Tojikistonda chegarani muhofaza etish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda va 2001 yildan so‘ng yuz berganidek, radikal fikrlovchi kishilar va g‘oyalarning mamlakatga kirib kelishi mumkinmi?

Parviz Mullojonov: Mendagi maʼlumotlarga ko‘ra, Tojikiston hokimiyati bugun chegarani butunlay yopish bo‘yicha bemisl choralarni ko‘rmoqda. Bu ishga qo‘shimcha kuchlar, tashkiliy va moliyaviy resurslar yo‘naltirilgan, chegarani mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha ishlar amalga oshirilgan, vaziyat keskinlashadigan bo‘lsa, KXSHT bo‘yicha ittifoqchilarga yordam so‘rab murojaat qilish yoki zaxiradagi harbiy xizmatchilarni va joylardagi talabgorlarni safarbar qilish mumkin bo‘ladi.

Aksariyat tojik ekspertlari bildirishicha, yaqin oylarda chegaradan gurros-gurros bo‘lib o‘tish ehtimoli juda kam – birinchidan, bugun toliblar Afg‘onistonda o‘z hokimiyatini mustahkamlash bilan ovora. Ikkinchidan, toliblar mamlakatga investitsiyalar jalb etish uchun o‘zining xalqaro obro‘sini mustahkamlashdan manfaatdor. Shuning uchun ular Afg‘oniston shimolida to‘planib qolgan markaziy osiyolik ekstremistlarning chegaradan yorib kirish borasidagi urinishlariga to‘sqinlik qilishi turgan gap.

Shu bilan birga, toliblar Afg‘onistonning shimolidagi  viloyatlarini zabt etishda ko‘makchi bo‘lgan joylardagi ittifoqchilaridan voz kechishi dargumon. Shuning uchun ekstremistlar mamlakatdagi bazalarini toliblarning umumiy nazorati ostida saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ularga chegarada ulkan qo‘poruvchilik qilishga ruxsat etilmaydi, lekin qo‘shni mamlakatlarga nisbatan fitna qilishni bemalol davom ettirishi mumkin. Shu maʼnoda Tojikistondagi ko‘pchilik ekspertlar taxmin etishicha, Afg‘oniston “Tolibon” rejimi davrida nafaqat mintaqada, qolaversa, undan tashqarida ham ekstremistik mafkurani tarqatishning yangi markaziga aylanib qolishi hech gap emas.

Nurali Davlatov: Toliblar rahbarligidagi Afg‘onistondan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni hisobga olib, prezident Rahmon yaqinda 20 ming zaxiradagi harbiy xizmatchi safarbar etilishini eʼlon qildi, ular xavf tug‘iladigan bo‘lsa, chegaralarni himoya qiladi.

Men Tojikistonning chegara qo‘shinlari va armiyasi shay holatda turibdi, deb  ayta olaman. Tahdid paydo bo‘ladigan bo‘lsa, Rossiya va qator qo‘shni mamlakatlar, ehtimol Xitoy ham Tojikistonga harbiy kontingentini yuboradi.

Biroq toliblar hokimiyatga kelishi bilan yana bir jiddiy xavf paydo bo‘ldi. Bu AQSH bilan NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilgandan so‘ng hosil bo‘ladigan ongning radikallashuvidir. Gap shundaki, ekstremistlar va radikallar, modomiki, toliblar dunyoning eng kuchli armiyalarini tor-mor etgan ekan, ular kurashi davomida foydalangan g‘ayriinsoniy usullardan o‘rnak olsa bo‘ladi, degan xulosaga kelishi mumkin. Unutmaslik kerakki, hozirgi dunyoda ongning radikallashuvi XX asrda bo‘lganidek, chegarani noqonuniy kesib o‘tish va maxfiy adabiyotni yashirin tarqatish bilan emas, internet orqali tarqatiladi, uni har doim ham to‘liq nazorat qilib bo‘lmaydi.

Sherali Rizoyon: So‘nggi 20 yilda Tojikistonda janub yo‘nalishidagi chegaralarni mustahkamlash bo‘yicha bir qancha choralar ko‘rildi. Tojikiston chegarachilari bir necha yil davomida har yili chegarani noqonuniy kesib o‘tish holatlari oldini olmoqda, ammo 2009 yildan so‘ng Afg‘oniston shimoliy chegaralarida chet el jangarilari paydo bo‘lishi bilan u yerda vaziyat o‘zgara boshladi va Tojikiston ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratadigan bo‘ldi.  Chet ellik jangarilarning chegaradan o‘tib kelishi ehtimoli kam, chunki: 1) ular barchasi “Tolibon” singari tashqi kuchlarga qaram, yaʼni ularni mintaqadagi o‘yinchilar qo‘llab-quvvatlamoqda va o‘sha kuchlarning tegishli ruxsatisiz bu ishga qo‘l urishi dargumon; 2) ular soni ko‘p emas, aksariyati, oilali, bola-chaqali bo‘lib ketgan; 3) Tojikiston qurolli kuchlari janubiy yo‘nalishdan bo‘lgan tahdidni qaytarish uchun yetarli salohiyatga ega.

Afg‘onistondan radikal g‘oyalarning Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga kirib kelishiga kelsak, qayd etish lozimki, O‘IH va “Jamoati Ansorulloh” “Tolibon”ning kelishuvchan mavqeiga asoslanib, mintaqa vatandoshlarini yollash harakatlarini kuchaytirishi mumkin (OAV xabariga ko‘ra, bu shu kunlarda ham yuz bermoqda), yaʼni bevosita tahdid chindir. Agar “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni mustahkamlab olsa, bu mamlakat boshqa mamlakatlardan radikal kayfiyatdagi kishilar eʼtiborini tortuvchi markazga aylanadi hamda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun muammo va tahdidlar ortib boraveradi. Shuning uchun mintaqa mamlakatlari, jumladan, asosiy o‘yinchilar ham Afg‘onistondagi voqealarning har qanday rivojlanish ssenariysiga tayyor turishi zarur va u yerdan kelayotgan xavf va tahdidlarni kamaytirib ham, yetarli darajada baholamay ham bo‘lmaydi.

Maqola havolasi