O‘zbekistonda chegaralarni qo‘riqlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda? Mamlakatga radikal shaxslar va g‘oyalarning kirib kelish ehtimoli bormi?

CAAN saytida berilgan maqoladan olingan maʼlumotlar

Farhod Tolipov: O‘zbekiston hukumati har doim terrorchilik guruhlari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida chegara ayrim bo‘laklarini minalashtirish singari choradan tortib, davlat chegarasining butun boshli tizimini modernizatsiya qilishga qadar chegara muhofazasiga birinchi darajali ahamiyat berib kelgan. Davlat chegarasi bugungi kunda zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan, chegarabo‘yi infratuzilmasi takomillashtirilmoqda, chegarada xizmat qilish sohasida yangi kadrlar tayyorlandi.

Shu bilan birga, qo‘qqisdan mamlakat oldida ko‘ndalang bo‘lgan afg‘on qochqinlari muammosi xavfsizlikka tahdid soluvchi eski muammoni yangitdan ko‘rsatib berdi: a) qochqinlarni qabul qilish yoki qabul qilmaslik muammosi o‘rtaga chiqdi (O‘zbekiston qochqinlar masalalari bo‘yicha xalqaro konvensiyaga qo‘l qo‘ymagan); b) dunyoning boshqa mintaqalari (avvalo, Yevropa) tajribasi ko‘rsatishicha, qochqinlar muammosining nojo‘ya taʼsiri ham bor, chunki qochqin niqobi ostida mamlakatga terroristlar va ekstremistlar ham kirib kelishi mumkin; v) Afg‘oniston armiyasining qochqin harbiy xizmatchilari O‘zbekiston chegarasini o‘zboshimchalik bilan kesib o‘tgan birinchi kishilar bo‘ldi, ularning ortidan samolyotlar, so‘ngra oddiy qochqinlar keldi. Bu O‘zbekiston tarixidagi butunlay yangi va shu bilan birga, muammo keltirib chiqaruvchi vaziyat bo‘ldi.

Rustam Mahmudov: Amerika qo‘shinlari olib chiqilgandan so‘ng harbiy harakatlardan jon saqlash uchun O‘zbekistonning janubiy chegarasini kesib o‘tishga uringan tinch aholi vakillari va harbiy xizmatchilar boshog‘rig‘i bo‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston vaqtinchalik chodirli lager – jamloq tashkil etdi hamda chet mamlakatlar vatandoshlarini o‘zining aeroportlar infratuzilmasi va havo makoni orqali Afg‘onistondan olib chiqib ketishda yordam ko‘rsatdi. Chegaradagi vaziyatning bundan buyongi rivoji Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq. Radikal g‘oyalarning kirib kelishiga kelsak, ular chegaralar orqali emas, chegaralar ustidan internet orqali hech bir to‘siqlarsiz kirib kelmoqda, aynan shu yo‘nalishda intellektual saʼy-harakatlarni kuchaytirish zarur, chunki Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi radikal kuchlarning mafkuraviy tushunchalarni ommalashtirish yo‘lidagi targ‘ibot kampaniyasida kuchli unsur bo‘lishi mumkin.