Rossiya Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligini kuchaytirmoqda

Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻz harbiy hozirligini yanada mustahkamlash maqsadida tolibonlar xavfini boʻrttirib koʻrsatmoqda. Moskva bir vaqtning oʻzida toliblarni qurol-yarogʻ va mablagʻ bilan ham qoʻllab-quvvatlayotgani aytiladi.

Rossiya goʻyoki Afgʻonistondagi toliblar tahdidi sababli Markaziy Osiyodagi harbiy faoliyatini kuchaytirayotganini aytsa-da, kuzatuvchilarda Kremlning asl maqsadlari borasida shubhalar paydo boʻlgan.

Rossiya rejimi Markaziy Osiyodagi postsovet respublikalar xavfsizligidan tashvishlanayotgani bois, soʻnggi haftalarda mintaqada qoʻshma harbiy mashgʻulotlarning yirik toʻlqini kuzatilgan.

Tojikistondagi 201-harbiy bazaga joylashtirilgan Rossiya tanklari kelasi oyda oʻtkaziladigan harbiy mashgʻulotlar oldidan Afgʻoniston bilan chegara yaqinidagi poligonlarga olib kelindi, deb xabar qiladi Rossiya mudofaa vazirligi seshanba (20-iyul) kuni.

201-baza Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi hisoblanadi.Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston 5-10-avgust kunlari tojik-afgʻon chegarasi yaqinida qoʻshma harbiy mashqlar oʻtkazishni rejalashtirmoqda, deb xabar qiladi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.

Rossiya Markaziy harbiy okrugi qoʻmondoni Aleksandr Lapinning soʻzlariga koʻra, mashqlar Tojikistonning Harb-Maydon harbiy poligonida boʻlib oʻtadi.

Mashgʻulotdan koʻzlangan maqsad – “ittifoqchi mamlakatga bostirib kiradigan noqonuniy qurolli boʻlinmalarga qarshi hamkorlikdagi harbiy harakatlarni takomillashtirish”, dedi dushanba kuni Lapin.

Oʻzbekistonda 30-iyuldan 10-avgustgacha oʻtkaziladigan qoʻshma mashgʻulotlarda Rossiya va oʻzbekistonlik 1500ga yaqin harbiy ishtirok etadi.

201-harbiy bazaga joylashtirilgan Rossiyaning 1000 ga yaqin harbiy xizmatchisi oʻtgan haftadagi mashgʻulotlarda qatnashgan.

Mashgʻulot maqsadi “shiddat bilan oʻzgarayotgan vaziyatda (Afgʻonistondagi toliblarning faollashuvi nazarda tutilgan) jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni” mashq qilishdan iborat, deyiladi Rossiya Markaziy harbiy okrugi matbuot xizmati xabarida.

Ikki qiyofali Rossiya

Soʻnggi haftalarda Tolibon Afgʻonistonning shimoliy tumanlarini, jumladan Tojikistondagi Panj daryosining narigi sohilida joylashgan Qunduz viloyatidagi Sherxon Bandar chegara punktini egallab olgan.

Shuningdek, Tolibon Balx viloyatining Oʻzbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh Kaldar va Shoʻrtepa tumanlariga hujum qilgan.

Zarurat tugʻilsa, Kreml “Afgʻoniston bilan chegaradagi xavfsizlikni taʼminlashda Tojikistonga qoʻshimcha yordam” berishga tayyor, deb bayonot berishgan Rossiya rasmiylari.

Rossiya Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonni oʻz ichiga oluvchi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi (KXSHT) sheriklarining xavfsizligini taʼminlashga tayyor, deb aytgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 7-iyul kuni.

“Biz ittifoqchilarimizga qarshi har qanday tajovuzkor harakatlarning oldini olish uchun barcha vositalarni, jumladan Tojikistonning Afgʻoniston bilan chegarasidagi harbiy bazamiz imkoniyatlarini ishga solamiz”, dedi u.

Ammo, kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, Rossiya rasmiylari Markaziy Osiyoda oʻz rejalarini amalga oshirish uchun tahdidni boʻrttirib koʻrsatishga urinmoqda.

Taqvimini qoʻshma harbiy mashqlar bilan toʻldirayotgan mamlakat sifatida Rossiyaning Tolibonni turli muzokaralar uchun qabul qilayotgani va hatto ularni qurollantirayotganini oqlamasligi juda gʻalati.

Bu guruh Rossiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olinganiga qaramay, 8-iyul kuni Rossiya rasmiylari Moskvada toliblar bilan Afgʻoniston masalasi boʻyicha muzokara oʻtkazishgan.

“Tolibon delegatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralariga daxl qilmasligiga Rossiya tomonini ishontirdi, shuningdek xorijiy mamlakatlarning Afgʻonistondagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligini kafolatlashini aytdi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

“Afgʻonistonda eʼlon qilinmagan urush”

Bir necha bor Afgʻonistonda boʻlgan tojikistonlik siyosiy tahlilchi Qosim Bekmuhamedov Rossiyaning Tolibon bilan yaqin munosabatlaridan hayratda ekanini aytgan.

Hozirgi vaqtda Rossiyaning Afgʻonistondagi elchisi boʻlgan Zamir Kobulov 1995-yili yerga qulagan Rossiya samolyoti ekipajini ozod qilish maqsadida Qandahorda Tolibon asoschisi mulla Muhammad Umar bilan uchrashgan vaqtida uning ortidagi devorda Toliblarning boʻlajak imperiyasi xaritasi ilib qoʻyilgan edi, deb eslaydi Bekmuhamedov.

“Moskva va Kreml [Islom amirligi] tarkibida koʻrsatilgan edi”, dedi u.

