O‘zbekiston uchun 50 emas 20 gektar bo‘laveradimi?

20 aprel kuni O‘sh viloyati Qora-Suv tumanida Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumat delegatsiyasining rahbari – Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyev Savay qishloq okrugidagi Intimak qishlog‘i aholisi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida Tashiyev fuqarolarga O‘zbekiston bilan 50 gektar yer maydonini almashtirish borasida barcha tafsilotlar haqida gapirib berdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshiyev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Toshkentda 23-25 mart kunlari chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Natijada ikki mamlakat hududlarni almashish, shu jumladan Kampir-Obod suv ombori atrofidagi 50 gektar yer maydonni almashtirish to‘g‘risida protokol imzoladilar.

Ammo, xalq noroziligidan keyin u boshqa bir taklif bilan chiqdi. Qirg‘iziston O‘zbekistonga 50 emas, balki, 20 gektar maydon beradi. Eslatib o‘tamiz, dastlab Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari protokolga rioya qilish kerakligini aytgan edi. Keyinchalik O‘zbekiston bilan, xususan, Kampir-Obod suv ombori atrofidagi yerlarni almashtirish to‘g‘risidagi shartnomani qayta ko‘rib chiqishni taklif qilindi.

Qirg‘izistonda 50 gektar yerning Toshkentga berilishi yuzasidan norozilik namoyishlari 14 apreldan beri davom etmoqda. Shu bilan birga, tuman aholisining suv omborlari hududida suv resurslari va boqiladigan mollarni taqsimlash bo‘yicha savollariga, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari qirg‘iz xalqi suv resurslaridan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega ekanligini, mazkur band ikki tomonlama kelishuv to‘g‘risidagi protokolda aniq ko‘rsatilganligini taʼkidlab o‘tgan.

Qirg‘izlar bunga javoban: “Protokolni denonsatsiya qilish kerak va suv ombori yonidagi yerdan voz kechmaslik kerak” demoqda.

Xalq noroziligidan so‘ng, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari yana bir taklif bilan chiqdi.

“Menimcha, biz buni boshqacha qilishimiz mumkin – ular to‘sib qo‘ygan 20 gektar yerni almashtiramiz. 50 emas, 20 gektar. Biz shu bilan tiyilamiz”, dedi u. Tashiyev, shu bilan Intimak qishlog‘ida qolgan 30 gektarni saqlab qolish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

To‘g‘ri, Toshkent bunday shartlarga rozi bo‘lmasligi mumkin.

Sizningcha, Qirg‘iziston O‘zbekistonni yon berishga ko‘ndira oladimi?