana savdoda 1,2% bandiga, bozor xizmatlari bo‘yicha 0,7% bandiga tezlashgan.

Iqtisodiyotning boshqa sektorlari bo‘yicha statistika choraklik tarzda eʼlon qilinadi.

Avvalroq iqtisodiyot chuqur qisqarishdan keyin mart oyida birdan moʻjizaviy tarzda tezlashib ketgani haqida maʼlum qilgan edik.

Moʻjizaviy “iqtisodiy o‘sish”ga qaramay faoliyat ko‘rsatayotgan biznes subyektlar soni keskin qisqarmoqda

Iqtisodiy o‘sish o‘zidan o‘zi amalga oshmaydi. Uni biznes subyektlar, eng avvalo faoliyat ko‘rsatayotgan biznes subyektlar yaratadi.

Biznes subyektlar bo‘yicha statistika esa O‘zbek statistikasi eʼlon qilayotgan moʻjizaviy “iqtisodiy o‘sish” ko‘rsatkichlariga nisbatan qator savollarni qo‘yadi.

Demak, o‘tgan yilning tegishli davri bilan solishtirilganda ro‘yxatga olingan korxonalar va tashkilotlar soni 69 700 taga, 653 498 tagacha oshgan, lekin ulardan faoliyat ko‘rsatayotgani 59 940 taga, 488 761tagacha qisqargan.

Boshqacha aytganda, o‘tgan yilning shu vaqtida o‘rtacha 7% korxonalar ishlamagan bo‘lsa, shu kunlarda 25%dan ko‘proq korxonalar faoliyat ko‘rsatmayapti.

Kichik biznesdagi ahvol esa undan ham badtar. O‘rganilayotgan davrda ro‘yxatga olingan kichik biznes subyektlari soni 67 782taga, 581 244tagacha ortgan, lekin ishlayotgan kichik biznes subyektlari soni 58 856taga, 422 282tagacha qisqargan.

O‘tgan yili 6%dan ko‘proq kichik biznes faoliyat ko‘rsatmagan bo‘lsa, hozirda 27%dan ko‘proq kichik biznes faoliyatini to‘xtatgan.

Bu raqamlar nimadan dalolat beradi?

Birinchidan, yaxshi gumonga borib iqtisodiy o‘sish yuz bermoqda, deb hisoblagan taqdirda ham, mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish konsentratsiyalashuvi ortmoqda. Ochiqchasiga aytganda, xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi ochofat oligarxiya va monopoliyalar bozorni o‘zini qilib olishda, qator segmentlarni ajdarhodek yutib yuborishda davom etishmoqda. Sonda ko‘p bo‘lgan o‘rta va kichik biznes bozordan surib chiqarilmoqda.

Ikkinchidan, soliq yukini sanoqsiz imtiyozlarga ega o‘g‘ri oligarxiya va nomenklaturaga yaqin subyektlardan kichik biznes ustiga ag‘darish siyosati davom etayotgani mazkur segmentni soyaga o‘tishga qaror qilishini yana-da tezlashtirgan. Biznes ro‘yxatda bor, lekin rasmiy faoliyat yo‘q.

Uchinchidan, buniyam tan olish kerak, O‘zbekistonda biznes ochish oson, bu minutlar ichida ro‘y beradi. Lekin uni tugatish tadbirkorlarga it azobini beradi. Bu jarayon atayin va ongli ravishda qimmatlashtirilgan, qiyinlashtirilgan va korrupsiyalashtirilgan. Shuning uchun biznes profilida yo boshqa sabab tufayli faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lgan tadbirkor uni yopmay qo‘ya qoladi.

Nima bo‘lgandayam, vaziyat biznesning kayfiyatiga quloq solishga undaydi. Chiroyli raqam to‘qiydigan ijodkorlarning hisobotlarga tayanib emas, bozor ishtirokchilari ro‘para kelayotgan muammolarni xolis tan olgan holda qaror qabul qilishga o‘tish vaqti keldi.

Avvalroq o‘rta sinfning negizi bo‘lgan kichik biznes degradatsiyasi qanday yuz berayotganiga to‘xtalgan edik.