Rossiya armiyasi uchun Kreml ishlab chiqargan reklama ijtimoiy zaif, taʼlim olmagan, chorasiz qolgan va puldan qiynalgan 20-50 yosh orasidagi erkaklarni nishonga oladi.
Omadi chopmagan erkaklarni Rossiya armiyasida ko‘ngilli bo‘lib qo‘shilishga o‘tishga chaqirayotgan reklamada chuqur maʼno bor, deydi tahlilchilar.
Aniqroq qilib aytsak, ikki metr chuqurlikdagi, lekin biroz torroq. Bu zaminda, boshqacha qilib aytganda yer tagida bu erkaklardan qoladigan narsa shu, xolos.
Chorasiz qolgan Rossiya Ukrainaga muvaffaqiyatsiz bosqin uchun yangi to‘p yemi bilan izlashda davom etar ekan, qurbonlar soni ortib boryapti.
Albatta, reklamalar achinarli haqiqat haqida lom-mim demaydi, aksincha harbiy xizmatning afzalliklari, eng muhimi, ularning moliyaviy shartlari taʼkidlanadi.
“Kreml o‘limi mamlakatga hech qanday taʼsir qilmaydigan erkaklarni urushga jalb qilishga urinyapti”, deydi dezinformatsiyaga qarshi kurashuvchi «Stratcom Georgia» nodavlat tashkilotining asoschisi, tbilisilik Georgiy Molodini internetga chiqqan ko‘ngillilar haqidagi videolarni tomosha qilib.

“Bular quyi ijtimoiy tabaqaga mansub erkaklar. Bu videolarni yuzaki tahlil qilib chiqsangiz ham, tashviqotchilarning maqsadini ko‘rishingiz mumkin: 20-50 yoshlar orasidagi puldan qiynalgan, oilasi va ishida mushkul vaziyatga tushgan va ilojsiz qolgan erkaklarni topish”, deydi u.
Internetda Rossiya armiyasi safiga qo‘shilish jozibasi haqida 10 tacha video bor.
Reklamalarning sayoz ishlangani hisobga olinsa, rossiyalik reklama ishlab chiqaruvchilar professionallik tomonidan juda past ketishgan yoki buning aksi, ular o‘zining maqsadli auditoriyasini yaxshi biladi va uni nishonga olgan: butun kampaniya faqat pul haqida. Agar armiyaga qo‘shilsangiz, misli ko‘rilmagan katta pul ishlab topasiz.
“Haqiqiy erkak” maqomi
Videolarning biridagi Sasha barcha maʼnoda omadsiz multiplikatsion qahramon. Uning Petya ismli do‘sti bor. Petya aqlliroq. Reklamaga ko‘ra, u «shafqatsiz hayot changalidan chiqib, o‘z hayotini o‘zgartiradi. Petya armiyaga ketadi».
Sasha unga quloq soladi va “u xayoliga kelmagan miqdorda pul ishlab topadi, endi uning yangi karyerasi, yangi do‘stlari, hayot pog‘onalaridan ko‘tarilish uchun imkoniyatlari, tibbiy imtiyozlari bor. Shuningdek, unda veteran maqomi va u bilan birga keladigan hurmat-izzat bor”, deyiladi videoda.
Sho‘rpeshonaning o‘zgarishi haqidagi taʼsirli voqea asosiy xabar bilan yakunlanadi: “Sasha haqiqiy erkak!”
Keyin esa Grisha, uni qo‘llarini sindirish bilan tahdid qilgan kollektorlar izlab yurishibdi, ammo ulardan bir parcha qog‘oz: armiya shartnomasi bilan qutulish mumkin.
Bu video qulog‘igacha qarzga botganlarni nishonga oladi. Ular yangi qonunga ko‘ra, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan xar qanday kishi kredit taʼtilini olishi aytilmoqda.
“Armiyaga qo‘shilsangiz, qarzlar girdobidan aniq qutulasiz”, deyiladi reklamada.
Boshqacha aytganda, tajovuzkorlik urushida hayotingizni xavf ostiga qo‘yar ekansiz, hech kim qarzingiz yoki foizini talab qilib kelmaydi.
Omon qolsangiz, qarzni to‘lashingizga to‘g‘ri kelishi shama qilingan. O‘lsangiz, qarzlaringiz oila aʼzolaringizga qoladi, ammo ular qarzni to‘lash uchun kattagina tovon puli olishadi.
Kamida bitta videoda boylikdan ko‘ra insoniy qadriyatlarga ko‘proq eʼtibor qaratilgan.