“U oʻshanda buni sezmaganiga ishonish qiyin. Endi esa Kobulov va Rossiya Tolibonning oʻz qoʻshnilariga hujum qilmaslik haqidagi vaʼdalariga ishonmoqda.”

Ehtimol, Rossiya hukumatining bir necha yillar davomida Tolibonni jihozlash, qurollantirish va moliyalashtirish bilan shugʻullanib kelgani eng dahshatlisi boʻlishi mumkin.

Rossiya Tolibon va Afgʻonistonning gʻarbiy qismidagi Haqqoniy tarmogʻiga kamida 2015-yildan beri koʻmak berib kelayotgan boʻlishi mumkin, deyiladi xavfsizlik manbalari va mintaqa rasmiylarning 2017-yilda Salaam Times nashriga bergan intervyusida.

Bunday koʻmak, jumladan qurol-yarogʻ va oʻq-dori yetkazib berish hamda rossiyalik harbiy maslahatchilarning taʼlimi haqida avvalroq shimolda xabar qilingan edi.

“Xavfsizlik kuchlari [gʻarbdagi] jang maydonlarida toliblarning zamonaviy Rossiya qurollaridan foydalanganiga bir necha bor guvoh boʻlganlar, ular faqat Rossiya armiyasidagina bor edi”, deb aytgan Afgʻonistonning gʻarbiy mintaqalaridagi xavfsizlik manbai anonimlik sharti bilan.

“Tolibon va Haqqoniy tarmogʻi kabi terrorchi guruhlarga moliyaviy va qurol-yarogʻ koʻmagini taqdim etish orqali Moskva Afgʻoniston bilan eʼlon qilinmagan urushda ishtirok etmoqda”, deb aytgan manba.

Bu orada Rossiya rejimi yoqilgʻi sotish orqali toliblarga har oy 2,5 million dollar bergan, deb yozgan edi 2017-yilda “London Tayms” Tolibondagi manbalarga tayanib.

Kremlning qoʻrqitish taktikasi

Rossiya uchun Tolibon tahdidi mintaqani qoʻrqitish va uni oʻz orbitasiga tortish uchun qulay bahonadan boshqa narsa emas, deb hisoblaydi Olmaotada joylashgan Xavflarni baholash guruhi maslahatchisi Dosim Satpayev.

Uning aytishicha, AQSH va NATO kuchlari Afgʻonistondan chiqarilar ekan, Moskva Markaziy Osiyoda oʻz taʼsirini kuchaytirish imkoniyatini koʻrmoqda.

“Rossiya mintaqada xavfsizlik kafolati sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga Afgʻonistondan kelib chiquvchi tahdidlarni muntazam eslatib turadi”, deydi Satpayev.

Joriy vaziyatda Moskva Markaziy Osiyo davlatlari bilan KXSHT doirasida yanada yaqinroq harbiy va siyosiy sheriklikka erishish uchun Afgʻonistonni bahona oʻlaroq qoʻllamoqda.

Ammo Kreml bu davlatlarni ittifoqchi emas, balki satellit deb hisoblaydi, dedi Satpayev shu oy boshida Rossiya rasmiylari butun Markaziy Osiyo nomidan oʻzboshimchalik bilan turli bayonotlar berganini taʼkidlab.

Ommaviy axborot vositalarida AQSH qoʻshinlari Afgʻonistondan Markaziy Osiyoga koʻchirilishi mumkinligi haqida gap-soʻzlar tarqagach, 12-iyul kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Lavrov Markaziy Osiyo mamlakatlari AQSH harbiy bazalarini joylashtirishdan manfaatdor emasligi haqida bayonot bergan.

“KXSHT mamlakatlarida xorijiy davlatlar harbiylarini joylashtirishga oid masalalar tashkilot ichida konsensusni talab qiladi”, dedi u AQSHga qarashli yangi harbiy obyektlarining paydo boʻlishi mintaqadagi xavfsizlik manfaatlariga zid ekanligini taʼkidlab.

Markaziy Osiyo suverenitetiga tahdid

Lavrovning soʻzlari Rossiyaning asl maqsadi Markaziy Osiyoni himoya qilish emas, balki oʻzining geosiyosiy maqsadlarini amalga oshirish ekanligini yaqqol tasdiqlaydi, deydi Bishkekdagi Orbita.kg nashrining muxbiri Mars Abayev.

“Mamlakatlarimizda Amerika harbiy bazalari boʻlganida, ehtimol himoyamiz kuchliroq boʻlardi, ammo Rossiya bu yerda “raqiblarni” istamaydi”, dedi u.

Uning aytishicha, yaqin kelajakda Rossiyaning Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligi “barqarorlikni taʼminlash” bahonasi bilan yanada kengayishi mumkin.

Biroq, Rossiyaning mustahkam harbiy hozirligi mintaqa davlatlarining barqarorligini taʼminlash oʻrniga, ularning suverenitetiga tahdid solishi va muhim siyosiy qarorlarda hal qiluvchi bosim vositasi boʻlib xizmat qilishi mumkin, dedi u.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari ham iqtisodiy, ham mudofaa nuqtai nazaridan allaqachon Rossiyaga qaram”, deydi Abayev.

“Ammo agar bu qudratli davlat bizning hududimizda yanada koʻproq kuch va harbiy texnikaga boʻlsa, qanday suverenitet haqida gapirish mumkin?” dedi u. “Hukumatlarimiz qoʻgʻirchoqqa aylanib qolmaydimi?”.

U Rossiyaning 2014-yilda Qrimni avvaldan aynan shu maqsad uchun tuzilgan harbiy qism yordamida anneksiya qilganini eslatgan.

“Ukrainaning achchiq tajribasi bizga saboq boʻlmadimi?” dedi Abayev.