Shaxsiy kuzatuvlarga ko‘ra, bugun Rossiya bilan munosabatlarimiz ko‘p yomon emas. Aloqalar «teng sherikchilik, strategik hamkorlik» asosiga qurilgan va jarayon shunday ketayotganday.
Biroq ushbu konteksning ko‘zdan pana joylarida ziddiyatlar ham yo‘q emasday nazarimda. Bu asosan, Kremlning bizga hamon tepadan nazar tashlashi bilan bog‘liq. SSSR tugaganiga o‘ttiz yil bo‘lgan bo‘lsa-da, rus siyosiy elitasi tafakkuri mudom imperiyaparastlik havaslaridan ozod bo‘lgan emas: sobiq o‘lkalarda o‘zining eski diktatini tiklash va boshqalarni unga bo‘ysundirish hali ham rus tashqi, xususan, postsovet makonidagi geosiyosiy mafkurasining o‘zagini tashkil etadi.
Bugun Rossiyaga biz – O‘zbekiston tomoni olib borayotgan siyosatning baʼzi jihatlari yoqmayotgani aniq ko‘rinib qolayotir. Masalan, “Markaziy va Janubiy Osiyo” konsepsiyasi… Ushbu loyiha mintaqamizni logistik nuqtai nazardan Rossiyaga qaramligini kamaytirishi mumkin. Yoki ular buni shunday qabul qilishayotir.
Qolgan jihatlarga ham ular tomonidan o‘sha tektonik taʼsir doirasiga tushib qolmaslik uchun urunish, deb qaralayotgan bo‘lishi mumkin. Yaʼni, O‘zbekiston tomoni o‘tgan besh yillikda kelishilgan «Asr qurilishi» mamlakatda AES qurilishini «paysalga solayotir».
Bu haqda yaqinda Tashqi ishlar vazirimiz ham hali bu masala atroflicha o‘rganilishi, qo‘shni davlatlarning fikri bu borada, albatta, hisobga olinishi haqida xabar berdi. Va o‘z o‘rnida AES quriladigan Jizzax viloyatiga chegaradosh Qozog‘iston Respublikasi hududida yashovchi aholining, maʼmuriyatning ham bu boradagi salbiy munosabatini Rossiya tomoni ko‘rmayotir, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi.
Keyingi asosiy masala YEOII masalasidir. O‘zbekiston hozir ushbu tuzilmada kuzatuvchi. Aʼzolik haqida hali tugal fikr yo‘q. O‘zbek siyosatchilari ayni shu ikki faktordan unumli foydalanishayotir. Paysalga solish, toroziga solish, masalaga uncha ahamiyatli emasdek sovuqqon qarash Kremldagilarning asabini taranglashtirayotir, menimcha.
Va ular asabiy ravishda axboriy nayranglarga zo‘r berishayotir. Masalan, Prezident saylovlari natijalarini oldindan aytib tabrik yo‘llash, mamlakatning o‘zida hali rasmiy axborot chiqmasdan turib, inaguratsiyaning kuni va vaqtini aytish…
Bu ularga nima uchun kerak? Nazarimda, ko‘zlangan maqsad shuki, jamiyatda «Biz hammasini oldindan bilamiz, malakat rahbariyati biz bilan bamaslahat qiladi, bunaqa ishlarni» degan noto‘g‘ri kayfiyatni shakllantirish.
Bizni hamon mustabid yoki neokolanial o‘lka sifatida o‘zimizga ko‘rsatish, ongimizga quyish… Bu eski metod. Qolaversa, bugun u juda jo‘n o‘yinga aylanib qolgan.
Biroq bu yerda boshqa bir masala bor. Yuqorida amalga oshirilayotgan ishlar, maxfiy tutilayotgan xabarlar u yoqqa qanday chiqib ketayotir? Bu, o‘ylashimcha, juda katta va jiddiy tashvishimizdir.