Rossiya dunyoning eng yirik shakar ishlab chiqaruvchilaridan hisoblanadi. O‘tgan yili Rossiyada 5 million tonnadan ortiq shakar ishlab chiqarilgan. Mamlakat 350 ming tonnaga yaqin shakar eksport qilgan, 10 ming tonnaga yaqin import yuz bergan.
Yaʼni Rossiyada shakar ortig‘i bilan yetarli. Unda nega rossiyaliklar, ayniqsa katta yoshli rossiyaliklar shakarga bu darajada ajiotaj talab hosil qilishmoqda? Oxirgi haftada shakar narxi 12,8%ga oshgan, yil boshidan hisoblaganda shakar narxi 20,4%ga qimmatlagan. Bu rasmiy raqamlar.
Gap shundaki, Rossiyada aholining shakarga talabi faqat shakar isteʼmoli bilan bog‘liq emas. Rossiyaliklar krizis va narx oshishi kutilayotgan davrlarda samogon uchun ham shakar jamg‘aradilar. Bir kilo shakardan o‘rtacha bir litrdan sal ko‘proq samogon qaynatish mumkin. Tabiiyki turmush darajasi va daromadlari keskin pasayib borayotgan rossiyaliklar uchun 50-100 kilolab shakar jamg‘arish ularning ertangi kun kutilmalari judayam yomonligidan darak beradi. O‘tgan asrda alkogolga qarshi kurashish yuz bergan oxirgi sovet yillarida ham, 90- yillarda ham samogon quyi daromadli rossiyaliklarning asosiy “likvid valyutasi” bo‘lib xizmat qilgan.