Rossiyaning kelajagi haqida ikki xil ekstremal qarash borga o‘xshaydi.

Biri — bu «Rossiyaga deyarli hech nima o‘zgarmaydi, hayot xuddi 2014 dan keyingidek davom etadi va sanksiyalar bu shovqin» degan qarash. Ikkinchisi — «bir necha oyda Rossiyada ocharchilik boshlanadi va bu siyosiy o‘zgarishga va mamlakat to‘kilishiga olib keladi» degan qarash.

Birinchisi aniq xato ekanligini ko‘rmoqdamiz — daromadlar tushadi, ishsizlik va inflyatsiya oshadi. Yaʼni Rossiyaliklar iqtisodiy qiynalishi tabiiy. Kambag‘allik kamida ikki barobarga oshadi va eng iqtidorli qatlam iloji boricha tezroq mamlakatni tark etishga harakat qiladi.

Ikkinchi ssenariy ham xato bo‘lishi ehtimoli baland — agar Rossiya hukumati boshqa xatolar qilmasa — ocharchilik va mamlakat to‘kilib ketmasligini taʼminlashi mumkin va unchalik qiyin emas. Qandaydir maʼnoda, yomon hayotga odamlar ko‘nikishadi — chunki boshqa iloji ham yo‘q. Agar qattiq narx nazorati va importni cheklovchi choralar ko‘rishmasa — ocharchilik bo‘lmasligi deyarli kafolatlangan. Rossiya hali ham ko‘p neft va gazi bor (uni qazib chiqarish qimmatlashsa ham), uni ikkilamchi bozorlarda o‘rtakashlar orqali katta diskontga sotib kun ko‘ra oladi. Yoki diskontga, pul kelishi uchun sotadi, masalan, necha yildirki, Rossiya zarariga Xitoyga gaz sotadi, endi shu zarar koefitsenti ko‘payadi va neftga ham taalluqli bo‘ladi. To‘g‘ri, bu yaxshi hayot emas, lekin ocharchilik va mamlakat to‘kilishini oldini olish uchun yetarli. Eng muhimi — ijtimoiy tartibga masʼullarning daromadlari, yaʼni xavfsizlik xizmatlari va politsiyaning daromadlari nisbiy ravishda tushib ketmasa — tuzum ancha barqaror bo‘la oladi. Insonlar, ayniqsa axborot olish imkoniyatlari cheklangan insonlar, juda uzoq muddat ichida eng vahshiy, qashshoq va erksiz tuzumni chiday olishadi. Masalan, Shimoliy Koreyada ocharchiliklar bir necha marta bo‘lganiga qaramasdan — tuzim hali ham barqaror. Yaʼni uzoq muddatda ham bunday tuzumlar yashay oladi. Rossiya esa, albatta Shimoliy Koreya emas.

Rossiya Eron va Shimoliy Koreyadan ko‘ra ancha yaxshiroq ahvolda — birinchidan sivilizatsiya bilan ulaydigan katta og‘asi bor. To‘g‘rirog‘i, hozir mavjud emas hali, endi bo‘ladi. Shimoliy Koreya Xitoy uchun jo‘yali biror narsa taklif qila olmaydi — Rossiya esa ko‘p tabiiy boyliklarini juda arzon narxda yagona xaridorga taklif qilib, evaziga kerakli texnologiyalar va ocharchilikni oldini olishga yetarli boshqa narsalarni ola oladi.

Umuman olganda, men pessimistik ssenariyni ham optimistik ssenariyni ham realistik deb bilmayman.

O‘ylaymanki, uzoq muddatda, Rossiya o‘rta daromadli, dunyo bilan integratsiyalashuvi ancha cheklangan, juda harbiylashgan, erkinliklar ancha qisqargan va Xitoyga juda qaram mamlakatga aylanadi. Amaldagi tuzum barqaror bo‘ladi, katta ko‘lamli ocharchiliklar ham kutilmaydi. Bunday misollar tarixda kam, lekin nazariy jihatdan imkonsiz emas. Qaytaraman, Rossiyada daromadlar shartli Eron darajasiga tushib qolishiga hali ancha bor.

Siyosiy tuzum joyida tursa, ko‘zga ko‘rinarli emas («shunga sanksiyalar taʼsiri yo‘q» jamoasi buni tez payqamaydi), lekin yildan yilga keskin regressni ko‘ramiz xolos.

manba