Bu reklamada, yosh bank xodimi sentyabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin buyruq bergan safarbarlikdan Gruziyaga qochib ketadi. Uning dono qo‘shnilari esa “yosh bolalar qochib ketishdi, ammo haqiqiy erkaklar qoldi”, deb aytishadi.
Bu yerdagi maʼno shuki, «haqiqiy erkaklar» urushdan qochmaydi. Ular masofadan ishlash uchun Gruziya, Qozog‘iston yoki Mongoliyaga ko‘chib ketishmaydi. Kelajakda ona vatani ularni ko‘krak nishonlari, shuningdek “maxsus harbiy operatsiya” haqida butun umrga tatigulik xotiralar olishlari uchun jangga yuboradi.
Bu urushda omon qolishni kutmayotganlar esa, agar davlat ularni “bedarak yo‘qolgan” deb emas, balki ularning o‘lganini tan olsa, oila aʼzolariga oq Lada berilishidan ko‘ngillari xotirjam bo‘lishi mumkin.
Rossiya va Sovet tashviqoti
Rossiya tashviqoti doim ham bunday sodda bo‘lmagan.
Sovet rejimi ostida yashaganlar uning tashviqot mashinasi, ayniqsa armiyasini ulug‘laganligining ko‘lami va qudratini eslashadi.
Masalan, Ikkinchi jahon urushi davridagi mashhur “Ona vatan chaqirmoqda” degan plakat hali xam vatanparvarlarni junbushga keltiradi.
Sobiq Sovet hududida yashovchilarning ko‘pchiligi uni chizgan rassom, gruziyalik Irakli Toidze (1902-1985) haqida eshitgan.
Uning jiyani Kommunikatsiya resurslari markazi nodavlat tashkiloti rahbari David Amiredjibi Karvonsaroy so‘roviga ko‘ra bu reklamalarni ko‘rib chiqdi. Kampaniyaning umumiy kayfiyati uni ajablantirmadi.
“Rossiya va boshqa sobiq respubliklardagi Sovet ittifoqi davri elitasi yo‘q bo‘lmas ekan, u ham parchalanmaydi”, deb aytgan u.
Videoreklamalarning hech birida ularga kim buyurtma bergani haqida hech qanday maʼlumot yo‘q, ammo o‘z tomoshabinlarini o‘limga chaqirayotgan reklama ortida Rossiya hukumati turganini tasavvur qilish qiyin emas, deydi u.
“Rossiyaning zamonaviy urush tashviqoti o‘z xalqiga nisbatan beadabligi bilan ajralib turadi”, deydi professional psixolog Ameridjibi.
“Bunday reklama asosiy maqsad Sovet davri elitasini qutqarish bo‘lgan urushda qurbon bo‘lishlariga olib keladi. Bu zolim imperiyani qayta tiklashga harakat”.
Auditoriyaga mos reklama
Reklamaning jo‘nligi ko‘p narsadan darak beradi, dedi Molodini.
“Bunday reklamalarning auditoriyasiga kreativlik kerak emas”, dedi u. «Asoslar keltirish yoki ijtimoiy psixologiyaga chuqur kirishning hojati yo‘q. Hammasi oddiy: tirik qolsang, pul va obro‘ga ega bo‘lasan.»
“Boshqa tarafdan, yaxshi reklama uchun vaqt va pul kerak,” deydi u. “Ukrainaning harbiy yutuqlari bu ustunlikni Rossiyadan tortib olmoqda”.
Reklamaga ko‘ra, ko‘ngilli xizmat kontrakti o‘z fikrini dadil ifodalash yoki qalbdagi kechinmalarni to‘kib solish imkonini beradi.
“Sergeich, men senga bir narsani anchadan beri aytmoqchi bo‘laman: sen ochko‘z razilsan!”, deydi boshqa bir reklamaning qahramoni o‘zining menejeriga.
Bu reklamalarda ayrim bahsli qahramonlar bor. Ulardan biri Seryoga, u beparvolik bilan podasini va otasining uyini sotib yuboradi. Frontdan qaytganidan keyin esa bolalikdagi do‘stlarining havasini keltirib, Rossiyaniki bo‘lmagan Ford rusumli mashina sotib oladi.
Yana bir reklamada zavoddan oyligini ololmagan ota qiziga eng so‘nggi rusumdagi iPhone telefonini olib berish uchun ko‘kragini NATO o‘qlariga tutadi.
Darvoqe, bir necha oy avval iPhone ham, Ford ham Rossiya bozoridan chiqib ketayotganini eʼlon qilgan.